Imkoniyat va sharoitdan samarali foydalanish lozim

Prezident Shavkat Mirziyoyev 10-fevral kuni Jizzax viloyatida boʻlib, amalga oshirilayotgan yirik loyihalar, odamlar hayoti bilan yaqindan tanishdi. Va asosiysi, tashrif chogʻida davlatimiz rahbarining viloyatda yirik sanoat quvvatlarini tashkil etish, iqtisodiyotni rivojlantirish, turmush farovonligini yuksaltirishga doir tashabbuslari, oddiy odamlar bilan oʻtkazgan muloqotlari xalqimizning koʻnglidan joy oldi, ertasiga ishonchini oshirdi...
Jizzax yaqin paytlargacha iqtisodiy oʻsishda boshqa viloyatlarga nisbatan sust boʻlib, paxta tolasi ishlab chiqarish sanoatning asosiy tayanchi edi. Ammo bugun Jizzaxda elektrotexnika, optik tola, avtomobil, murakkab kimyoviy moddalar, energiyatejamkor materiallar va boshqa yuqori texnologik mahsulotlar ishlab chiqarilyapti. Yildan-yilga yalpi hududiy mahsulot koʻrsatkichlari oshayotir. Kichik va oʻrta biznes hajmi ham oʻsmoqda. Oʻtgan yil 27 trillion soʻmdan koʻproq yalpi hududiy mahsulot bilan yakunlangan boʻlsa-da, aslida bundan ham yuksak natijalarga erishish mumkin. Zero, hududda “oʻsish nuqtalari” koʻp, ammo hamma gap ulardan unumli foydalanishda.
Qishloq xoʻjaligi va sanoatga ixtisoslashtirilgan Jizzax viloyatida 302 ta mahalla bor. Ushbu mahallalarda 325 mingta oila yashaydi. Viloyatda 791 ming mehnatga layoqatli aholi boʻlib, ulardan qariyb 56 ming nafari ishsiz. Odamlarni ish bilan taʼminlash uchun hududga investitsiya jalb etish, yangi korxonalar ochish zarur. Prezidentimiz tashabbusi bilan Jizzax viloyatida bunga xalal beruvchi toʻsiqlar bartaraf etilmoqda. Qisqacha aytganda, islohotlar oʻz mevasini bermoqda. Bugun Jizzax viloyatida faoliyat koʻrsatayotgan sanoat korxonalarining soni qariyb 4,5 mingtaga yetgani ham (ulardan 231 tasi qoʻshma korxona) buning yaqqol dalilidir.
Tashrif chogʻida Prezidentimiz aholi bilan uchrashdi, tadbirkorlarning ilgʻor yutuqlari bilan tanishdi, muammolar bilan qiziqdi va ularni yechish yoʻllarini koʻrsatdi. Aslida ham shunday, odatda yaxshi taklif va muammoli masalalar samimiy muloqot va suhbatlarda yetiladi va yechimini topadi.
Safar dasturidagi birinchi manzil — Paxtakor tumanidagi “Paxtakor elita urugʻchiligi” fermer xoʻjaligi boʻldi.
Odamlarning yerga, mehnatga munosabati tubdan oʻzgarganini ushbu xoʻjalik faoliyati misolida ham yaqqol namoyon. Xoʻjalik maydoni 100 gektar boʻlib, shundan 80 gektarida paxta va gʻalla, qolgan qismida soya, sarimsoqpiyoz, beda ekilgan. Dala chetida tut, uzum, poliz va dukkakli mahsulotlar parvarishlanmoqda. Asalari uyalari qoʻyilgan. Hatto yengil konstruksiyalardan dala uyi qurilgan. Uning tomiga esa quyosh panellari oʻrnatilgan.
Bir qarashda viloyatda qishloq xoʻjaligidagi ahvol risoladagidek. Ammo bu viloyatning agrar tizimidagi islohotlar koʻrsatkichlari maqtangulik darajada degani ham emas. Daladagi uchrashuvda davlatimiz rahbari mutasaddilar, olimlar, klaster va fermerlarga hosildorlikni oshirish uchun tegishli koʻrsatmalar berdi. Bundan koʻzlangan maqsad — aholini rozi qilish, qoʻshimcha ish oʻrinlari yaratish va daromadlarni oshirishga erishishdir.
Yerning tilini biladigan mutaxassislarning yoniga agrar sohaga oid zamonaviy bilimlarni chuqur egallayotgan yoshlarni, mahsulotlarni qayta ishlash sohasining yetuk mutaxassislarini jalb qilish, ularning faoliyatini birlashtirish foydadan holi boʻlmaydi.
Shu maʼnoda, klaster bugun agrar tizimning lokomotiviga aylangan. Prezidentimiz qishloq xoʻjaligi sohasi mutasaddilari va paxta-toʻqimachilik klasterlari rahbarlari bilan muloqotda hosildorlikni oshirish, aholi bandligini taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar bergani bejiz emas. Negaki, klasterlar islohotlarga munosib boʻlib, qishloq xoʻjaligini sanoatlashtirish, korxonalar ochish va kasanachilik orqali oʻz hududida ishsizlikni kamaytirishga hissa qoʻshayotir. Klaster usuli — paxtani yetishtirish, qayta ishlash, arzon narxda pullash oʻrniga, oʻsha joyning oʻzida xomashyoni tayyor mahsulotga aylantirish va uni xorijga xalqaro bozor narxida sotish, demakdir. Natijada dehqon, qayta ishlovchi va sotuvchi birdek daromad koʻradi.
Shu oʻrinda aytib oʻtish joiz, 2017-yilda Oʻzbekistonda bittagina paxta toʻqimachilik klasteri boʻlgan. Bugungi kunga kelib ularning soni 134 taga yetdi. Bu faqat paxtachilikning oʻzida.
Maʼlumki, yurtimizda ishsiz fuqarolarga dehqonchilik uchun yerlar ajratilmoqda. Jizzax viloyatida bu orqali 13 mingdan ziyod yoshlarning bandligini taʼminlash moʻljallangan. Vaholanki, bir paytlar bir gektar yerni xalqqa berish mumkin emasdi. Hozir Prezidentimiz tashabbusi bilan 200 ming gektar ajratildi. Maqsad — odamlarning daromad topishiga erishish.
Keyingi paytlarda butun dunyo tajribasi erkin iqtisodiy zonalar barpo etish manfaatli ekanligini isbotlamoqda. Shu maʼnoda aytsak, oldinlari Jizzax viloyati sanoat koʻrsatkichi aholi jon boshiga eng past boʻlgan hududlardan biri edi. Bugungi kunda har bir tumanga sanoat kirib bordi.
Prezidentimiz “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasidagi korxonalar faoliyati bilan tanishdi. “Jizzax” erkin iqtisodiy zonasida 27 ta loyiha amalga oshirilib, 5 ming 300 ga yaqin ish oʻrinlari yaratilgan. Oxirgi yillarda uning faoliyati takomillashtirilib, biznes uchun qulayliklar yanada kengaytirildi. Hozir bu yerda koʻp turdagi sanoat mahsulotlari ishlab chiqarilmoqda. Ular qatoriga 2022-yilning oktyabrida “Iruskon” qandolat korxonasi ham qoʻshildi. Davlatimiz rahbari bu yerdagi ish jarayonini, mahsulotlarni koʻzdan kechirdi. Korxonada Rossiya, Turkiya, Germaniya va Italiya tajribasi asosida “Deya” brendi bilan eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda. Yillik quvvati 12 ming tonna. 100 ga yaqin kishilar ish bilan band. Kelgusi yil ikkinchi bosqich uchun Germaniya va Turkiyadan yana 5 million dollarlik uskunalar olib kelish rejalashtirilgan. Buning natijasida yana 550 nafar yangi ish oʻrni yaratiladi.
Umuman aytganda, iqtisodiy zonada bunga oʻxshash foyda keltirayotgan korxonalar talaygina. “Jizzax” EIZda yana 14 loyiha amalga oshirilmoqda. Shundan 5 tasi joriy yilda ishga tushiriladi.
Davlatimiz rahbarining yosh avlod kamolotiga qaratayotgan yuksak eʼtibori, oliygohlarda taʼlim olish uchun yaratilgan qulay shart-sharoit va imkoniyatlar viloyatimiz yoshlarining ilm-fanga mehrini toblamoqda, desak, aslo mubolagʻa boʻlmaydi. Bu safar ham shunday — Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax shahridagi Qozon federal universiteti filialida boʻldi. Mazkur universitet Rossiyadagi eng qadimiy va keng qamrovli oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. Uning Jizzax filiali oʻtgan yili ish boshladi va bugungi kunda 325 nafar talaba taʼlim olmoqda. Umuman, muassasa 1 ming 88 oʻrinli. Bu yerda davolash ishi, stomatologiya, farmatsiya, tibbiyot biokimyosi, jurnalistika, iqtisodiyot, geologiya, tilshunoslik, dasturiy muhandislik, axborot tizimlari va texnologiyalari hamda texnologik jarayonlar va ishlab chiqarishni avtomatlashtirish kabi 11 yoʻnalishda mutaxassis tayyorlanadi. Ahamiyatlisi, davlatimiz rahbari muassasa uchun qoʻshimcha bino ajratib, qulayliklarni kengaytirish boʻyicha koʻrsatma berdi.
Jizzaxda eng tez oʻsayotgan sanoat tarmogʻi, bu — qurilish va energiyatejamkor materiallar ishlab chiqarish. Oxirgi besh yilda bu sohada 180 ta yangi korxona tashkil etilgan, 900 million dollarlik 210 ta loyiha ishga tushirilgan. Buning hisobiga qurilish materiallari ishlab chiqarish hajmi 10 baravar oshib, import boʻlayotgan 110 million dollarlik mahsulotlar mahalliylashtirildi, eksport esa 7 baravar koʻpayib, 35 million dollarga yetdi.
Jizzax zamini resurslarga juda boy. Ulardan unumli foydalanish, ishlab chiqarishga yangi, zamonaviy texnologiyalarni tatbiq etish, xorijiy hamkorlar safini kengaytirish payidan boʻlish zarur. Binobarin, haqiqiy tadbirkorman, degan odam, avvalo, jahon bozorini koʻzlaydi. Masalan, viloyatda birgina bazalt zaxirasi 26 million tonna boʻlib, respublikadagi jami zaxiraning 25 foizini tashkil qiladi. Lekin bular ilgari umuman ishlatilmagan. Hozir esa bazaltdan talab yuqori boʻlgan 7 xil zamonaviy mahsulotlarni ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Va Forish tumanida 6 ta korxonadan iborat yaxlit klasterga aylandi.
Shu bilan birga, Baxmal, oʻallaorol, Sharof Rashidov, Zomin, Zarbdor, Zafarobod, Forish va Yangiobodda bazalt, sement, keramzit, shisha va mineral xomashyo zaxirasiga boy 200 ga yaqin konlar bor. Prezident ularga tadbirkorlarni jalb qilib, bozorbop mahsulotlar tayyorlashni yoʻlga qoʻyish zarurligini taʼkidladi. Bu yil qurilish materiallari boʻyicha 460 million dollarlik 31 ta loyihani ishga tushirish vazifasi qoʻyildi.
Energetika taʼminotini yaxshilash masalasi ham doimiy eʼtiborda. Jizzax viloyatida kamida 2 ming megavatt qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun salohiyat bor. Bundan unumli foydalanilsa, 270 megavatt quyosh energiyasi quvvatlari ishga tushiriladi. Natijada 236 million kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarilib, tanqislik ortigʻi bilan qoplanadi va jami 71 million kub metr gaz tejaladi.
Xususan, oʻallaorolda Birlashgan Arab Amirliklarining “Masdar” kompaniyasining 200 million dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyasi hisobidan, 220 megavatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi ishga tushiriladi. Kelgusi yilda bu stansiya toʻliq quvvatga chiqib, 500 million kilovatt-soat elektr olinadi va viloyat ehtiyojining 20 foizini qoplaydi.
Yurtimizda energiya isteʼmolining deyarli yarmi bino-inshootlar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuning uchun ham ijtimoiy soha va davlat idoralari binolarida 5 megavatli, sanoat zonasi va tadbirkorlar binolarida 15 megavatli quyosh panellari oʻrnatish mumkin. Aholi xonadonlariga 8 megavatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini oʻrnatish uchun jozibador sharoitlar yaratiladi. Tadbirkorlarning oʻz ehtiyojlari uchun 5, 10, 15 megavatli quyosh panellari qurish tashabbuslari qoʻllab-quvvatlanadi.
Yoki Zafarobodda bu yil jami 2 megavatli ikkita kichik GES quriladi va bu yil 2,4 million kilovatt-soat elektr ishlab chiqariladi. Osiyo taraqqiyot banki bilan birga Forishda 150 megavatli yirik quyosh fotoelektr stansiyasi qurish loyihasi boshlanadi. Bu stansiya toʻliq quvvatga chiqqanda, 370 million kilovatt-soat elektr ishlab chiqaradi.
Shuningdek, Jizzax shahrida ham issiqlik, ham elektr energiyasi ishlab chiqaruvchi kogeneratsiya markazi quriladi. Demak, aholi va tadbirkorlik subyektlarining energiyaga boʻlgan ehtiyoji toʻliq qoplanadi.
Prezidentimiz Jizzax viloyatiga tashrifi chogʻida koʻplab istiqbolli loyihalar bilan tanishib, hududlarda olib borilayotgan qurilish-bunyodkorlik ishlari koʻlamini kengaytirish, tadbirkorlik, sanoat, qishloq xoʻjaligi, xizmat koʻrsatish va servis sohalarini jadal rivojlantirish, aholi uchun munosib yashash sharoitini yaratish yuzasidan muhim vazifalarni belgilab berdi. Xalqimiz farovonligini oshirish, bandligini taʼminlash bundan keyin ham ustuvor yoʻnalish boʻlib qolishi taʼkidlandi. Mazkur topshiriqlar asosida ishlab chiqiladigan dastur va rejalar ijrosi doirasida bajariladigan ishlar viloyatning sanoat, tadbirkorlik, taʼlim va madaniyat sohalarida oʻz oʻrnini mustahkamlashiga, yuzlab yangi ish oʻrinlari yaratilishi va aholi daromadlari oshishiga munosib hissa boʻlib qoʻshilishi, shubhasiz. Zero, qalbi yaratish ishtiyoqiga toʻla, maqsadlari ulugʻ viloyatimiz aholisi har qanday marrani zabt etishga qodir.
Shavkat SHARIPOV,
Jizzax davlat pedagogika universiteti rektori, professor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ehtiyojmand oilalarga elektr va gaz boʻyicha kompensatsiya beriladi
- Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 150-yubiley assambleyasi Prezidenti etib saylandi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring