Iqtisodiy samaradorlik natijasi

13:42 06 Fevral 2025 Jamiyat
249 0

Rustam Nurmatov/“Xalq soʻzi”. Prezident Shavkat Mirziyoyev 8-aprel kuni Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida birinchi Forish tumanidagi “Basalt Uzbekistan” klasteri faoliyati bilan tanishgandi. Forish hududi boʻyicha viloyatda eng katta tuman. Lekin yerdan foydalanish samaradorligi ancha past edi. Adir va yaylovlarda, asosan, chorva boqilib, sanoat korxonasi yoʻq edi. Yetti yil avval Forishga sanoat kirib keldi — Olmossoy konidan bazalt toshini qazib olib, undan tola tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Noyob, innovatsion texnologiya asosida qurilish sanoati uchun muhim boʻlgan armatura va setkalar ishlab chiqarila boshlandi.

Davlatimiz rahbari 2019-yil yanvar oyida bu korxonaga tashrif buyurib, uning faoliyatni yanada kengaytirish, mahsulotlar turini koʻpaytirish boʻyicha koʻrsatmalar bergandi. Shu asosida bozordagi talab, xomashyo olinadigan konlar oʻrganildi. Germaniya, Fransiya, Italiya, Chexiya kabi davlatlardan eng zamonaviy texnologiyalar keltirildi. Natijada 300 gektar maydonda umumiy qiymati 498 million dollarlik oltita loyiha tashkil etilib, korxona klasterga aylandi.

— “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri Markaziy Osiyo mintaqasida bazalt kompozit qurilish materiallarini ishlab chiqarishda yetakchidir, — deydi “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri bosh direktori Azim Abdusattarov. — U 2015-yildan buyon viloyatimiz faxri sifatida sanoatda oʻsishni taʼminlab kelmoqda. Mamlakatimizda 2025-yil –atrof-muhitni asrash va “yashil” iqtisodiyot yili deb eʼlon qilinishi munosabati bilan klasterda ulkan ishlar amalga oshirildi. Yil davomida texnologik bazani takomillashtirish, innovatsion va ekologik xavfsiz kompozit materiallarni ishonchli, samarali va muvozanatli ishlab chiqarishga bagʻishlangan xalqaro ilmiy forum oʻtkazilgani, ISO-xalqaro sertifikatlarining qoʻlga kiritishi muhim yutuqlarimizdan sanaladi.

“Basalt Uzbekistan” sanoat klasteridagi 7 ta korxona 4 tadan ISO — xalqaro sertifikatiga ega boʻldi. Jumladan, ISO-14064 “Yashil sanoatlashtirish” xalqaro sertifikati Germaniyaning GIZ fondi koʻmagida qoʻlga kiritildi. Mazkur sertifikat xalqaro talablarga asoslangan audit oʻrganishi orqali 5 oy mobaynida klasterga tegishli barcha ishlab chiqarish korxonalari, mavjud infratuzilmalar, atrof-muhit muhofazasi kabi jarayonlarni oʻz ichiga olgan dastur doirasida amalga oshirildi.

GIZ fondi tomonidan Oʻzbekistondagi yirik sanoat korxonalar ichida, eng ilgʻor texnologiyalarga asoslangan “Yashil sanoatlashtirish” standartlar talablariga javob beradigan ishlab chiqaruvchilar saralanib, Germaniyada malaka almashish oʻquv dasturi asosida maxsus safar uyushtirildi. Oʻquv mashgʻulotlarida “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri vakillari ham qatnashishdi. Uchrashuvlarda Germaniya va dunyoning rivojlangan sanoat korxonalari rahbarlari bilan muloqot va tajriba almashinildi. Sanoat klaster vakillari Myunxen shahrida BAU xalqaro qurilish materiallari koʻrgazmasida ishtirok etdi. Kelgusida bunday yirik tadbirlarda Oʻzbekiston bazalt mahsulotlarining ham namoyish etilishiga kelishib olindi.

Ayni vaqtda “Basalt Uzbekistan” sanoat klasteri hududida Ilmiy tadqiqot va innovatsiya markazining dastlabki ishlari boshlangan. Davlatimiz rahbarining tashrifi doirasida Oliy taʼlim va innovatsiya vazirligi bilan klasterda mavjud muammolarni oʻrganish, ilmiy ishlanmalar, laboratoriya sinovlari, metrologiya va standartlashtirish boʻyicha yoʻl xaritasi tuzilgandi.

Shu yilning yanvar oyida Toshkent kimyo-texnologiya instituti va Jizzax politexnika institutlarining ilmiy izlanuvchilari klasterga tashrif buyurishdi. Uchrashuvda oqova suvlari utilizatsiya qilish texnologiyasini ishlab chiqish muammolari oʻrganildi. Suvni tejamkorlik bilan ishlatish, energiya resurslaridan oqilona foydalanish hamda chiqindilarini qayta ishlash kabi choralar kichik yoki yirik boʻlishidan qatʼi nazar ishlab chiqaruvchining tabiat oldidagi vazifasi hisoblanadi. Sanoat klasterida shu kabi ikkilamchi ishlab chiqarish jarayoniga ham keng eʼtibor qaratiladi.

“Yashil makon” loyihasi doirasida shu kungacha 40 ming tup daraxt koʻchati ekildi. Ular yil sayin boʻy choʻzib, tevarak-atrofga yashillik va toza havo taratib turibdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?