Ingichkada MDH davlatlari ichida yagona fabrika ishga tushdi
Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Mustaqilligimizning 33 yilligi arafasida Ingichka shaharchasida “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati” AJ tasarrufidagi “Ingichka boyitish fabrikasi”ning investitsion loyihasi doirasida ikkinchi bosqichi ochildi.
Fabrika sobiq Ingichka tajriba texnologiya ekspeditsiyasining foydalanilmayotgan binolari negizida barpo etildi. Oʻtgan asrning 70-yillarida Ingichka yirik ruda qazib oluvchi konlari va qayta ishlovchi fabrikasi bilan mashhur boʻlgan. Ammo orada mazkur konlarning ishlash rejimi ancha pasayib, ishlab chiqarish deyarli toʻxtab qoldi. Mamlakatimiz rahbari tashabbusi bilan 2022-yilda bu yerda konlar faoliyatida katta miqyosda ish boshladi.
Fabrikani ikkinchi navbatini ishga tushirish tadbirida Olmaliq kon-metallurgiya kombinati, Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati rahbariyati, Samarqand viloyati, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimligi va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda soʻz olganlar mazkur loyihaning davlat, jamiyat va mahalliy aholi farovonligida muhim ahamiyat kasb etishini taʼkidlab, bu kelajakda ishlab chiqarish samaradorligini oshishiga hamda “Ingichka qoʻrgʻonida” yangi ish oʻrinlari yaratilishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Fabrikani loyihalashtirish ishlari kombinatning Loyiha ishlari boshqarmasi tomonidan, texnologik uskunalarni oʻrnatish va binolarni rekonstruksiya qilish ishlari “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti tomonidan amalga oshirildi.
— Fabrikada jami 9 turdagi 43 ta yangi texnologik uskunalar oʻrnatilgan. Kimyo laboratoriyasi, tahlil laboratoriyasi, boyitish tajriba sexi, maishiy binolar qurib bitkazildi, — dedi Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi oʻrinbosari Zohid Ishmuhammedov. — Loyihaga koʻra, fabrikada Ingichka volfram konining 12 million tonnadan ziyod texnogen chiqindilari qayta ishlanadi. Fabrikaning ikkinchi navbati toʻliq ishga tushgach, yiliga 185 tonna volfram konsentrati olinadi.
“Ingichka boyitish fabrikasi” MDH davlatlari ichida yagona fabrika hisoblanadi. Chunki avtomobilsozlik, kosmik materiallar ishlab chiqarish, elektronika, zamonaviy tibbiy va va boshqa koʻplab sohalardagi jihozlarni tayyorlashda muqobili yoʻq boʻlgan xomashyo – volfram ishlab chiqarish sanoqli davlatlardagina yoʻlga qoʻyilgan.
Dunyo bozorida bir kilosining narxi 50 dollardan yuqori boʻlgan hamda zichligi va noyobligi jihatidan olmosdan keyingi oʻrinda turadigan volframsiz bugungi zamonaviy sanoatni tasavvur qilib boʻlmaydi.
— “Ingichka boyitish fabrikasi”ning ishga tushishi natijasida 120 ta yangi ish oʻrni yaratildi, — deydi fabrikaning ishlab chiqarish boʻlimi rahbari Farhod Shonazarov. — Ilgari volfram rudadan olingan boʻlsa, bugun texnologiyalar yangilanib, “Oʻzbekiston texnologik metallar kombinati”da olib borilgan qator tadqiqotlar natijasida chiqindidan volfram olish ishlari amalga oshirilmoqda. Ingichkadagi ushbu fabrikada texnogen chiqindidan 40 foizgacha boʻlgan volfram qotishmasi olinadi. U kombinatda yana qayta ishlanib, toʻliq holatga keladi. Aytish kerakki, mazkur fabrikadagi konsentrat dunyodagi eng tozalaridan biri sanaladi. Dunyo bozorida oʻz bahosiga ega. Shuning uchun ushbu mahsulotning 95 foizi xorijga eksport qilinadi.
Mazkur fabrikada, shuningdek, maʼmuriy binolar, oshxona, laboratoriyalar toʻliq rekonstruksiya qilinib, anjumanda ushbu rekonstruksiya ishlarida jonbozlik koʻrsatgan bir guruh xodimlar taqdirlandi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sizni ajablantiradigan anʼanalar. Dunyo boʻylab yangi yil qanday nishonlanadi?
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Xorijiy valyutalarning oʻzbek soʻmiga nisbatan Yangi yildan keyin amalda boʻladigan qiymati eʼlon qilindi
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkentdagi “Sharq bahori” turar joy majmuasining qurilish maydoniga tashrif buyurdi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring