Imkoniyat — omilkorlikda

22:04 03 Dekabr 2020 Iqtisodiyot
1223 0

Endokrin xastaliklar profilaktikasida shifokorlar koʻpincha, dengiz mahsulotlari, ayniqsa, baliq isteʼmoli muntazamligini tavsiya etishadi. Sirtdan qaraganda dunyo ummonlari va yirik suv havzalaridan yiroq mamlakatimizda buning imkoni past tuyulishi mumkin. Biroq soʻnggi yillardagi izlanish va yangilanishlar tabiat bu borada ham xalqimizdan oʻz marhamatini ayamaganligini koʻrsatmoqda.

Navoiy viloyatida baliqchilik ravnaqi uchun qulay tabiiy imkoniyatlar mavjud. Zarafshon daryosi viloyatning Xatirchi, Karmana, Navbahor va Qiziltepa tumanlari hududidan oʻtsa, Konimexda Shoʻrkoʻl, Nurotada Aydarkoʻl, Qiziltepada Toʻdakoʻl kabi suv havzalarining mavjudligi aholining baliq hamda baliq mahsulotlariga boʻlgan ehtiyojlarini toʻliq qanoatlantirish, omilkorlik bilan ish koʻrilsa, eksport qilish imkonini ham beradi. Biroq, yaqin-yaqinlargacha viloyatdagi sunʼiy koʻllar baliq hosildorligining gektariga 20 sentnerdan oshmasligi, oʻrtacha koʻrsatkichlardan ancha past boʻlib, ilgʻor xorijiy tajribalarni oʻrganish, intensiv texnologiyalarni keng joriy etish va baliq yetishtirishning yuqori texnologik usullaridan foydalanish alohida eʼtiborni talab qilardi.

Baliqchilikni yana-da rivojlantirish va aholini keng turdagi va arzon baliq mahsulotlari bilan taʼminlashdagi bu kabi kamchilik va muammolari hamda mavjud imkoniyatlar Respublikamiz Prezidentining Navoiy va Jizzax viloyatlariga  tashriflari chogʻida atroflicha muhokama etilgan edi. Natijada ularning kompleks yechimi oʻz aksini topgan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining (PQ2939 sonli) “Baliqchilik tarmogʻini boshqarish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi.

Bugun viloyatning 199 ta baliqchilik xoʻjaliklari tomonidan 1 ta tabiiy, 450 gektarlik yarim intensiv hamda 35 gektarlik intensiv havzalarda baliq yetishtirilmoqda. Shuningdek, 4 ta inkubatsiya sexi, 477 gektar maydonda reproduktor havza, 5 ta yopiq suv aylanma tizimi (UZV)ga asoslangan baliqchilik xoʻjaliklari faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Natijada viloyatda 2019-yilda 13 042 tonna baliq yetishtirilgan boʻlsa, joriy yilda uni 20 000 tonnaga yetkazish rejalashtirilmoqda. Bu yillik oʻsish ellik foizdan yuqori demakdir.

— Mazkur koʻrsatkich marra emas, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Saʼdulla Istamov. — Shu sabab har yili baliqchilik xoʻjaliklarining sohani rivojlantirishga bagʻishlangan seminarini oʻtkazib, unda ilgʻor tajribalarni ommalashtirish bilan birga, uning ravnaqiga xalaqit berayotgan muammolarni ham muhokama qilib, yechimida koʻmaklashamiz. Respublika «Oʻzbekbaliqsanoat» uyushmasi bilan hamkorlikdagi ushbu seminar ham shular jumlasidandir.

Baliqchilarining joriy yilgi seminari media tur koʻrinishida Qiziltepa tumani hududidagi Toʻdakoʻl suv havzasida boʻlib oʻtdi. Havzada faoliyat olib borayotgan “GOLDEN LAKE FISH” MCHJ tomonidan 5 gektar maydonda 5 ta intensiv havza tashkil etilgan boʻlib, 500 tonna baliq yetishtirilmoqda. Tadbirkor tomonidan 2019-yilda Vengriya davlatidan olib kelingan 390 dona ota-ona karp baliqlari bilan ish boshlanganini inobatga olsak, bu sohaga eʼtibor samarasining ifodasidir.

Shuningdek, Toʻdakoʻl tabiiy suv havzasiga 550 ta qafas (sadok) moslamasi oʻrnatilgan boʻlib, unda olti nafar xitoylik mutaxassislar faoliyat yuritadi. Joriy yil bahor mavsumida 183 tonna, kuzgi mavsumida esa 90 tonna baliq chavoqlari bilan baliqlantirildi. Chavoqlar asosan Vyengriya karp baligʻi, mahalliy zogʻora, oq amur, oq doʻngpeshona baliqlaridan iborat. Kelgusi yilda xitoylik mutaxassislar investitsiya kiritib, 1000 dona qafas moslamasi oʻrnatishni rejalashtirishmoqda.

Havzada yiliga 100 million dona baliq lichinkasi ishlab chiqarish quvvatiga ega boʻlgan inkubatsiya sexi faoliyati yoʻlga qoʻyilgan. Oʻn bir kishining bandligini taʼminlagan sexda 2019-yil 20 million , 2020-yilda esa 50 million dona baliq lichinkalari ishlab chiqarildi. Bundan tashqari 210 gektar maydonni egallagan reproduktor havzalarida 2019-yilda 3 million dona mahalliy, 2020-yilda 5 million dona venger karp baligʻi chavoqlari yetishtirildi.

Toʻdakoʻl hududning nafaqat baliqchilik balki turizm rivoji uchun ham qulay manbalaridan biri. Shu bois bu yerda sayyohlik jozibadorligini oshirish, xususan istiqbolda baliq ovlash turizmini kengaytirish moʻljallangan. Mazkur maqsad roʻyobida “AQVA FURE” Oʻzbekiston - Vengriya qoʻshma korxonasi tomonidan har qanday mavsumda ham baliq ovlashga imkonini beruvchi katerlar ishlab chiqarishning yoʻlga qoʻyilganligi dastlabki qadamdir. Yil oxiriga qadar korxonada usti ochiq va usti yopiq turlardagi qayiqlar, kelgusi yil fevral oyidan esa yaxta ishlab chiqarishni oʻzlashtirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan 3000 dona gibrid oʻrdaklar olib kelinganligi tadbirkorlar Toʻdakoʻlda uzoq istiqbolli loyihalarni amalga oshirayotganligidan dalolatdir. Eng muhimi birgina “GOLDEN LAKE FISH” MCHJ tomonidan havzada 78 ta doimiy, 126 ta mavsumiy ish oʻrinlari yaratilib, xalqimiz dasturxoniga parhezbop va dorivor xususiyatga ega mahsulot yetkazish hajmi oshirilmoqda.

Temur ESHBOYEV,
(“Xalq soʻzi”).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер