Inson huquqlari boʻyicha vakil (ombudsman)ning hisoboti eshitildi

11:43 12 Mart 2021 Jamiyat
1154 0

Parlament yuqori palatasining oʻn uchinchi yalpi majlisida Oliy Majlis Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ning 2020-yildagi faoliyati toʻgʻrisidagi hisoboti muhokama qilindi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) Feruza Eshmatova hisobot berdi.

Taʼkidlanishicha, Vakil va uning joylardagi vakili tomonidan 7 ta asosiy soha boʻyicha ishlar qilingan.

Xususan, inson huquqlari toʻgʻrisidagi milliy qonun hujjatlarini takomillashtirish, unga rioya etilishini monitoring qilish, fuqarolarning murojaatlarini koʻrib chiqish, aholi va davlat organlari vakillari huquqiy ongini hamda xabardorligini oshirish, inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish sohasida xalqaro hamkorlik qilish, shuningdek, jazoni ijro etish muassasalariga muntazam kirib turish orqali qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qoʻllashning oldini olish sohasida qator saʼy-harakatlar amalga oshirilgan.

Shu bilan birga, Vakilning aholi murojaatlari bilan ishlashda oʻtgan yildagi faoliyatiga nisbatan ijobiy oʻzgarishlarga erishilgan boʻlsada, hisobot davrida 176 ta murojaat qonun talablariga muvofiq belgilangan tartibda anonim, deb topilgan. Biroq mazkur murojaatlarda koʻtarilgan masalalarni Vakil tashabbusi bilan koʻrib chiqish amaliyoti yoʻlga qoʻyilmagan.

Shuningdek, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, gʻayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlari qoʻllanilishining oldini olish maqsadida oʻtkazilgan monitoringlar natijasida tegishli vazirlik va idoralar tomonidan huquqiy targʻibotning samarali tashkil etilmaganligi oqibatida qamoqda saqlash joylarida bir qator kamchiliklar hamda oʻz yechimini kutayotgan muammolar aniqlandi. Yaʼni:

jazoni ijro etish muassasasi xodimlari “Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi Qonundan toʻliq xabardor emasligi;

ishlab chiqarishda mehnatga jalb qilingan mahkumlar maxsus kiyim-bosh, poyabzal, boshqa shaxsiy himoya va gigiyena vositalari bilan toʻliq taʼminlanmaganligi tanqid qilindi.

Bundan tashqari, Vakilning mintaqaviy vakillari oʻz faoliyatini targʻib qilish ishlarini samarali yoʻlga qoʻymaganligi taʼkidlandi.

Majlisda senatorlar tomonidan:

“Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman) toʻgʻrisida”gi va “Bolalar Ombudsmani toʻgʻrisida”gi Oʻzbekiston Respublikasi qonuni loyihalarini ishlab chiqish;

jamoatchilik vakillari bilan birgalikda tergov izolyatori va jazoni oʻtash muassasalariga “monitoring tashriflari” tizimli yoʻlga qoʻyish;

murojaatlar bilan ishlashda tahlillarga asoslangan holda fuqarolarning huquqlari buzilishi toʻgʻrisida axborotni shakllantirishning yagona mezonini ishlab chiqish, shuningdek, anonim murojaatlarni ham eʼtiborga olish;

Oʻzbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi koʻrib chiqishi uchun qonunga muvofiq masalalar kiritish vakolatidan faol foydalanish tavsiya etildi.

Bola huquqlari boʻyicha vakilga:

bola huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini yana-da takomillashtirish, bola huquqlarining kafolatlarini taʼminlash va ushbu sohadagi xalqaro majburiyatlarni bajarishning taʼsirchan tizimini yaratish maqsadida Bola huquqlarini taʼminlash boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining milliy strategiyasini yil yakuniga qadar ishlab chiqish va tasdiqlash uchun Oliy Majlis palatalariga kiritishni;

vakolatli organ tomonidan bolalarning davlat organlari va mansabdor shaxslarga qilgan murojaatlarining toʻliq koʻrib chiqilishini taʼminlash hamda qanoatlantirilganligi ustidan doimiy monitoring yuritish tizimini joriy etishni;

harakatlarida bola huquqlari va erkinliklari buzilganligi aniqlangan shaxslarni javobgarlikka tortish toʻgʻrisida tegishli organlarga iltimosnoma yuborish boʻyicha faoliyatini kuchaytirishni;

“Mehribonlik uyi” bitiruvchilarini yashash uylari hamda doimiy ish joylari bilan taʼminlanishi boʻyicha muntazam monitoring oʻrnatish borasida tavsiyalar bildirildi.

Mazkur masala yuzasidan Oliy Majlis Senatining tegishli qarori qabul qilindi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер