Ilmli, maʼrifatli ayol — millat tarbiyachisi

17:23 13 Fevral 2025 Jamiyat
573 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq coʻzi”. Har qanday jamiyatda ayolning oila va oiladan tashqaridagi mavqei, hayotdan roziligi bevosita jamiyatning munosabati, ijtimoiy faolligini taʼminlay olishi bilan belgilanadi. Kam taʼminlangan, boquvchisini yoʻqotgan, kasalmand, ishsiz, uy-joyi yoʻq va amaliy yordamga muhtoj ayol. Ushbu holatlar qaysidir asar yoki badiiy filmdan olingan emas. Shunchaki yaqin oʻtmishning tasviri. Koʻrish nari tursin, eshitishning oʻzi kishining qalbini ogʻritadi. Afsuski, yillar davomida shu ogʻriqqa chidaganmiz.

Mamlakatimizdagi yangilanishlar ushbu dolzarb masalani mutlaqo yangi rakursdan oʻrganish, mavjud muammolarni bartaraf etish vazifalarini ilgari surmoqda. Chunonchi, davlatimiz rahbari parlamentga yoʻllagan Murojaatnomalarining birida “...Biz mamlakatimizda istiqomat qilayotgan 17 milliondan ziyod opa-singillarimiz, qizlarimiz, onaxon va momolarimizga munosib sharoit yaratib berish uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishimiz lozim, ayollarning andisha qilib, biz erkaklarga ayta olmagan dard-u tashvishlari, kundalik muammolari, orzu-niyatlarini ularning oʻzidan yaxshi tushunadigan inson yoʻq”, deya taʼkidlagandi.

Ayolga ehtirom — millat va davlatning oʻz kelajagi, ertangi kuniga munosabatining koʻzgusi. Jaholat har doim jaholatga, maʼrifat esa taraqqiyotga turtki bergan. Xotin-qizlarga koʻrsatilayotgan gʻamxoʻrlik jamiyatga ulgʻayib kelayotgan avlod sadoqati, mehnati, farogʻati va fidokorligi boʻlib qaytadi. “Ayollar daftari” ijtimoiy loyihasi joriy etilganidan buyon birgina Navoiyning oʻzida 108 ming nafar mazkur toifadagi xotin-qizlarning muammolari bartaraf etildi. Bu viloyatdagi ayollarning qariyb beshdan bir qismidir.

Yozning jaziramasida paxta dalalari atrofidan oʻting, yuzi aralash boshiga roʻmol tangʻib olgan ayollarning gʻoʻzani chopiq qilayotganining guvohi boʻlasiz. Vaholanki, shifokorlarning taʼkidlashicha, quyosh nurining toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsiri ayollarda kamqonlik va saraton kasalligini keltirib chiqaradi.

— Ish soʻrab kirmagan idoram qolmagan, — deydi Navoiy shahridagi Vatan mahallasidan Norgul Ramazonova. — Birida diplom soʻrasa, boshqasi “qisqartirish” ketayotganini aytdi. “Mehnat yarmarka”larida erkakbop, tajriba va malaka talab etadigan ishlarni taklif etishdi. Shu taxlit besh yil sarson boʻlib, oʻzimga munosib ish topolmadim. Bu oraliqda sogʻligʻim yoʻqoldi. Oilasida yetishmovchilik boʻlgan kishiga davolanish, salomatligini tiklash oʻz-oʻzidan boʻlmaydi. Xullas, taqdirga tan bergandim.

N. Ramazonova Respublika Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 31-martdagi “Xotin-qizlar muammolarini oʻrganish va hal etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori asosida “Ayollar daftari”ga kiritilib, oila va xotin-qizlar fondi hisobidan davolanishi va jarrohlik amaliyoti uchun 34 mln soʻm moddiy yordam ajratildi. Kasallikdan forigʻ boʻlishi uchun muolajalar davom ettirilmoqda.

— Viloyatda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha ustuvor vazifalar belgilanib, mavjud muammolar boʻyicha “Ayollar daftari”ga kiritilganlar olti toifaga ajratildi, — deydi viloyat hokimi oʻrinbosari Malika Mamadiyarova. — Birinchi toifa boʻyicha viloyatdagi 3634 nafar ishsiz xotin-qizlarning bandligi taʼminlangan boʻlsa, ikkinchi toifadagi 304 nafar xotin-qizlarga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 4 mlrd. 151 mln. soʻmlik kredit mablagʻlari ajratildi. “Ayollar daftari”ga kiritilgan 255 nafar xotin-qizlarning jarrohlik amaliyoti uchun oila va xotin-qizlar fondi tomonidan 2 mlrd 51 mln soʻm mablagʻ sarflandi.

Ayniqsa, chekka qishloqlarda istiqomat qiluvchi ayollar bandligini taʼminlashda hududlarning mavjud xom-ashyo resurslaridan unumli foydalanish, asriy anʼanalarni ragʻbatlantirish oʻz samarasini bermoqda.

— Quvonarlisi, kichik biznes va tadbirkorlikka qoʻl urgan, oʻzi va dugonalari uchun ish oʻrinlari yaratayotgan xotin-qizlarning safi yildan yilga kengayib bormoqda, — deydi Navoiy viloyati Xotin-qizlar tadbirkorlik markazi rahbari Gulsanam Norova. — Bugun tadbirkorlik bilan shugʻullanayotgan opa-singillarimiz sonini besh yil avvalgi koʻrsatkichlar bilan solishtirsak, bir necha baravar ortganiga guvoh boʻlamiz. Xususan, xotin-qizlarni kasbga oʻqitish va bandligini taʼminlash boʻyicha manzilli dasturga koʻra, oʻtgan yilda qariyb 30 ming nafar xotin-qizlarning bandligi taʼminlandi. Yangidan tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻygan 1,5 ming nafar xotin-qizlarimiz bugun ish beruvchiga aylandi. Shuningdek, tadbirkorlik sohasida yaratilgan imtiyozlar asosida eksportyor ayollarimiz soni 22 taga ortdi. Xususan, Nurota tumanidagi “Nur soʻzana” korxonasi rahbari Saodat Fayziyeva 10 ta mahalladagi 150 dan ortiq xotin-qizlarni kasanachilik asosida ish bilan taʼminlab, korxona tomonidan qiymati 100 ming AQSH dollari miqdoridagi mahsulotlar Kanada, Ruminiya, Turkiya, Fransiya davlatlariga eksport qilindi.

Prezidentimizning “Bitta qiz bolani oʻqitsangiz — butun oilani oʻqitgan boʻlasiz” degan daʼvatlarida ayni ezgu maqsad oʻz ifodasini topgan. Zotan, mamlakatimiz rahbari xotin-qizlarni oliy taʼlimga jalb etish, bu borada ularning intilishlarini qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirishga eʼtibor qaratib, ayolni oʻqitish jamiyatni, oilani maʼrifatli qilish barobarida yangi Renessansning birinchi sharti, deya eʼtirof etadi.

— Toʻrt yildan buyon har yili 150 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalardagi talaba qizlar uchun oʻrtacha 1,5 mlrd. soʻmlik kontrakt pullari davlat byudjetidan toʻlab berilmoqda, — deya davom etadi Malika Mamadiyarova. — Viloyatimizda har yili 60 nafar xotin-qizlar OTMlariga qoʻshimcha davlat granti asosida oʻqishga qabul qilinishi taʼminlanib, “mahalla yettiligi” tavsiyalari orqali kam taʼminlangan, nogironligi mavjud oilalar farzandi boʻlgan talaba qizlarga foizsiz talaba kreditlari ajratilmoqda.

Mamlakatimiz Prezidenti BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida dunyo hamjamiyati eʼtiborini gender tengligi masalasiga qaratib, respublikamizda xotin-qizlarning oʻz imkoniyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqarishi, ularning haq-huquqlarini himoya qilish, ular uchun barcha shart-sharoitlarni taʼminlash davlat siyosatining ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylanganligini taʼkidlagandi.

Haqiqatan ham soʻnggi yillarda mamlakatimizda xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularning siyosiy faolligini yanada oshirishning barcha sohalarda taʼsirchan institutsional mexanizmi yaratildi. Shu nuqtayi nazardan, Navoiyda oʻtgan yili rahbar ayollar ulushi 17 foizdan 20 foizga oshirildi. Oʻrta boʻgʻindagi boshqaruvda har toʻrtta rahbarning bittasi va yuqori boʻgʻindagi boshqaruvda har beshta rahbarning bittasi ayollardan tayinlangan. Buni Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan oʻtkazilgan ochiq mustaqil tanlovlarda birgina Navoiy viloyati boʻyicha gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 439 nafar nomzodlarning 66 nafari yoki 15,3 foizi xotin-qizlar ekanligida yaqqol kuzatish mumkin.

— Viloyatda “Ayollar daftari” tizimining ikkinchi bosqichida 29 ming 927 nafar xotin-qizlarning turli muammolari hal etildi, — deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi yetakchi mutaxassisi Dilnoza Gʻafforova. — “Ayollar daftari”ning uchinchi toifasidagi 8610 nafar boquvchisini yoʻqotgan ehtiyojmand ayollarning har biriga naqd pul koʻrinishida bir martalik moddiy yordamlar tarqatildi. Shuningdek, ushbu toifa xotin-qizlarning 142 nafarining yashash xonadoni taʼmirlab berildi. Toʻrtinchi toifadagi 11 936 nafar ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, shuningdek tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarga har biriga naqd pul koʻrinishida bir martalik moddiy yordamlar koʻrsatildi. Ushbu toifa xotin-qizlardan 135 nafarining yashash xonadoni taʼmirlanib, beshinchi toifadagi 377 nafar uy-joyga muhtoj xotin-qizlarning ijara toʻlovlari toʻlab berildi. Oltinchi toifadagi 3040 nafar qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandlari mavjud ayollarga moddiy yordamlar ajratilishi taʼminlandi. Ushbu chora-tadbirlar doirasida umumiy hisobda 20 mlrd. 156 mln. soʻm mablagʻlar ajratildi.

Hazrat Navoiy “Mahbub ul-qulub” asarida ayollarga “Muvofiq tushsa kadbonu, davlat va jamiyatgʻa boʻlmoqdurur hamzonu”, deya taʼrif beradi. Yaʼni, kadbonu — uy bekasi muvofiq tushsa yaʼni, risoladagidek boʻlsa, davlat va jamiyat bilan yonma-yon, yelkama-yelkadir. Bugun jamiyatda ayol ulugʻlanarkan, u millatning maʼnaviy va madaniy darajasini ifoda etadi. Zero, har qanday jamiyatning farovonligi va maʼnaviy kamolotining asosiy mezoni avvalo oilaning ahilligi, undagi farzandlarning sogʻlom va barkamol boʻlib voyaga yetishida namoyon boʻlib, uni oila bekalari ishtirokisiz tasavvur etish mushkul.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер