Inson qadri — yangi tahrirdagi Konstitutsiya falsafasining hayotiy ifodasi

10:35 30 Aprel 2025 Siyosat
181 0

Arxiv foto

Yangi Oʻzbekiston — xalqimizni birlashtiruvchi ulugʻvor gʻoya

Yangi Oʻzbekistonda eng ulugʻ gʻoya — inson qadrini yuksaltirish. Bu soʻzlar shior emas, balki Asosiy Qonunimizda oʻz ifodasini topgan, kundalik hayotimizda namoyon boʻlayotgan haqiqatdir.

Soʻnggi yillarda Prezidentimiz boshchiligida olib borilayotgan xalqchil islohotlar natijasida iqtisodiyotimiz ikki barobar oʻsdi. Bu orqali yangi ish oʻrinlari, fuqarolarda barqaror daromad va ertangi kunga ishonch paydo boʻldi. Oilasiga rizq topayotgan, bolasiga ilm berayotgan, oyoqqa turib, hayotini qurayotgan millionlab fuqarolar oʻz taqdirida Yangi Oʻzbekiston falsafasini toʻla his qilmoqda.

Eng asosiysi, xalqimiz oʻzgarmoqda. Inson hayoti endi shunchaki kun kechirish emas, balki farovon yashash mazmuni bilan boyidi. Aholi jon boshiga toʻgʻri keladigan daromad ilk bor 3 ming AQSH dollaridan oshdi. 7 milliondan ziyod aholi kambagʻallikdan chiqarilib, uning darajasi 35 foizdan 8,9 foizga tushirildi, joriy yilda bu koʻrsatkich 6 foizga pasayishi kutilmoqda. Bu raqamlar – oddiy statistik koʻrsatkich emas, balki har bir xonadonda farovonlik, xotirjamlik va ertangi kunga mustahkam ishonch ifodasi, desak yanglishmagan boʻlamiz.

Bundan tashqari, maktabgacha taʼlim qamrovi 74 foizdan oshdi, oliy taʼlim imkoniyatlari 40 foizdan yuqoriga koʻtarildi. Bu oʻzgarishlar har bir bola, har bir yosh uchun shaxsiy rivojlanish, katta hayotga teng asoslarda poydevor qoʻyishga xizmat qilmoqda. Avvallari faqat shaharlar emas, eng chekka qishloqlardagi yoshlarimizning ham “men ham oʻqiyman, men ham erishaman” degan orzulari bugun real imkoniyatga aylandi.

Eʼtiborlisi, ushbu yutuqlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlariga toʻla mos keladi. Shu bilan birga, mazkur koʻrsatkichlar Inson taraqqiyoti indeksidagi koʻrsatkichlarning yuksalishiga xizmat qilmoqda. Chunki taraqqiyot — bu birinchi navbatda, inson hayotidagi yaxshilanish, uning imkoniyatlari va hayot sifati bilan oʻlchanadi.

Yangi Oʻzbekistonda inson qadrini ulugʻlash oddiy shior emas — bu konstitutsiyaviy maqsad, davlat siyosati, jamiyatning yuksalish mezoni va hayot falsafasiga aylandi. Bugun yurtdoshlarimiz davlatimiz rahbari boshchiligida har bir fuqaro uchun gʻamxoʻrlik qiladigan, ochiq va adolatli jamiyat tushuniladigan Yangi Oʻzbekistonni barpo etish gʻoyasi atrofida birlashdi. Bu mohiyati jihatdan milliy yuksalish, milliy davlatchiligimiz uchun suv va havodek zarur boʻlgan real voqelikni anglatadi.

Insonparvarlik siyosati inʼikosi

Bundan roppa-rosa ikki yil oldin Prezidentimiz tashabbusi bilan umumxalq ovoz berish yoʻli bilan qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz “Inson qadri uchun!”, “Yangi Oʻzbekiston” gʻoyalarini amalga oshirishning samarali tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratdi, bu borada davlat idoralari faoliyatini tamoman yangicha mazmun, yangicha ruhda tashkil etish imkoniyatini berdi.

“Inson — jamiyat — davlat” paradigmasi asosida Konstitutsiyamiz inson, uning hayoti, erkinligi, shaʼni, qadr-qimmati va boshqa ajralmas huquqlarini tom maʼnoda, oliy qadriyat darajasiga olib chiqdi.

Dunyoda ishonch va oʻzaro bir-birini tushunish taqchil boʻlib turgan, oʻzaro qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan sharoitda “Yaqin kelajakda biz kim boʻlamiz, bizning oʻrnimiz qayerda boʻladi” degan savollarga yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz 1-moddasida aniq javob berildi. Unda: “Oʻzbekiston — boshqaruvning respublika shakliga ega boʻlgan suveren, demokratik, huquqiy, ijtimoiy va dunyoviy davlat...” ekanligi mustahkamlangan.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadagi moddalar soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalar soni 275 tadan 434 taga oshdi. Yaʼni Asosiy Qonunimiz matni qariyb 65 foizga ortdi. Eʼtiborlisi, inson huquqlariga oid normalar soni 3,5 barobarga oshdi va inson huquqi va erkinliklariga oid normalar Bosh qomusimizning qariyb 50 foizdan ortigʻini tashkil qiladi.

Yangi Oʻzbekiston sharoitida inson huquq va erkinliklarining kafolatli himoyasini taʼminlash, butun jahon miqyosida tan olingan “Xabeas korpus” va “Miranda qoidasi” kabi institutlarning Konstitutsiyada mustahkamlanishi — bu tarixiy qadam boʻldi.

Qonunlardagi noaniqliklarning inson foydasiga hal boʻlishi, “sukut saqlash” huquqining ilk marotaba belgilanishi, shaxsning sudlanganligi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos boʻlishi mumkin emasligi, advokatlar maqomi prokuror maqomiga tenglashtirilishi, taʼlim, sogʻliqni saqlash va ekologiyaga oid huquqlarning kafolatlanishi kabi yangi qoidalar Asosiy Qonunimizni tom maʼnoda “Inson Konstitutsiyasi” deb atashga toʻla imkon beradi.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya mamlakatimiz taraqqiyot strategiyasi sifatida xalqimiz farovonligi yoʻlida marrani baland olgan Yangi Oʻzbekiston gʻoyasi bilan hamohang ravishda vatandoshlarimizning orzu-umidlari, maqsadlari, oʻy-niyatlarini roʻyobga chiqarishning mustahkam huquqiy va mafkuraviy zaminiga aylandi.

Konstitutsiyaviy normalar, yangi mexanizmlar — amalda

Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qabul qilinganiga hali unchalik koʻp vaqt boʻlmagan boʻlsa-da, uning mazmuni, ruhiyati xalqimizning kundalik hayotida tobora keng aks etmoqda. Buni yurtimizning har bir mahallasi, guzari, qishloq, tuman va shaharlaridagi boʻlayotgan bunyodkorlik ishlari, fuqarolarimizning kundalik hayotidagi yangilanishlarda koʻrishimiz mumkin. Yurtimizda oʻtayotgan turli xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun tashrif buyurayotgan xorijliklar ham buni keng eʼtirof etishmoqda.

Konstitutsiyamizni hayotga tatbiq etishda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 8-maydagi “Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasini amalga oshirish boʻyicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi Farmoni muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimizning ushbu Farmoni asosida Asosiy Qonunimizni amalga oshirish boʻyicha Davlat komissiyasi tashkil etildi, 5 ta ekspertlik kengashlari tuzildi.

Oliy Majlis tomonidan 100 ga yaqin qonunlarni yangi tahrirdagi Konstitutsiyaga muvofiqlashtirish boʻyicha dastur tasdiqlandi va tegishli choralar amalga oshirildi. Sudlar tomonidan konstitutsiyaviy normalarni toʻgʻridan-toʻgʻri va bir xilda qoʻllash boʻyicha Oliy sud Plenumi qarori qabul qilindi.

Sud amaliyoti tahlili Konstitutsiya va uning moddalariga jinoyat ishlari boʻyicha sudlarning 73 242 (2023-yilga nisbatan 4,8 baravar koʻp), fuqarolik ishlari boʻyicha sudlarning 25 083 (2023-yilga nisbatan 5,6 baravar koʻp), iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlarning 30 301 (2023-yilga nisbatan 13,6 baravar koʻp) hamda maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlarning 8 837 (2023-yilga nisbatan 13 baravar koʻp) hujjatlarida toʻgʻridan-toʻgʻri havola qilganliklarini koʻrsatmoqda.

Sudlar tomonidan koʻproq Konstitutsiyaning 26, 27, 28, 29, 31 (jinoyat ishlari boʻyicha sudlar), 15, 20, 26, 29, 31, 33, 41, 42, 46, 47, 55, 60, 62-68, 76-78, 80 (fuqarolik ishlari sudlar), 15, 16, 55, 65-68, 99, 134, 138 (iqtisodiy ishlar boʻyicha sudlar) hamda 15, 20, 21, 29, 30, 40, 41, 46, 54, 55, 65-67, 138-moddalariga (maʼmuriy ishlar boʻyicha sudlar) murojaat etilgan.

Sudlar tomonidan yangi tahrirdagi Konstitutsiyani bevosita qoʻllagan holda qarorlar qabul qilish amaliyotining kengayib borishi konstitutsiyaviy normalarning toʻgʻridan-toʻgʻri ishlayotganidan darak beradi.

Konstitutsiyada belgilangan inson huquqlariga oid normalar davlat hokimiyatining barcha tarmoqlarida toʻgʻridan toʻgʻri qoʻllanila boshlanganini alohida qayd etish joiz. Konstitutsiya asosida joriy etilgan hokimiyatlarning boʻlinishi prinsipi hamda oʻzaro tiyib turish va manfaatlar muvozanati tizimining zamonaviy yangi konsepsiyasidan kelib chiqib, bir qator davlat organlari, xususan, Oliy Majlis palatalari, Vazirlar Mahkamasi, Konstitutsiyaviy sud hamda mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyatini tartibga soluvchi qonun hujjatlari Konstitutsiyaga muvofiqlashtirilib, ularning faoliyati yangicha konstitutsiyaviy-huquqiy sharoitlarda yoʻlga qoʻyildi.

Asosiy Qonunimizda inson huquq va erkinliklarini himoya qilishning mutlaqo yangi mexanizmlari joriy qilindi. Birinchi marotaba har kimning Oʻzbekiston Respublikasi qonunchiligiga va xalqaro shartnomalariga muvofiq, inson huquq va erkinliklarini himoya qiluvchi xalqaro organlarga, agar davlatning huquqiy himoyaga doir barcha mavjud ichki vositalaridan foydalanib boʻlingan boʻlsa, murojaat etishga haqli ekanligi mustahkamlandi. Bu fuqarolarning huquq va erkinliklari himoyasi nafaqat milliy qonunchilikda belgilangan normalar, balki xalqaro huquq asosida ham himoyalanishini taʼminlaydi.

Yana bir misol, avval mavjud boʻlgan “snos” degan muammo boʻlganki, u haqda aytmasa boʻlmaydi. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya xususiy mulk daxlsizligi boʻyicha koʻplab tizimli muammolarga yechim berdi. Mulk daxlsizligini taʼminlashga qaratilgan yangicha konstitutsiyaviy kafolatlar barcha mulkdorlarga ishonch va umid hissini berdi.

Konstitutsiya talablariga monand ravishda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan muhofaza qilish tizimi takomillashtirildi. Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan yoki jabrlanish xavfi ostida boʻlgan xotin-qizlarga ijtimoiy, psixologik va yuridik xizmat koʻrsatish tartibi joriy etildi.

Bolalar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan oilaviy zoʻravonlik sodir etganlik uchun javobgarlikning kuchaytirilishi, shuningdek, “Bolalarni zoʻravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish toʻgʻrisida”gi Qonunning qabul qilinishi ham Konstitutsiyaning 78-moddasida belgilangan bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini taʼminlashga xizmat qiladi.

Oʻtgan davr mobaynida Konstitutsiyaning 50-moddasiga muvofiq, taʼlim olish konstitutsiyaviy huquqini, shuningdek, alohida taʼlim ehtiyojlariga ega boʻlgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiyani taʼminlash boʻyicha ham keng koʻlamli ishlar amalga oshirildi. Xususan, oliy va professional taʼlim tashkilotlari talabalari va oʻquvchilariga byudjet mablagʻlari hisobidan taʼlim kreditini ajratish tartibi takomillashtirildi. Alohida taʼlim ehtiyojlari boʻlgan bolalarning taʼlim olishlarini tashkil etish va ularni reabilitatsiya qilish sohasida maʼmuriy toʻsiqlar bartaraf etildi.

Konstitutsiyaning 52-moddasiga muvofiq, davlat oʻqituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan oʻsishi toʻgʻrisida gʻamxoʻrlik qiladi.

Ushbu konstitutsiyaviy norma ijrosi doirasida “Pedagogning maqomi toʻgʻrisida”gi Qonun qabul qilindi va ularning oʻz kasbiy faoliyatini yuritishi uchun tashkiliy-huquqiy shart-sharoitlar yaratilishi, ularning ijtimoiy himoyasi taʼminlanishi va huquqlari amalga oshirilishi uchun kafolatlar kuchaytirildi.

Maktabgacha va maktab taʼlimi tashkilotlari rahbar, pedagog va mutaxassis kadrlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish, kasbiy bilim, koʻnikma va mahoratini muntazam oshirib borishning yangi tizimi yoʻlga qoʻyildi.

Konstitutsiyaning 65-moddasida mustahkamlangan iqtisodiy faoliyat va tadbirkorlik erkinligini kafolatlash borasida huquqiy mexanizmlar ham sezilarli darajada kuchaytirildi.

2024-yilda litsenziyalanadigan faoliyat va ruxsat etish xususiyatiga ega 22 ta hujjat hamda 4 ta tartib va talablar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlaridan talab qilinadigan 8 ta hisobot va statistika maʼlumotlari bekor qilindi hamda soliqqa oid ayrim huquqbuzarliklar uchun javobgarlik choralari maqbullashtirildi.

Konstitutsiyaning 136-moddasidan kelib chiqib, 2024-yilda sudyalar mustaqilligi kafolatlarini kuchaytirish borasida ham muhim islohotlar amalga oshirildi. Xususan, sudlar raislarining xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga axborot taqdim etishi haqidagi qoida bekor qilinib, sudlarning oʻz faoliyati toʻgʻrisida jamoatchilikni har chorakda ommaviy axborot vositalari orqali xabardor qilib borish tartibi belgilandi.

Sud qarorlari qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirish instituti takomillashtirildi. Shuningdek, jinoyatda ayblanayotgan shaxsning erkinlik va shaxsiy daxlsizlikka oid konstitutsiyaviy huquqlarini sud orqali ishonchli taʼminlash, ishni sudga qadar yuritishda taraflarning tengligi va tortishuvi prinsipini amalda taʼminlash maqsadida tergov sudyalari instituti joriy etildi.

Yangiliklardan yana biri sifatida, fuqarolar qonun loyihasini toʻgʻridan-toʻgʻri parlamentga kiritish huquqiga ega boʻlganini alohida eʼtirof etish joiz. Ushbu yangi tashabbus fuqarolarning oʻz hayotiga, umuman, jamiyatga va davlatga taʼsir etuvchi qarorlar qabul qilishdagi ishtirokini oshirishga qaratildi.

Yangi konstitutsiyaviy normalarni targʻib qilishda zamonaviy texnologiyalar va innovatsion yondashuvlar alohida ahamiyat kasb etmoqda. “Yangi Oʻzbekiston Konstitutsiyasi” yagona milliy portali konstitutsiya.gov.uz muhim axborot manbaiga aylandi. Portalda oʻzbek, qoraqalpoq, rus va ingliz tillarida har kimga yangi konstitutsiyaviy normalar va prinsiplar haqida toʻliq va aniq maʼlumot olish imkoni yaratilgan.

Konstitutsiyaning barcha aholi qatlamiga yetib borishini taʼminlash maqsadida Konstitutsiya kitobi bilan bir qatorda nogironligi boʻlgan shaxslar uchun moʻljallangan brayl alifbosidagi Konstitutsiya ham chop etildi.

Bundan tashqari, aholining konstitutsiyaviy bilimlarini oshirishga boʻlgan qiziqishlarini ragʻbatlantirish maqsadida Umummilliy Konstitutsiya imtihoni oʻtkazib kelinmoqda.

“Xalq uyi” masʼuliyati

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga muvofiq oʻtkazilgan ilk saylov natijasida saylangan Qonunchilik palatasi deputatlariga — Bugun xalqimiz bilan yurtimiz taraqqiyotidagi butunlay yangi davrga qadam qoʻymoqdamiz. Ishonchim komil, bu — Yangi Oʻzbekistonimiz jadal rivojlanadigan, yanada yuksak taraqqiyot choʻqqilarini zabt etadigan davr boʻladi. Bu davr parlament va hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqimizga sadoqat bilan xizmat qilish boʻyicha ibratli anʼanalar shakllanadigan va tarixga muhrlanadigan davr boʻladi, — deya murojaat qildi.

Darhaqiqat, butun dunyoda geosiyosiy mojarolar va tarafkashlik kuchaygan gʻoyat tahlikali sharoitda Parlament va Hukumat faoliyatida yangicha ishlash, xalqqa sadoqat bilan xizmat qilish davr taqozosiga aylandi.

Bu borada, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada Oliy Majlis palatalarining birgalikdagi vakolatlari, har bir palataning alohida-alohida vakolatlari va masʼuliyat sohalari aniq belgilandi.

Davlat byudjeti ijrosini nazorat qilish, Hisob palatasining hisobotini koʻrib chiqish kabi vakolatlar Qonunchilik palatasiga oʻtkazilishi, uning mutlaq vakolatlari soni 5 tadan 12 taga yetishi, qonunchilikka taklif kiritish institutining joriy etilishi milliy parlamentarizm taraqqiyotini yangi sifat bosqichiga koʻtarishga xizmat qildi.

Shubhasiz, milliy davlatchilikning taraqqiyoti koʻp jihatdan xalq fikri bilan bilan bunyod boʻladigan qonun ijodkorligi jarayoni sifatiga bevosita bogʻliqdir. Yangi tahrirdagi Konstitutsiya qonun ijodkorligi faoliyatiga ham zamonaviy yondashuv va mutlaqo yangicha mazmun-mohiyat olib kirdi.

Bunda “inson — jamiyat — davlat” degan ustuvor tamoyillar hayotga tatbiq etildi. Deputatlar muhim siyosiy, sotsial-iqtisodiy ahamiyatga ega qonun loyihalarini joylarda aholi bilan keng muhokama qilish amaliyotini yoʻlga qoʻydi.

Eʼtiborlisi, 2015-yilda deputatlar tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida bor-yoʻgʻi 8 ta qonun loyihasi kiritilgan boʻlsa, 2024-yilda ushbu koʻrsatkich 21 tani tashkil etdi. Bu Qonunchilik palatasiga kiritilayotgan qonun loyihalarining oʻrtacha 11 foizni tashkil etdi.

Murojaatnomada parlament nazorati — bu avvalo “xalq nazorati, xalq soʻrovi” ekani davlatimiz rahbari tomonidan taʼkidlangani ham bejiz emas. Ushbu mexanizm fuqarolarning manfaatlari va huquqlarini himoya qilishning eng muhim usullaridan biridir. Parlament nazorati demokratik davlatda muhim rol oʻynaydi. Bu nafaqat mansabdor shaxslar masʼuliyati va javobgarligini kuchaytiradigan va fuqarolarning huquqlarini himoya qiladigan, balki jamiyatning davlat institutlariga boʻlgan ishonchini oshiradigan mexanizmdir. Ushbu nazorat samarali boʻlishi, shuningdek, jamoatchilik talablari va muammolari bilan chambarchas bogʻliq holda rivojlanishi muhimdir.

Parlamentarizmga oid konstitutsiyaviy islohotlarga yorqin misol sifatida Oʻzbekiston Respublikasi davlat qarzining eng yuqori miqdorini belgilashni Oliy Majlis palatalarning birgalikdagi vakolatlari sifatida Konstitutsiyada mustahkamlanishini keltirish mumkin.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda parlamentning rolini oshirishga qaratilgan palatalarning birgalikdagi vakolati sifatida Oʻzbekiston Respublikasida korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi milliy maʼruzani eshitish vakolati belgilandi.

Dunyoga ochiqlik va konstruktiv hamkorlik

Shu kunlarda mamlakatimiz turli xalqaro uchrashuvlar markaziga aylangan. Yangi Oʻzbekistonning global tashabbuslari dunyoga ochiq va konstruktiv hamkorlikni taklif qilmoqda.

Bugungi kunda Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan Oʻzbekiston xalqaro maydondagi ochiq, pragmatik va tinchlikparvar tashqi siyosati nafaqat mintaqaviy, balki global miqyosda ham keng eʼtirofga sazovor boʻlmoqda.

Oxirgi bir necha yil ichida Oʻzbekiston tashabbusi bilan BMT Bosh Assambleyasining 12 ta maxsus rezolyutsiyasi qabul qilindi. 2024-yil davlatimiz Iqtisodiy va ijtimoiy kengash (ECOSOC) tarkibiga va Xalqaro mehnat tashkiloti Maʼmuriy kengashiga saylandi. Oʻzbekiston vakili birinchi marta Inson huquqlari qoʻmitasi aʼzosi boʻldi. Toshkentda BMTning yana bir maxsus muassasasi — Qishloq xoʻjaligini rivojlantirish boʻyicha xalqaro jamgʻarma vakolatxonasi ish boshladi.

Toshkent Parlamentlararo Ittifoqning 150-yubiley Assambleyasiga mezbonlik qilishi Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligidagi Oʻzbekiston diplomatiyasining navbatdagi yutugʻi boʻldi. Assambleyada qatnashish uchun 140 ga yaqin davlat, 40 dan ortiq xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalaridan jami 2 mingdan ortiq ishtirokchi tashrif buyurdi. Jumladan, Assambleya ishida 132 nafar parlament rahbariyati aʼzolari (rahbar yoki oʻrinbosari) ishtirok etdi. Parlamentlararo Ittifoqning qayd etishicha, Toshkent assambleyasida eng koʻpsonli parlament rahbariyati darajasidagi delegatsiyalar ishtirok etgan.

Shahri azim Toshkent oliy darajadagi yigʻilishga mezbon sifatida tanlanishi, shubhasiz, Yangi Oʻzbekistonning demokratik islohotlarga sodiqligining xalqaro eʼtirofi boʻldi, desak ayni haqiqatni aytgan boʻlamiz.

Ayniqsa, hozirgi global dunyoda murakkablik va qarama-qarshiliklar tobora ortib borayotgan, davlatlar va jamiyatlar oʻrtasidagi ishonch inqirozi chuqurlashib borayotgan bir paytda Yangi Oʻzbekistonning global tashabbuslari ochiq va konstruktiv hamkorlik asosida parlament diplomatiyasini rivojlantirishga beqiyos hissa qoʻshmoqda.

Xulosa oʻrnida...

Davlatimiz rahbari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqparvar siyosat yangi tafakkurni hosil qildi. Bugungi kun, har bir kun xalqimizni rozi qilish uchun yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda.

Yangi tahrirdagi Konstitutsiyadan kelib chiqib, xalqimiz talab va istagi asosida amaldagi qonun hujjatlarini hayot talablari bilan muntazam uygʻunlashtirish, Konstitutsiya va qonunga hurmat ruhini har bir inson ongida qaror toptirish va qonun hujjatlari taʼsirchanligini oshirish boʻyicha parlament oldida yangi vazifalar turibdi. Bu yoʻlda har bir qadam, har bir qaror yurtimiz obodligi va xalqimiz farovonligini taʼminlashga qaratilgan.
R. HAKIMOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikerining oʻrinbosari.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер