Ikki yuz ming gektar paxta va gʻalla maydoni qisqartiriladi

13:57 03 Fevral 2022 Iqtisodiyot
1024 0

Mutaxassislarning aytishicha, bugun kimningdir och qolayotgani yoki qorni toʻymayotganining asosiy sababi yetishmovchilikda emas, balki isrofgarchilik, bor narsadan tejab-tergab foydalanmayotganimiz, taqsimotning toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmaganida ekan. Chunki dunyo boʻyicha har yili oziq-ovqatning uchdan bir qismi, yaʼni toʻrt mlrd. tonnasi isrof qilinarkan. Jahon iqtisodiyoti esa bundan qariyb 1 trln. dollar zarar koʻrarkan.

Britaniyalik olimlarning qayd etishicha, hozir semizlik ochlikdan koʻra jiddiyroq muammoga aylanmoqda. Bugun dunyo aholisining qariyb 30 foizi yoki 2,1 milliarddan ortiq odam ortiqcha vaznga ega. Bu toʻyib ovqat yemaydiganlar sonidan deyarli 2,5 baravarga koʻp ekan.

Taqsimotdagi bunday nomutanosibliklar esa oziq-ovqat narxining koʻtarilishiga sabab boʻlmoqda. Soʻnggi 10 yilda kuzatilgan jahon moliyaviy-iqtisodiy inqirozi, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat mazkur muammoning yanada jiddiylashuviga sabab boʻlmoqda.

Oʻzbekiston ham bunday muammodan holi emas. Suv tanqisligi, qurgʻoqchilik bilan bogʻliq muammolar bugun kun tartibiga chiqdi. Suvning har bir tomchisidan maqsadli foydalanmasak, qishloq xoʻjaligiga ilgʻor ilm-fan yutuqlari joriy qilinmasa, soha boshqaruviga bozor tamoyillari tatbiq etilmasa, ertaga bu muammolar bizning ham eshigimizni taqillatadi.

Shu bois, soʻnggi yillarda mamlakatimiz qishloq xoʻjaligida tub islohotlar oʻtkazish, sifatli mahsulotlar yetishtirishni koʻpaytirish, bu orqali bugun jiddiy muammoga aylangan ishsizlikka barham berish, kambagʻallikni qisqartirish, oʻzimizdan ortganini xorijga eksport qilishga davlat miqyosida eʼtibor qaratilmoqda. Qonunchiligimizga muhim oʻzgartirishlar kiritilib, davlat dasturlari qabul qilinmoqda.

Yangi Oʻzbekistonning 2022-2026-yillarga moʻljallangan Taraqqiyot strategiyasida qishloq xoʻjaligini qoʻllab-quvvatlash, sohani iqtisodiyotning haqiqiy “drayveri”ga aylantirish boʻyicha koʻplab ustuvor vazifalar belgilandi.

Prezidentimiz raisligida shu yil 26-yanvar kuni oʻtkazilgan Taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasiga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida ham ushbu soha rivojiga alohida toʻxtalib oʻtildi. Iqtisodiy kompleks rahbarlari va hokimlar oldiga dehqon va fermerlar daromadini 2 baravarga oshirib, agrar tarmoqda yillik oʻsishni kamida 5 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Taraqqiyot strategiyasida tumanlarni aniq mahsulot turini yetishtirishga ixtisoslashtirish, sugʻurtalashning yangi mexanizmlarini amalga oshirish, yangi va foydalanishdan chiqqan 464 ming gektar maydonni oʻzlashtirish va klasterlarga ochiq tanlov asosida ajratish, 200 ming gektar paxta va gʻalla maydonlarini qisqartirish va aholiga ochiq tanlov asosida uzoq muddatli ijaraga berish belgilandi. Eksportbop mahsulotlar yetishtirish, intensiv bogʻlarni 3-marta va issiqxonalarni 2-marta koʻpaytirib, mamlakat eksport salohiyatini yana 1 mlrd dollarga oshirish maqsad qilindi.

Suv resurslarini boshqarish tizimini tubdan isloh qilish va suvni iqtisod qilish boʻyicha alohida davlat dasturini amalga oshirish orqali har yili kamida 7 mlrd kub metr suvni iqtisod qilish, chorvachilik ozuqa bazasini kengaytirish va ishlab chiqarish hajmini 1,5-2-marta koʻpaytirishdek maqsadlar oʻrin oldi.

Shu nuqtayi nazardan aytganda, Taraqqiyot strategiyasi “Inson qadri uchun” gʻoyasi asosida amalga oshirilayotgan islohotlarning uzviyligini taʼminlashda dasturulamal vazifasini oʻtaydi. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, “hamma islohotlarni, hamma harakatlarni jamiyat bilan birga qilamiz. Hammamiz bir kuch, bir qudrat boʻlib xalqimizga xizmat qilishimiz kerak”.

Zafar ABDIRIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?