“Insonparvarlik yordami tufayli hayotga qaytdim”

13:43 12 Mart 2025 Jamiyat
135 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Prezidentimiz tashabbusi bilan xalqimiz salomatligi yoʻlida joriy etilgan Davlat tibbiy sugʻurtasi tizimi fuqarolarimizga bepul tibbiy xizmat koʻrsatish imkoniyatini bermoqda. Ayniqsa, moddiy sharoiti yaxshi boʻlmagan aholini kafolatlangan tibbiy xizmat bilan taʼminlash majburiyatini oʻz zimmasiga olmoqda.

Surxondaryo viloyatida koʻplab oilalar davlatimizning bu gʻamxoʻrligidan minnatdor. Yetmish bir yoshli qumqoʻrgʻonlik Eson Omonov ham ana shunday insonparvarlikdan bahramand boʻlgan yurtdoshlarimizdan biridir.

— Uzoq yil haydovchilik qildim, — deydi Eson bobo. — Yurak ishemik kasalligi bilan ogʻriganimdan keyin mehnat faoliyatidan cheklanib qoldim. Endi nabiralarim kamolini koʻray, deganimda boshim yostiqqa tegdi. Toʻgʻrisi, oilaviy sharoitimiz ogʻirligi tufayli murakkab turdagi operatsiya xarajatlariga imkonimiz yetmadi. Tezkor jarrohlik amaliyotiga ehtiyojmand bemorlarga berilgan imkoniyat asosida imtiyozli operatsiya qilindim. Barcha xarajatlar davlat tomonidan toʻlab berildi. Yurtboshimizning xalqparvar siyosati bois hayotga qaytdim.

Prezidentimizning 2021-yil 28-iyuldagi “Sogʻliqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam koʻrsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” qarori qabul qilindi. Unga koʻra elektron QR-kodli yoʻllanma asosida davolangan imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarga sarflangan xarajatlar Davlat tibbiy sugʻurtasi jamgʻarmasi tomonidan qoplab beriladi.

Viloyatda Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi hozirda Respublika ixtisoslashtirilgan kardiologiya, koʻz mikroxirurgiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlarining Surxondaryo mintaqaviy filiallari va viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bilan shartnoma imzolagan. Jamgʻarma ushbu tibbiyot muassasalarida koʻrsatilayotgan tibbiy xizmatlar xaridini amalga oshirayotgani natijasida bemorlarning poytaxtga kelib ovora boʻlishga hojat qolmadi. Eng noyob turdagi murakkab jarrohlik amaliyotlari viloyat markazida oʻtkazilayotgani bemorlarning mushkulini osonlashtirdi.

— Joriy yilda Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali yuqori texnologiya amaliyotlarini bajarish uchun har oyida 300 million soʻm mablagʻ ajratilishi rejalashtirilgan, — deydi viloyat koʻp tarmoqli tibbiyot markazi bosh shifokori Botir Mamasoatov. — Respublika darajasida bajariladigan murakkab jarrohlik amaliyotlariga ketadigan xarajatlar juda yuqori. Bunga kam daromadli oilalarning qurbi yetmaydi. Davlat tibbiy sugʻurta jamgʻarmasi orqali bitta endoprotezlash amaliyoti oʻrtacha 30 million soʻm, yurakdagi ochiq amaliyotlar 35 million soʻmdan 60 million soʻmgacha, buyrakdagi jarrohlik amaliyoti 120 million soʻmgacha amalga oshirilmoqda. Kelgusida jigar koʻchirish amaliyoti ham yoʻlga qoʻyiladi. Ushbu jarrohlik amaliyoti 300 million soʻm atrofida. Buni ham jamgʻarma mablagʻlari qoplab beradi. Bu xalqimiz uchun juda katta imkoniyat.

Muassasada bugungi kunda haftada ikki marta oʻnga yaqin murakkab turdagi jarrohlik amaliyoti oʻtkazib kelinmoqda. Ayni paytda urologiya, nefrologiya, pulmonologiya, ortopediya, yurak qon-tomiri yoʻnalishidagi kasalliklari bilan ogʻrigan ijtimoiy himoyaga muhtoj, imtiyozli toifaga kiruvchi bemorlarni davolashga sarflangan barcha xarajatlar jamgʻarma tomonidan toʻliq qoplab berilmoqda.

Davlat tibbiy sugʻurtasining boshqa sugʻurta turlaridan farqi shundaki, belgilangan tartib-qoidalarga muvofiq aholining barcha qatlamlari kafolatlangan tibbiy yordam hajmi bilan qamrab olinadi. Bu bilan bogʻliq xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi. Aholidan bu sugʻurta turiga hech qanday pul va badallar talab qilinmaydi. Mamlakatimizda bunday tizimning tatbiq etilgani Yangi Oʻzbekistonning har bir islohoti zamirida inson haq-huquqlari, manfaati birinchi oʻrinda turishining amaldagi tasdigʻidir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер