IMEI-tizimi faoliyati qayta koʻrib chiqiladimi?

Ushbu savolga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Maniyazov quyidagicha javob berdi:
«Kuni kecha bir qator ijtimoiy tarmoqlarda “Mening fikrim” veb-portaliga UZIMEI tizimi boʻyicha oʻtgan yili joylashtirilgan jamoaviy murojaat parlament tomonidan haligacha koʻrib chiqilmaganligi haqida koʻplab eʼtirozlar yangraganiga guvoh boʻldim. Lekin aslida ham shundaymi?
Darhaqiqat, 2019-yil 14-dekabrda fuqaro Dehqonov Anvarjon Maxamatxalimjon oʻgʻli nomidan “Mening fikrim” veb-portaliga “Mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishni soddalashtirish haqida”gi jamoaviy murojaati joylashtirilgan edi.
Ushbu jamoaviy murojaat 2019-yilning 17-fevral kuniga kelib 10 mingdan ortiq ovoz toʻplashga erishgan hamda “Mening fikrim” veb-portali orqali elektron jamoaviy murojaat qilish va ularni koʻrib chiqish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomning 32-bandiga asosan masala Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga oʻrganish uchun kiritilgan.
Shundan kelib chiqib, Murojaatda koʻtarilgan masalani tegishli tartibda oʻrganib, xolis tahlillar asosida xulosa tayyorlash, xalqaro tajribani va jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida masʼul qoʻmita sifatida men faoliyat yuritayotgan Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari qoʻmitasi tomonidan 2020-yilning 20-fevralida Ishchi guruh tuzildi. Ishchi guruh tarkibiga Oliy Majlis deputatlaridan tashqari, masalaga aloqador sohalar vakillaridan boʻlgan mutaxassislar ham jalb etildi.
Ishchi guruh tomonidan 2020-yilning mart oyidan Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi hamda Davlat bojxona qoʻmitasi faoliyatida Vazirlar Mahkamasining 2018-yil 22-oktyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasida mobil qurilmalarni hisobga olish tizimini tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2019-yil 17-sentyabrdagi “Oʻzbekiston Respublikasi hududida foydalanilayotgan, sotish yoki shaxsiy foydalanish uchun olib kelinadigan va ishlab chiqariladigan mobil qurilmalarni roʻyxatdan oʻtkazish tartibi toʻgʻrisida”gi qarori talablarining bajarilishi va amalga oshirilayotgan ishlar oʻrganilishi boshlandi.
Lekin oʻtgan yilning mart oyida mamlakatimizda qatʼiy karantin choralari joriy etilishi sababli Ishchi guruh oʻrganishining muddatlarini uzaytirishga toʻgʻri keldi.
Shunga qaramay, Ishchi guruh tomonidan olib borilgan oʻrganish oxiriga yetkazilib, oʻrganish natijalari va xulosalariga koʻra, IMEI-tizimning joriy etilishi yurtimizda mobil aloqani rivojlantirish, xavfsiz va sifatli aloqa xizmatlarining koʻrsatilishini taʼminlash, isteʼmolchilar uchun sifatli mobil qurilmalardan foydalanish imkoniyatini yaratish, shuningdek, mobil qurilmalarni respublika hududiga noqonuniy olib kirilishiga chek qoʻyilib, ularning qonuniy import qilinishini taʼminlashga xizmat qilishi aniqlangan. Tizimning muvaffaqqiyatli faoliyati orqali birgina 2020-yil davomida davlat byudjetiga 256 mlrd. soʻmlik qoʻshimcha bojxona tushumlari kelib tushgan (solishtirish uchun 2018-yilda atigi 5.1 mlrd. soʻm, 2019-yilning yanvar-oktyabr oylarida esa 10.7 mlrd. soʻm davlat byudjetiga undirilgan).
Bundan tashqari, IMEI-kodlarini majburiy roʻyxatdan oʻtkazish tizimi xalqaro amaliyotda keng qoʻllanilishi va hozirda 43 ta mamlakatda ushbu tizim amaliyotga joriy qilinganligi aniqlangan. Lekin shu bilan bir qatorda, Ishchi guruh tomonidan tizim amaliyotiga oid bir qator kamchiliklar aniqlanib, ular yechimi yuzasidan takliflar ilgari surilgan edi.
Toʻplangan materiallar asosida tayyorlangan xulosa va takliflar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi tomonidann koʻrib chiqilib, mazkur axborot asosida Kengash qarori qabul qilingan.
Lekin ming afsuski, Qonunchilik palatasi tomonidan mazkur jamoaviy murojaat koʻrib chiqilib, bu boʻyicha Kengash tomonidan qaror qabul qilingan boʻlsada, bu haqda “Mening fikrim” veb-portaliga tegishli maʼlumot joylashtirilmagan. Bu oʻrinda jamoatchilik tomonidan bildirilgan tanqidlar oʻrinli deb bilaman. Veb-portalga masʼul moderator sifatida biriktirilgan Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti xodimlarining masʼuliyatsizligi va oʻz ishiga nisbatan talabchan emasligi sababli qilingan bir xato ortidan jamoatchilik orasida parlamentga nisbatan ishonchsizlik shakllanishiga sabab boʻlmoqda. Umid qilamanki, institut xodimlari bundan toʻgʻri xulosa chiqaradilar.
Shu qatorda taʼkidlab oʻtish joizki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi qarori asosida, yaʼni Ishchi guruh tomonidan taqdim etilgan taklif va kamchiliklarni inobatga olgan holda Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 31-dekabrdagi qarori qabul qilinib, unga koʻra mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini roʻyxatga olish tartibi toʻgʻrisidagi Nizomga bir qator oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Misol uchun, Nizomga kiritilgan oʻzgartirishlarga asosan agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrgacha avtomatik roʻyxatdan oʻtgan va bazaga kiritilgan boʻlsa, uning boshqa slotidagi IMEI-kodini roʻyxatga olinishi bepul ravishda amalga oshirilishi, shuningdek, agar mobil qurilmaning bir slotiga tegishli IMEI-kodi 2019-yil 1-noyabrdan keyin arizaga asosan roʻyxatga olingan boʻlsa, unda ushbu qurilmaning boshqa sloti IMEI kodi hech qanday qoʻshimcha talablarsiz toʻlov asosida roʻyxatdan oʻtkazilishi belgilandi. Bu esa fuqarolarga oʻz ehtiyojlari uchun olib kelgan mobil qurilmalarni IMEI-kodlarini roʻyxatdan oʻtkazishda yana-da qulaylik yaratadi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring