Inson huquq va manfaati himoyasi va qonun ustuvorligi – asosiy maqsad

10:56 08 Yanvar 2025 Jamiyat
335 0

Qariyb 28 yildirki, ushbu sohada faoliyat olib boraman va haqli ravishda tanlagan kasbim bilan faxrlanaman. Ustozlarimiz eʼtirof etganidek, huquqshunos qilni qirq yoradigan darajada ziyrak va aqlli boʻlishi zarur. Boisi inson taqdiri, shaʼni, hayoti hal boʻladigan paytda xato qilishga haqqimiz yoʻq. Boisi birgina xato kelajakda bir inson, oila, qolaversa, jamiyatimiz uchun juda qimmatga tushishi mumkin.

Shu sababli faoliyatim davomida hamisha yuksak malakali yurist va masʼuliyatli xodim boʻlishni ustuvor vazifa sifatida belgilab olganman. Yuklatilgan vazifalarni bajarishga professional ravishda yondashaman. Qonun ustuvorligini taʼminlashda, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq hamda erkinliklari, jamiyat va davlatning qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlarini himoya qilishda oʻz hissamni qoʻshishga harakat qilaman.

Bu borada oʻtgan davr mobaynida birgina ijtimoiy sohada qonunchilik ijrosi ustidan nazorat yoʻnalishida 22 ta tekshirish oʻtkazib, natijasi boʻyicha 240 ta prokuror nazorati hujjatlari qoʻllanilishiga erishdim. Natijada aniqlangan noqonuniy huquqiy hujjatlarni bekor qilish va qonunga muvofiqlashtirish toʻgʻrisida 32 ta protest, davlatga yetkazilgan pullarni undirish va ish haqlari boʻyicha 54 ta daʼvo ariza, qonun talablarining buzilishini bartaraf etish toʻgʻrisida 14 ta taqdimnoma kiritildi. 45 nafar shaxslarga nisbatan intizomiy, 5 nafar mansabdor shaxslarga maʼmuriy javobgarlikka oid qaror loyihalari tayyorlandi. 11 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, 400 nafardan ortiq shaxslarning buzilgan huquqlari tiklandi.

Xususan, bandlik sohasi boʻyicha qoʻpol qonun buzilishi holatlari boʻyicha 2 ta jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, byudjetga yetkazilgan 400 mln. soʻmlik zarar aniqlandi va undirilishi taʼminlandi. Shuningdek, Bosh prokuraturaga uch marotaba ijobiy ish tajribalarim yuborilib, otaliqqa olingan yoshlar bilan ishlashda Fargʻona tajribasi yaratildi.

Oʻz navbatida, soʻnggi yillarda bevosita oʻzimni ishtirokim bilan jismoniy va yuridik shaxslarning 430 ta murojaatlari qonunda belgilangan muddatlarda koʻrib chiqilib, ularning 220 tasi qanoatlantirildi. Oʻtkazilgan xatlov ishlari yakuniga koʻra, mahallabay ishlash samarasi sifatida 70 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj, 220 ta notinch hamda 255 ta ajrim yoqasiga kelgan oilalar aniqlanib, ularning muammolarini bartaraf etish boʻyicha aniq chora-tadbirlar belgilandi hamda ajrim yoqasidagi 84 ta oila yarashtirildi.

Fargʻona viloyati prokurorining sayyor qabullari davomida jismoniy va yuridik shaxslardan hamda ularning vakillaridan kelib tushgan 320 dan ortiq murojaatlar mazmunan koʻrib chiqilib, ularning 290 tasi yoki 90 foizi qanoatlantirildi.

Xususan, murojaatchilarning 83 nafari ishga joylashtirilishi, 32 ta oilalarga bepul dori-darmonlar, 25 tasiga oziq-ovqat mahsulotlari berilishi taʼminlandi. 75 nafar fuqarolarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazilishi, 35 nafariga davolanish uchun orderlar berilishi, 22 nafar fuqarolarga nogironlik aravachasi, 18 nafari protez-ortopediya moslamalari va reabilitatsiya vositalari bilan taʼminlanishiga koʻmaklashildi.

Faoliyatimizda sport muhim ahamiyatga ega. Shu bois dzyudo boʻyicha sport ustasi, xalqaro va respublika miqyosidagi turnirlar gʻolibi va sovrindori sifatida sohada sogʻlom turmush tarzini targʻib etishga harakat qilaman.

Oʻtgan yili kasb bayrami munosabati bilan davlatimiz rahbari Farmoniga koʻra, “Sodiq xizmatlari uchun“ medali bilan taqdirlandim. Bunday eʼtibor va ragʻbat yanada gʻayrat, shijoat bilan ishlashga undaydi. Yangi-yangi yutuqlar sari ruhlantiradi.

Shu fursatdan foydalanib, Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi, Fargʻona viloyati prokuraturasi jamoasiga oʻz minnatdorchiligimni bildirib, barcha ustozlar, hamkasblarni kasb bayrami bilan samimiy muborakbod etaman.

Jahongir FOZILOV,

Fargʻona viloyati prokuraturasi boʻlim boshligʻi,

“Sodiq xizmatlari uchun“ medali sohibi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер