“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yangi binolari foydalanishga topshirildi

16:01 16 Yanvar 2024 Jamiyat
797 0

Ijtimoiy himoya milliy agentligi Samarqand viloyati boshqarmasining Jomboy tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi yangi binoda faoliyat boshladi.

Bu yerda xodimlar va fuqarolar uchun barcha qulayliklar yaratilgan. Jumladan, binoga kirish pandus bilan taʼminlangan. Kutish zalida oʻrindiqlar, bolalar maydonchasi, tibbiyot xonasi mavjud.

Markaz binosining ochilish marosimida ijtimoiy himoya milliy agentligi faoliyati, bundan kutilayotgan natija va samaralar haqida soʻz yuritildi. Maʼlumotlarga koʻra, bugungi kunda tumanda ijtimoiy himoya yagona reyestriga kiritilgan 81 nafar yakka-yolgʻiz keksa, 4002 nafar nogironligi boʻlgan fuqaro istiqomat qiladi. Endilikda bu shaxslarning hayoti, muammolari bilan mahallalarga biriktirilgan ijtimoiy xodimlar shugʻullanadi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi orqali davlat tomonidan ajratilayotgan nafaqa va moddiy yordamning ehtiyojmand aholiga yetib borishi taʼminlanadi.

Markazda bugungi kunda 21 nafar xodim ish yuritmoqda. Shuningdek, yaqin kunlarda har ikki mahalla uchun bir nafardan ijtimoiy xizmatni tashkil etish xodimlari ish boshlashi kutilmoqda.

Narpay tuman “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazining ham yangi binosi foydalanishga topshirildi.

Endilikda bu yerda 5 turdagi, yaʼni mahallada ijtimoiy xizmatni tashkil etish, ijtimoiy toʻlovlar bilan ishlash, nogironligi boʻlgan shaxslar bilan ishlash, katta yoshdagi va ogʻir vaziyatga tushib qolgan oilalar bilan ishlash hamda bolalarni ijtimoiy himoya qilish shuʼbalarida aholiga sifatli xizmat koʻrsatish uchun barcha sharoitlar yaratildi.

Ochilish marosimida tuman hokimligi, viloyat masʼullari, sektor rahbarlari, nuroniylar va faollar ishtirok etdi. Unda soʻz olganlar yurtboshimiz tashabbusi bilan aholi farovonligi va inson qadr qimmati uchun tashkil qilinayotgan mazkur tizimda fuqarolar manfaati koʻzlanganligini taʼkidlashdi.

Shuningdek, mazkur markazlar xalqimiz orasida ijtimoiy muhitni barqarorlashtirish hamda aholi ehtiyojlarini qondirish va muammolarini bartaraf qilishda yuqori samara berishi xususida soʻz yuritildi.

Tadbir ishtirokchilari “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi binosida xodimlar va fuqarolar uchun yaratilgan sharoit va imkoniyatlar bilan tanishdi.

Abdulaziz YOʻLDOSHEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?