Ikki tomonlama pnevmoniya yuqumli kasalliklar sirasiga kiradimi? — dolzarb savollarga aniq javoblar berildi

15:55 09 Oktyabr 2020 Jamiyat
4973 0

Bugun AOKA zalida Koronavirusga qarshi kurash shtabi aʼzosi Sevara Ubaydullayeva ishtirokida oʻtkazilgan brifingda pandemiya bilan bogʻliq savollarga javob qaytarildi:

Savol: Ikki tomonlama pnevmoniya yuqumli kasalliklar sirasiga kiradimi?

Javob:  Aslida ikki tomonlama pnevmoniya kelib chiqishida virus, bakteriyalar yoki zamburugʻlar sababchi boʻladi. Virus, bakteriya yoki zamburugʻlar keltirib chiqaradigan ikki tomonlama pnevmoniya kasalligi shu keltirib chiqaruvchi infeksiya yuqish yoʻllariga qarab yuqumli hisoblanadi.

Bugungi kunda virus kasalliklari dolzarb boʻlib qolgani bois, biz havo tomchi orqali yuquvchi kasalliklardan koʻproq xavotirlanishni boshladik.

Aslida bakteriyalar, zamburugʻlar va oddiy hujayrali parazitlar ham oʻz oʻrnida yuqumli hisoblanadi. Ularning yuqish yoʻli havo tomchi orqali boʻlmasligi mumkin, lekin organizmga tushgan bunday infeksiya turlari pnevmoniya kabi oʻtkir kasalliklarni keltirib chiqaradi.

Yoki parazitlar inson organizmi immun tizimi pasayishini kutib yotadi. Immun tizimi pasaysa, bu infeksiya joylashgan aʼzosini jarohatlab kasallik chaqiradi.

Shu bois, biz doimiy ravishda infeksiyalardan oʻzimizni himoya qilishimiz, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilishimiz, sogʻlom turmush tarzini yuritgan holda toʻgʻri va muqobil ovqatlanishimiz, yengil jismoniy faollikni doim bajarib yurishimiz zarur.

Savol: Koronavirus keltirib chiqaradigan pnevmoniya avval maʼlum boʻlgan atipik pnevmoniyadan nimasi bilan farqlanadi?

Javob: Atipik pnevmoniya 2013-yilda kuzatilgan boʻlib, bu kasallikning qoʻzgʻatuvchisi MERS virusi boʻlgan. Ushbu kasallik oʻsha yillarda nazoratga olingan.

Atipik pnevmoniyadan koronavirus infeksiyasi keltirib chiqaradigan pnevmoniyaning farqi shundaki, ikkinchi holatda pnevmoniya juda tez rivojlanadi va unda immunstress holat kuzatiladi.

Shuningdek, koronavirus immun tizimga taʼsir koʻrsatadi va sitokinlar “boʻroni” yuzaga keladi. Bu esa oʻz navbatida fibrotik oʻzgarishlar bilan pnevmoniyani rivojlantirib yuboradi.

Koronavirus pnevmoniyasida yoʻtal quruq boʻladi. Virusli pnevmoniyani tashxislashning eng optimal usuli — MSKT tekshiruvi hisoblanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?