Ilon Maskni qoyil qoldirgan oʻzbek oʻgʻloni
Botir MADIYOROV/“Xalq soʻzi”. Jaloliddinmirzo Shuhratov ertangi kun istiqboli uchun ulkan qadamlar tashlayotgan yoshlarimizdan. U Fargʻonada tugʻilib, voyaga yetdi. Dastlabki taʼlimni Fargʻona shahrida oldi. Ayni kunlarda Germaniyaning nufuzli “GISMA” universitetida kiberxavfsizlik yoʻnalishida oʻqiydi.
Bugungi axborot asrida sayyoramizda kiberxavfsizlik nafaqat texnologik, balki strategik ahamiyatga ega sohalardan biriga aylandi. Shu sababli dunyo boʻylab mashhur kompaniyalar ushbu sohada yosh va iqtidorli mutaxassislarni izlaydi. Eʼtiborlisi, soʻnggi yillarda xalqaro miqyosda brend kompaniyalar safida oʻzbek yoshlarining nufuzi ortib bormoqda.
— Maktabni tugatgandan keyin dastlab AQSHning kiberxavfsizlik sohasi boʻyicha dunyo OTMlari reytingida birinchi oʻrinda turuvchi universitetga 100 foiz grant yutgandim, ammo baʼzi sabablarga koʻra, u yerda oʻqish nasib etmadi, — deydi Jaloliddinmirzo Shuhratov. — Shundan soʻng ota-onamning koʻmagi va ragʻbati tufayli Germaniyaga yoʻl oldim. Oliy taʼlimni shu yerda davom ettirmoqdaman.
Jaloliddinmirzo hozirgi kunda okean orti mamlakatidagi dunyoga tanilgan “Tesla” kompaniyasi loyihalarida amaliyot oʻtab, ilgʻor texnologiyalar ishlash muhitida katta tajribaga ega boʻlmoqda. Yosh oʻzbek mutaxassisining yutuqlari nafaqat hamkasblari, balki kompaniya asoschisi, dunyoda innovatsiya va zamonaviy texnologiyalar sohasi yetakchisi boʻlgan Ilon Maskni ham qoyil qoldirgani quvonarlidir.
— Oʻtgan davrda menga 20 dan ziyod nufuzli xorij kompaniyalari mutasaddilari hamkorlik borasida amaliy taklif bilan chiqdi, — deydi iqtidorli hamyurtimiz. — Hozircha oʻz ustimda yanada koʻproq ishlashni maqsad qilganman. Qolaversa, kelajakda olgan bilimlarimni oʻz yurtimning ravnaq-rivoji uchun safarbar etmoqchiman. Boisi endilikda kiberxavfsizlik sohasida mamlakatimizda barcha qulayliklar muhayyo. Bu borada zamonaviy laboratoriyalar tashkil etilib, ilmiy-amaliy tajribalarni oʻzaro uygʻunlashtirib borish imkoniyati yaratildi.
Jaloliddinmirzo bugungi yutuqlari tasodif emasligini isbotlash uchun doimo izlanishda. Chunki jahon bozorida malakali yosh mutaxassislar oʻrtasida raqobat nechogʻli kuchligini yaxshi biladi. Shu bois Germaniya universitetidagi oʻqishi, “Tesla”dagi amaliyoti bilan toʻxtab qolish niyati yoʻq. Oʻz ustida tinimsiz ishlab, kiberxavfsizlik sohasida yangi-yangi kashfiyotlar yaratish, jahonning nufuzli kompaniyalarida yetakchi mutaxassis sifatida faoliyat olib borish eng katta orzusi. Maqsadlar aniq, birinchi qadamlar tashlangan. Endigi navbat yutuqlar salmogʻi va koʻlamini bosqichma-bosqich oshirib borishga qaratilgan.
— Umid bilan taqillatilgan eshiklar bir kuni albatta ochiladi,—deydi u. — Ammo qulflangan eshiklar kaliti bilim va astoydil qilingan mehnatligini unutmaslik lozim.
Dunyo tamadduniga munosib hissa qoʻshgan ajdodlarimiz oʻz davrida ilm-fanda barchaga ustozlik maqomida boʻlgani bejiz emas. Bugun ota-bobolardan meros ana shu maqomni qaytarib olish vaqti keldi. Buning uchun oʻzbek yoshlari ilm-fanda faol boʻlishi kerak.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring