Internat uyi chevarlari mahsulotini sotish uchun joy ajratildi

12:07 12 Sentyabr 2025 Jamiyat
105 0

Oʻzbekiston tumanidagi Qudash “Muruvvat” nogironligi boʻlgan shaxslar uchun ayollar internat uyida yashovchi xotin-qizlarning 60 nafardan ziyodi doimiy ravishda tikuvchilik, toʻquvchilik, gulli bezaklar yasash, kashtachilik, chinni va sopol idishlarga gul chizish kabi mashgʻulotlar bilan shugʻullanadi.

Shu bois ularning qiziqish va ishtiyoqini roʻyobga chiqarish maqsadida ushbu mahsulotlarni sotish uchun bevosita maskanning oʻzida muntazam xayriya yarmarkalari oʻtkazib kelinmoqda.

Ayni kunlarda nogironligi boʻlgan hamyurtlarimiz tomonidan tayyorlangan mahsulotlarni sotishda koʻmaklashish va ularni qoʻllab-quvvatlash uchun yana bir xayrli tashabbus ilgari surildi. Shu maqsadda Oʻzbekiston tumani hokimligi hamda tuman “Dehqon bozori” MCHJ koʻmagida muassasada yashovchi ayollarning qoʻl mehnatlari hisoblangan nafis buyumlarni sotish uchun markaziy bozor hududidan doimiy savdo oʻrni tashkil etildi.

— Shu tariqa sotilgan mahsulotlardan jamgʻarilgan mablagʻlar yashovchilarning shaxsiy ehtiyojlarini qondirish (ayollarga xos turli bezaklar, parfyumeriya mahsulotlari va aksessuarlar xarid qilish), tarixiy shaharlarga sayohatlar uyushtirish, tugʻilgan kun va boshqa tadbirlarni oʻtkazishga yoʻnaltirilmoqda, — deydi muassasa rahbari Nafisaxon Nishonova. — Eʼtiborlisi, hunar va yordamchi xoʻjalik ishlarini puxta oʻzlashtirgan yashovchilarning 15 nafari uchun shaxsiy “ijtimoiy karta”lar ochilib, oʻz daromadlarini mustaqil tasarruf etish imkoni ham yaratildi.

Bundan buyon hamyurtlarimiz ushbu mahsulotlarni xarid qilib, muassasadagi qoʻli gul ayollarni qoʻllab-quvvatlashi hamda jamiyatimizda insoniylik va mehr-oqibat tuygʻularini yanada mustahkamlashga hissa qoʻshishlari mumkin.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер