Intizomsizlik ortidagi xatar: yoʻllarda avariyalar kamaydi, qurbonlarchi?
Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati maʼlumotlariga koʻra, 2025-yil davomida respublika hududida jami 9 226 ta yoʻl-transport hodisasi rasman qayd etilgan. Ushbu hodisalar oqibatida 2 188 nafar fuqaro halok boʻlgan, yana 8 901 nafar kishi turli darajadagi tan jarohatlari olgan. Maʼlumotlarga koʻra, yoʻl-transport hodisalari soni 2024-yilgi koʻrsatkichlarga nisbatan 1,5 foizga kamaygan. Biroq yillik oʻlim holatlarining ikki ming nafardan yuqori darajada saqlanib turgani mamlakat yoʻllaridagi xavfsizlik masalasi hanuz dolzarb ijtimoiy muammo boʻlib qolayotganidan dalolatdir.
Jamoatchilik tahlillari shuni koʻrsatadiki, axborot makonida deyarli har kuni eʼlon qilinayotgan oʻlim bilan bogʻliq yoʻl-transport hodisalari haqidagi xabarlar jamiyatda maʼlum darajada “immunitet” paydo qilgan. Soʻnggi besh yil davomida har 100 ming aholiga toʻgʻri keladigan oʻlim darajasi 6,9 koʻrsatkichdan 5,7 gacha kamaygani aholi soni hamda transport vositalari koʻpayib borayotgan sharoitda nisbatan ijobiy holat sifatida baholanadi. Ammo mutaxassislar bu raqamlar xotirjamlikka asos boʻla olmasligini taʼkidlamoqda. Inson hayoti bilan bogʻliq fojiali hodisalarning kundalik axborot oqimining odatiy qismiga aylanib borayotgani esa muammoning mohiyatini teran anglashga toʻsqinlik qilib, jamiyatda ijtimoiy loqaydlikni kuchaytirishi mumkin. Bu holat, oʻz navbatida, yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashga qaratilgan profilaktik choralar samaradorligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatuvchi asosiy omillardan biridir.

Inson omili va huquqiy intizomsizlik
Yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqish sabablari tahlil qilinganda, “inson omili” hamon eng yuqori koʻrsatkichni egallab kelmoqda. Rasmiy maʼlumotlarga koʻra, halokatlarning deyarli yarmi, yaʼni 45 foizi haydovchilar tomonidan belgilangan tezlik meʼyorlarining oshirilishi oqibatida sodir boʻlmoqda. Bu koʻrsatkich yoʻllarda tezlikni jilovlashga qaratilgan texnik vositalar koʻpayganiga qaramay, haydovchilar oʻrtasida oʻz-oʻzini nazorat qilish va qonun ustuvorligini his etish darajasi pastligicha qolayotganini tasdiqlaydi.
Shuningdek, YTHlarning salmoqli qismi piyodalarga yoʻl bermaslik, quvib oʻtish qoidalarini buzish va svetoforning taqiqlovchi ishoralariga rioya qilmaslik kabi omillar bilan bogʻliq. Yoʻllarda “ustunlik” talab qilish va oʻzgalar hayotiga bepisandlik bilan qarash kabi huquqiy madaniyatsizlik holatlari tizimli muammoga aylangani ham sir emas. Haydovchilik etikasi va oʻzaro hurmatning yetishmasligi qoidabuzarliklarning ongli ravishda sodir etilishiga zamin yaratmoqda. Bu esa nafaqat jarimalar miqdorini oshirish, balki haydovchilarni tayyorlash tizimi va ularning ruhiy-maʼnaviy masʼuliyatini qayta koʻrib chiqish zaruratini kun tartibiga qoʻyadi.

Raqamli nazorat va samaradorlik masalasi
Soʻnggi yillarda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlashda asosiy urgʻu raqamlashtirish va inson omilini cheklashga qaratilmoqda. Respublika boʻylab minglab videokameralar va radarlar oʻrnatilishi jazo muqarrarligini taʼminlashda muhim qadam boʻldi. Ammo statistik maʼlumotlarga koʻra, jarimalar sonining ortishi va nazoratning kuchaytirilishi oʻlim koʻrsatkichlarining keskin kamayishiga yetarlicha taʼsir koʻrsatmayapti. 2025-yil yakuniga koʻra, oʻlim holatlari atigi 0,5 foizga qisqargani, texnologik nazoratning oʻzi muammoning toʻliq yechimi emasligini anglatadi. Shu bilan birga, haydovchilarning jarimadan qochish uchun turli texnik hiylalardan foydalanishi yoki faqat kameralar oʻrnatilgan hududlarda qoidalarga rioya qilib, boshqa joylarda tezlikni oshirishi “vaqtinchalik intizom” muhitini yaratmoqda. Bu holat raqamli nazorat tizimining faqat jazolash mexanizmi emas, balki haydovchi xulq-atvorini tubdan oʻzgartiruvchi profilaktik vositaga aylanishi uchun qoʻshimcha huquqiy va ijtimoiy choralar zarurligini koʻrsatadi.

Infratuzilma va yoʻl qurilishidagi masʼuliyat
Yoʻl-transport hodisalarining kelib chiqishida faqat haydovchi yoki piyodani ayblash masalaga biryoqlama yondashuv hisoblanadi. Mutaxassislar va jamoatchilik vakillaring tahlillari shuni koʻrsatmoqdaki, halokatlarning salmoqli qismi bevosita yoʻl infratuzilmasidagi tizimli kamchiliklar bilan ham bogʻliq. Standartlarga javob bermaydigan yoʻl qoplamalari, loyihalashtirishdagi muhandislik xatolari hamda aholi punktlaridan oʻtuvchi magistrallarda harakatni cheklovchi xavfsizlik toʻsiqlarining yoʻqligi “koʻrinmas qotil” vazifasini oʻtamoqda. Ayniqsa, tungi vaqtda yoritish tizimining yetari emasligi haydovchining koʻrish maydonini cheklab, kutilmagan vaziyatlarda qaror qabul qilish imkoniyatini yoʻqqa chiqarmoqda. Koʻp hollarda YTH yuz berganda barcha javobgarlik faqat harakat ishtirokchilari zimmasiga yuklanadi, biroq sifatsiz qurilgan yoki xavfsizlik talablariga mos kelmaydigan yoʻl uchastkalari uchun masʼul boʻlgan mansabdorlarning javobgarligi masalasi ochiq qolmoqda.

Voyaga yetmaganlar va ota-onalar masʼuliyati
2025-yil yakunlari boʻyicha eʼlon qilingan eng ogʻriqli koʻrsatkichlardan biri — bolalar ishtirokidagi yoʻl-transport hodisalaridir. Garchi halok boʻlgan voyaga yetmaganlar soni 2024-yilga nisbatan 12,8 foizga kamaygan boʻlsada, har yili yuzlab bolalarning aynan yoʻllarda vafot etayotgani jamiyat uchun ulkan yoʻqotish hisoblanadi. Ushbu fojialarning tub ildizi koʻpincha ota-onalarning loqaydligi va masʼuliyatsizligiga borib taqalmoqda.

Ayniqsa, voyaga yetmagan, haydovchilik guvohnomasiga ega boʻlmagan oʻsmirlarning transport vositasini boshqarish holatlari hamon uchrab turgani xavfni yanada oshirmoqda. Farzandining “havasini” qondirish maqsadida unga avtomobil kalitlarini ishonib topshirayotgan ota-onalar, aslida amaldagi qonunchilikni qoʻpol ravishda buzib, farzandini oʻlim quroli bilan yuzma-yuz qoldirayotganini anglab yetmayaptilar. Shuningdek, koʻchalarda nazoratsiz qoldirilgan va yoʻl harakati qoidalaridan bexabar bolalarning kutilmaganda yoʻlning qatnov qismiga chiqib qolishi ham ota-onalar masʼuliyati masalasini kun tartibiga chiqaradi. Bolalar ishtirokidagi YTHlarda faqat haydovchini emas, balki farzandini xavf ostida qoldirgan shaxslarning maʼnaviy va huquqiy javobgarligini kuchaytirish — millat genofondini asrashning muhim sharti boʻlib qolmoqda.
Eʼzozbek Hamidov tayyorladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “E-ekspertiza” platformasi orqali elektron hujjatlar almashinuvini yoʻlga qoʻyish tartibi tasdiqlandi
- Nodavlat sud-eksperti sifatida faoliyat yuritish yanada soddalashtiriladi
- “Istanbul Bashakshehir” mehmondan gʻalaba bilan qaytdi
- Ukrainaning uch viloyatida portlashlar qayd etildi. Qurbonlar bor
- Bu yil Oʻzbekiston Proligasida 14 ta jamoa ishtirok etadi
- Yanvar oyida yuz nafardan ortiq amerikalik oʻqish uchun Oʻzbekistonga keldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring