“InnoWeek-2024” xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi oʻz ishini boshladi — fotoreportaj

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”
Akram Xamraqulov/“Xalq soʻzi”. Poytaxtimizda “Barqaror rivojlanish uchun innovatsiyalar“ mavzusiga bagʻishlangan xalqaro innovatsion gʻoyalar haftaligi ochildi.

“Oʻzekspomarkaz” konferensiyalar zalida oʻz ishini boshlagan mazkur haftalik Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan tashkil etilgan boʻlib, rasmiy ochilish marosimi 14-noyabr kuni boʻlib oʻtdi. Unda hukumat aʼzolari, xorijiy va mahalliy ekspertlar, innovatsion gʻoya yetakchilari hamda yosh ixtirochilar ishtirok etdi.

— Joriy yilgi “InnoWeek-2024” mavzusi juda dolzarb va ahamiyatli ekanini koʻrib, menda ham yangi gʻoyalar tugʻildi, — deydi BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii. — Innovatsiya oʻz-oʻzidan amalga oshadigan ish emas. U muayyan maqsadga xizmat qiladi. Aynan, barqaror rivojlanish borasidagi innovatsiyalar bizni ezgu maqsadlar sari birlashtiradi. Tadbirda iqtisodiy yuksalish va yaxshi turmush sharoitlari yaratish, insoniy qadriyatlarimizni qoʻllab-quvvatlash, tabiiy resurslarni asrash va ulardan oqilona foydalanish, barqaror va osoyishtalikni taʼminlash borasidagi oʻz gʻoyalarimni ilgari surmoqchiman. Biz bu yerda inson manfaatlari va umumiy maqsad yoʻlida birlashib, yangi gʻoyalarni yaratamiz.

Xorijiy ilmiy-innovatsion markazlar, investitsiya jamgʻarmalari, texnologik agentliklar, texnoparklar va biznes inkubatorlar ishtirokida boʻlib oʻtayotgan mazkur tadbir mavjud innovatsion texnologiyalar bilan tanishish barobarida sarmoyadorlarni jalb etish va ishonchli hamkorlar topish uchun qulay muhit yaratdi.

Mazkur haftalikda Xitoy, Malayziya, Tailand, Hindiston, Eron, Turkiya, Germaniya, Koreya, Ispaniya, Qozogʻiston, Rossiya va Qirgʻiziston kabi dunyoning 30 ga yaqin davlatlaridan 150 nafardan ortiq vakillar va elchilar ishtirok etmoqda. Tadbirga Eron Islom Respublikasi fan, texnologiyalar va innovatsion iqtisodiyot boʻyicha vitse-prezidenti oʻrinbosari Turaj Amrae boshchiligida 15 dan ortiq kompaniya, Tailand Milliy tadqiqot kengashi ijrochi direktori Viparat De-ong boshchiligida 15 dan ortiq oliy taʼlim va ilmiy tadqiqot muassasasi vakillari hamda boshqa davlatlarning oliy martabali mehmonlari tashrif buyurgani gʻoyalar haftaligi nufuzini yanada oshirdi.

— “InnoWeek-2024” tadbirida ilk bor NRCT nomidan ishtirok etmoqdaman, — deydi Tailand Milliy tadqiqot kengashi (NRCT) ijrochi direktori Viparat De-ong. — Ushbu tadbir ixtirochilar va yangilik yaratishga intilayotgan tadbirkorlarga oʻz kashfiyotlarini namoyish etish, yangi mahsulot va xizmatlarni taqdim qilish hamda potensial biznes hamkorlari bilan mustahkam aloqalar oʻrnatish uchun keng imkoniyat yaratadi. Har qanday sohada rivojlanish hamda raqobat uchun ilm va innovatsiya zarur. Haftalik davomida anʼanaviy tarzda yangi innovatsion ishlanmalar koʻrgazmasi tashkil etiladi. Yoshlarning texnologik tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash uchun alohida maydonda qator musobaqa va interaktiv tadbirlar oʻtkaziladi. Ushbu tadbirlar ilmiy-texnik bilimlarni yanada oshirish, yangi tajribalar almashish hamda qoʻshimcha imkoniyatlarni safarbar qilishga xizmat qiladi, deb ishonaman.

Haftalik doirasida xalqaro innovatsion mahsulotlar koʻrgazmasida 512 ta mahalliy, 34 ta xorijiy tashkilotlar tomonidan “Tijoratlashtirish”, “Startap” va “Ilmiy tadqiqot” loyihalarini amalga oshirish natijasida yaratilgan innovatsion mahsulotlar namoyish etildi.

Tadbir 16-noyabrgacha davom etadi.






Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring