“Ilhaq” badiiy filmi Tojikiston telekanallarida namoyish qilinadi

12:06 05 Iyun 2021 Madaniyat
1174 0

Oʻzbekiston kinematografiya agentligi buyurtmasiga asosan, “Ezgu fılm” studiyasida suratga olingan “Ilhaq” badiiy filmi tez kunlarda Tojikiston telekanallari orqali namoyish etiladi.

Ikkinchi Jahon urushi yillarida oʻzbekistonliklarning matonati va jasorati haqida “Ilhaq” badiiy filmi 2020-yilda rejissyor Jahongir Ahmedov tomonidan suratga olingan va Gʻalabaning 75 yilligi munosabati bilan milliy telekanallarimiz orqali namoyish qilingan edi.

Film gʻoyasi Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga tegishli boʻlib, davlatimiz rahbari 2019-yilda toshkentlik Zulfiya aya Zokirova, uning oʻgʻillari va kelinlari hayoti haqida hikoya qiluvchi badiiy film suratga olishni oʻzbek kinoijodkorlari oldiga vazifa qilib qoʻygan edi. Ijodiy guruh bir yil davomida muttasil ish olib bordi. Keyinchalik Agentlik rahbariyati tavsiyasiga binoan Belarus Respublikasida qoʻshimcha jang sahnalari ham suratga olindi.

Film oʻzbek tomoshabinlari tomonidan katta qiziqish va hayajon bilan kutib olindi. Oʻzbekiston Respublikasi mustaqilligining 29 yilligi munosabati bilan film ijodkorlarining biri guruhi yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi. Jumladan bosh rol ijrochisi Dilorom Karimova “Oʻzbekiston Xalq artisti”, rejissyor Jahongir Ahmedov “Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan madaniyat xodimi” unvonlariga munosib koʻrildi.

2021-yilning 19-21-may kunlari Tojikistonda oʻtkazilgan Oʻzbekiston kinosi kunlari doirasida “Ilhaq” badiiy filmi Dushanbe va Hisor shaharlarida katta ekranlarda namoyish qilindi. Tomoshabinlar film tomoshasi paytida koʻz-yoshlarini tiyib tura olmadilar. Film namoyishidan soʻng, tomoshabinlarning olqishi bir necha daqiqa davom etdi.

Ayni paytda “Ilhaq” badiiy filmini tojik tilida ovozlashtirish ishlari davom etmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Tojikistonga safari kunlari mazkur film tojik telekanallari orqali namoyish qilinishi kutilmoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?