Iqtisodiy yetishmovchilik ham xastaliklarga yoʻl ochadi

10:45 09 Oktyabr 2025 Jamiyat
187 0

Salomatlik boʻlmasa, insonga hech narsa tatimaydi. Baxtga qarshi dard koʻpincha qoʻqqisdan kelib, bemorning hamyon va ijtimoiy ahvoli bilan hisoblashmaydi. Koʻziga dunyo tor koʻringan kishi esa birgina malhamga bor bisotini alishishga tayyor. Qoʻli kaltalar-chi?

Navoiy viloyati sogʻliqni saqlash boshqarmasi tasarrufidagi tibbiyot markazlarida viloyat hokimi tashabbusi bilan “Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan fuqarolarni davolatish, jarrohlik amaliyotiga muhtojlarini bepul operatsiya qilish ishlari tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Yaqinda mazkur reyestrdagi bemorlardan 66 nafari davlat tibbiyot muassasalari hamda xususiy shifoxonalarda davo muolajalarini qabul qilish uchun yoʻnaltirildi.

— Ushbu fuqarolardan 25 nafari viloyat markazida davo muolajalarini statsionar tartibda qabul qilmoqda, — deydi viloyat sogʻliqni saqlash boshqarmasi boshligʻi Nurali Safoyev. — 14 nafariga esa Respublika ixtisoslashtirilgan ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarida davolanish uchun elektron imtiyozli yoʻllanmalar ajratildi.

“Kambagʻal oilalar reyestri”ga kiritilgan fuqarolarning 3 nafarida endoprotezlash yuqori texnologik, 3 nafarida esa otoloringologiya yoʻnalishida hamda 2 nafarida koʻz kasalliklari boʻyicha jarrohlik amaliyotlari oʻtkazildi.

Shuningdek, buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyotiga muhtoj uch nafar fuqaro donorlari bilan birgalikda birlamchi tibbiy tekshiruvlardan oʻtkazilgan va natijasiga asosan jarrohlik amaliyoti amalga oshirilishi koʻzda tutilgan. Bundan tashqari, 2 nafar bemor buyrak transplantatsiyasi amalga oshirish uchun zarur boʻlgan genetik tekshiruvlardan oʻtish uchun Respublika tibbiyot markazlariga yoʻnaltirildi.

Taʼkidlash joiz, tibbiyot bemorga tashxis qoʻyarkan, kasallikning asoratlarini davolaydi. Shuning uchun ham shifokorlar xastalikni davolagandan koʻra uning oldini olishni maʼqul hisoblashadi. Modomiki, profilaktika haqida soʻz ketarkan, iqtisodiy yetishmovchilik ham koʻplab xastaliklarga yoʻl ochadi. Viloyatda kambagʻallikni bartaraf etish choralari koʻrilayotgan ekan, bu xastaliklar chekinishida ham samara berishi shubhasiz.

Temur ESHBOYEV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер