Ikkita hududda fuqarolarni “Haj” safariga yuborishni vaʼda qilgan firibgarlar ushlandi

11:15 27 May 2025 Jamiyat
114 0

Fuqarolarni noqonuniy yoʻllar bilan “Haj” ziyoratiga yubormoqchi boʻlgan firibgarlar qoʻlga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar qildi.

Davlat xavfsizlik xizmatining Sirdaryo viloyati boʻyicha boshqarmasi xodimlari tomonidan ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda oʻtkazilgan tezkor tadbirda Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi turistik firma ishchisi boʻlgan 1997-y.t. shaxs Boyovut tumanida yashovchi 2 nafar fuqaroni Saudiya Arabistoniga “Haj” ziyoratiga yuborish evaziga 12.800 AQSH dollari olgan vaqtida ushlandi.

Tergovga qadar tekshiruv davomida, mazkur turfirmaning 1980 va 1994-yillarda tugʻilgan 2 nafar xodimi ham fuqarolarning ishonchiga kirib, ziyoratga yuborish bahonasida ularning pullarini firibgarlik yoʻli bilan oʻzlashtirish mexanizmini joriy qilganliklari aniqlandi.

Holat yuzasidan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qonunbuzarlarning 2 nafariga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda va ulardan jabr koʻrgan boshqa fuqarolarning shaxsiga aniqlik kiritish boʻyicha zarur chora-tadbirlar koʻrilmoqda.

DXX Fargʻona viloyati boʻyicha boshqarmasi hamda viloyat ichki ishlar boshqarmasi xodimlari hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda esa Margʻilon shahrida yashovchi, 1986-y.t. shaxs Toshloq tumanida istiqomat qiluvchi fuqaroni “Haj” amallarini ado etish uchun muborak safarga yuborish evaziga 11 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

Hozirda holat yuzasidan mazkur shaxsga nisbatan Jinoyat Kodeksining 25,168-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib oʻtamiz, Haj tadbiri Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Saudiya Arabistoni podshohligi Haj va Umra vazirligi oʻrtasida har yili imzolanadigan shartnoma asosida Oʻzbekiston musulmonlari idorasi tomonidan amalga oshiriladi hamda bunday faoliyat bilan boshqa tashkilotlarning shugʻullanishiga yoʻl qoʻyilmaydi.

Shuningdek, noqonuniy yoʻllar bilan Haj amallarini bajarish 20 mingdan 100 ming saudiya riyoligacha (27 ming AQSH dollarigacha) moliyaviy jarimalar qoʻllanishiga sabab boʻladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер