“Inter” markaziy oʻyinda gʻalaba qozondi, yetakchi klublarda esa magʻlubiyat

12:44 20 Oktyabr 2025 Sport
239 0

Kecha, 19-oktyabr kuni Italiya A Seriyasi musobaqasining 7-tur oʻyinlari davom ettirildi. Kun doirasidagi muhim bahslarga toʻxtalib oʻtamiz.

“Komo” “Yuventus”ni komaga tushirdi

Turning eng kutilmagan natijasi bilan tugagan oʻyin Komo shahrida boʻlib oʻtdi. Unda shahar nomi bilan ataladigan jamoa oʻz maydonida “Yuventus”ni qabul qildi.

Igor Tudor boshchiligidagi “Yuventus” soʻnggi turlarning eng omadsiz jamoasiga aylanib qolgandi. Jamoa oʻzining oxirgi 5 ta oʻyinida “Borussiya Dortmund”, “Verona”, “Atalanta”, “Vilyarreal” va “Milan” jamoalariga qarshi durang oʻynadi. Ammo bu gal turinliklarga durang natija ham nasib etmadi.

Jamoa oʻyinidan koʻngli toʻlmayotgan Igor Tudor har oʻyin asosiy tarkibda oʻzgarishlarni amalga oshirib kelayotgan edi. Bu gal ham bundan mustasno boʻlmadi.

Himoya markazi Rugani va Kelliga topshirildi. Qanotlarda Kalulu va Kambiyaso harakat qildi. Markazga Lokatelli, Kopmeyners va Tyuram joylashdi. Hujum chizigʻidan Yildiz, Konseysau va Devid oʻrin egalladi.

Uchrashuvda hisob toʻrtinchi daqiqadyoq ochildi. Niko Pasning uzatmasidan soʻng, “Komo” himoyachisi Mars-Oliver Kempf hisobni ochdi. Birinchi boʻlim 1:0 hisobi bilan yakunlandi. Ammo turinliklar dastlabki boʻlimda yomon harakat qilishmadi — ular “Komo” darvozasiga yoʻllagan 9 ta zarbaning 2 tasi aynicha xavfli boʻldi.

Ikkinchi boʻlimning 79-daqiqasiga kelib, birinchi golga uzatma bergan Niko Pas bu safar oʻzi gol kiritdi. Yakuniy hisob — 2:0, “Komo” foydasiga.

Uchrashuvdan soʻng, “Sofascore” portali “Komo” aʼzosi Niko Pasni oʻyin qahramoni deb topdi. Uning oʻyini portal tomonidan 8,6 ballga baholandi.

“Komo” — “Yuventus” 2:0

Gollar: Kempf (4), Pas (79).

“Komo” — Butes, Smolchich (Posh, 86), Karlos (Ramon, 46), Kempf, Voyvoda, Perrone, Kakre (Duvikas, 68), Da Kunya, Moreno (Valle, 68), Pas, Morata (Van der Brempt, 90+1).

“Yuventus” — Di Gregorio, Kalulu, Rugani (Kostich, 83), Kelli, Kambiyaso (Mariu, 83), Kopmeyners (Makkenni, 77), Lokatelli (Vlaxovich, 77), Tyuram, Konseysau, Devid, Yildiz.

Ogohlantirishlar: Kelli (10), Moreno (12), Smolchich (22), Karlos (34).

“Milan”dan kambek

“Milan” jamoasi mavsumni magʻlubiyat bilan boshlagan boʻlsa-da, buyogʻiga magʻlubiyatsiz odimlamoqda. Jamoa oʻtgan turlarda “Lechche”, “Bolonya”, “Udineze”, “Napoli” kabi jamoalarni magʻlub etdi. “Yuventus” bilan durang oʻynadi.

Bu turda qoʻlga kiritilgan gʻalaba esa jamoani A Seriya turnir jadvalida birinchi oʻringa olib chiqdi. Ammo “Fiorentina”ga qarshi kechgan oʻyin oson kechmadi.

Massimiliano Allegri boshchiligidagi jamoa tarkibida ayni vaqtda jiddiy muammolar bor. Ardon Jashari, Pervis Estupinyan, Kristian Pulishich, Adriyen Rabio, Kristofer Nkunku kabi futbolchilar jarohati tufayli oʻyinlarda qatnasholmayapti.

Oʻz navbatida “Fiorentina” jamoasida ham jarohat olgan futbolchilar yetarli edi — Kristian Kuame va Tarik Lampti shular jumlasidan.

Uchrashuvning birinchi boʻlimi ancha zerikarli oʻtdi — muxlislar gol koʻrishmadi.

55-daqiqada “Fiorentina” hisobda oldinga chiqib oldi. Robin Gosens oʻz nomini tabloga yozdirdi. Oradan 8 daqiqa oʻtib, Rafael Leau muvozanatni tikladi.

86-daqiqada “Fiorentina” darvozasi tomon penalti belgilandi. 11 metrlik jarima toʻpidan Leau yana bir bor unumli foydalanib, dublikatga erishdi. Shu tariqa “Milan” A Seriya doirasidagi beshinchi gʻalabasini qoʻlga kiritdi.

Oʻyindan soʻng, “Sofascore” portali kutilganidek, Rafael Leauni oʻyin qahramoni deb topdi. Uning oʻyini portal tomonidan 8,4 ballga baholandi.

“Milan” — “Fiorentina” 2:1

Gollar: Leau (63, 86 pen.) — Gosens (55).

“Milan” — Menyan, Tomori, Gabbia, Pavlovich, Atekame (Ximenes, 57), Richchi, Modrich, Fofana, Bartesagi, Salemakers (De Vinter, 90), Leau (Valentiyen, 90+3).

“Fiorentina” — De Xea, Pongrachich, Mari, Raniyeri, Dodo, Mandragora (Jeko, 88), Nikolussi-Kavilya (Som, 88), Fajoli, Gosens (Parizi, 70), Fassini (Gundmundsson, 70), Ken (Pikkoli, 77).

Ogohlantirishlar: Atekame (50), Nikolussi-Kavilya (54), Fofana (60), Tomori (74), Parizi (85).

“Atalanta”dan navbatdagi durang

Turning eng zerikarli oʻyinlaridan biri Bergamo shahrida joylashgan “New Balance” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda maydon egasi — “Atalanta” klubi “Latsio” bilan kuch sinashdi.

Uchrashuv maydon egalarining toʻliq ustunligi ostida oʻtdi. Umumiy hisobda Ivan Yurich shogirdlari “Latsio” darvozasi tomon 16 ta zarba yoʻllashdi. Ularning 6 tasi darvoza sohasiga aniq yoʻllangan boʻlsa-da, “Latsio” posboni Ivan Provedel oʻz mahoratni namoyish etib, bu vaziyatlarda jamoasini goldan qutqarib qoldi.

Yakunda oʻyin 0:0 hisobi bilan yakunlandi. Shu tariqa “Atalanta” jamoasi bu yil A Seriyadagi beshinchi durangiga imzo chekdi.

Oʻyindan soʻng, “Sofascore” portali “Latsio” posboni Ivan Provedelni oʻyin qahramoni deb topdi. Uning harakatlari 9,4 ballga baholandi.

“Atalanta” — “Latsio” 0:0

“Atalanta” — Karnezekki, Jimsiti, Hin, Ahanor (Skalvini, 67), Zappakosta, Pashalich (de Ron, 67), Ederson, Bernaskoni, de Ketelare, Sulemana (Krstovich, 67), Lukman (Maldini, 82).

“Latsio” — Provedel, Marushich (Lazzari, 86), Xila, Romanioli, Tavaresh (Provstgaard, 86), Genduzi, Kataldi, Bashich (Vesino, 75), Kancheleri (Isaksen, 22), Zakkani (Pedro, 75), Dia.

Ogohlantirishlar: de Ketelare (29), Sulemana (40), Pashalich (53), Hin (62).

Markaziy oʻyinda “Inter”dan gʻalaba

Turning markaziy bahsi Rim shahrida boʻlib oʻtdi. Unda Oʻzbekiston milliy terma jamoasi sardori Eldor Shomurodovning sobiq klubi — “Roma” oʻz maydonida “Inter”ni qabul qildi.

Uchrashuv taqdirini hal etgan gol oʻyinning 6-daqiqasidayoq kiritildi. Nikolo Barellaning uzatmasidan soʻng, Anj Yoan Bonni hisobni 0:1 koʻrinishiga keltirdi. Bahs aynan shu hisob bilan oʻz yakuniga yetdi.

“Roma” — “Inter” 0:1

Gol: Bonni (6).

“Roma” — Svilar, Ermoso (Baldanzi, 74), Manchini, Ndika (Ziolkovski, 55), Chelik, Kristante, Kone, Uesli, Soule (Fergyuson, 80), Pellegrini (Dovbik, 55), Dibala (Beyli, 74).

“Inter” — Zommer, Akanji, Acherbi, Bastoni, Dumfris, Barella (Zelinski, 82), Chalxonoʻgʻli (Frattezi, 62), Mxitaryan, Dimarko (Augusto, 82), Martines (Espozito, 61), Bonni (Suchich, 69).

Ogohlantirishlar: Martinelli (4), Ndika (40), Ziolkovski (70), Mxitaryan (74), Suchich (79), Baldanzi (90+4).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?