Ikki el farzandiga munosib ehtirom
Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Oʻzbek va qozoq xalqlarining doʻstligi borasida azaldan koʻp ibratli hikmatlar mavjud. Akademik shoir Gʻafur Gʻulom bu ikki xalqni bir kitobning ikki sahifasiga oʻxshatgan boʻlsa, qozoq oqini Asqar Toʻqmagʻambetov birodarligimizni tavsiflab, oʻz sheʼrida “Bir daraxtning soyasi tushga qadar meniki, tushdan keyin seniki”, deya lutf etgan.
Chindanam, yaratganning inoyati bilan qadim-qadimdan qoʻshni yashab, orzu-havas, ertangi kundan umid va maqsadlarimiz qorishib ketgan xalqlarmiz. Mustaqillikning sinovli yillarida bu yanada yaqqolroq koʻzga tashlandi. Soʻnggi yillardagi doʻstona aloqalar esa oʻzaro hamjihatlikda yangi davrni boshlab berdi, desak aslo mubolagʻa emas. Ayniqsa, madaniy aloqalar borasida oʻnlab misollarni keltirish mumkin.

Qozoq xalqining buyuk farzandi, davlat arbobi Ayteke biy Baybek uli tavalludining 380-yilligi Navoiy viloyatida keng miqyosda nishonlanganligi shulardan biri boʻlib, tarixi va qadriyatlari bir ikki xalq qardoshlik aloqalarining yana bir tasdigʻidir.
— Ayteke biy Baybek uli Nurota tumanida tugʻilib, Samarqanddagi Ulugʻbek va Sherdor madrasalarida tahsil olgan, — deydi tadqiqotchi Rahim Qodirov. – Yigirma besh yoshida Buxoro va Samarqand hududida istiqomat qiluvchi qozoq va qoraqalpoq xalqlarining bosh biy darajasiga erishgan. Ona tilidan tashqari arab va fors tillarini mukammal bilgan. Shuningdek, mantiq, tarix, astronomiya va matematikani puxta oʻzlashtirib, koʻchmanchi xalqlarning hayotiga huquqiy normalarni shariat qoidalari asosida tatbiq etgan. Bunda uning “Jetti jargʻa” ijtimoiy-huquqiy kodeksi muhim ahamiyatga ega boʻlib, oʻsha davrda choʻlliklarning yer, oila va nikoh, harbiy burch, sudlov hamda yesirlik kabi munosabatlari uning doirasida tartibga solingan.

Ulugʻ davlat arbobining tavallud ayyomi munosabati bilan tashkil etilgan xalqaro madaniy tadbirga qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi hamda mamlakatimizning bir qator hududlaridan tadqiqotchilar, ulamolar, keng jamoatchilik vakillari tashrif buyurdi.
Qozogʻiston Respublikasining Oʻzbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Beybut Atamkulov boshchiligidagi mehmonlarni Navoiy viloyati hokimi Normat Tursunov qabul qilib, unda mazkur tadbir ulugʻ alloma xotirasiga ulkan ehtiromni ifoda etishi bilan birga, oʻzaro hamjihatlikni mustahkamlash va tarixiy tadqiqotlar koʻlamini kengaytirish hamda sayyohlar almashuvida yangi-yangi imkoniyatlar taqdim qilishini eʼtirof etdi. Ayteke biy ikki xalqning birdek faxri ekanligi alohida taʼkidlandi.

Shundan soʻng mehmonlar Ayteke biy tavallud topgan va bugun mangu orom olayotgan Nurota tumaniga yoʻl olib, dastlab qadim shaharning Chashma meʼmoriy majmuasini ziyorat qildilar. Bu yerda tashkil etilgan xalq amaliy sanʼati namunalari bilan tanishib, folklor dastalarining qardosh xalqlarning uyqash anʼanalarini ifoda etgan chiqishlarini tomosha qildilar.
Ayteke biy qadamjosi ziyorat qilinib, uning xalqlarimiz davlatchiligi tarixida tutgan oʻrni alohida eʼtirof etildi.

— Tarixiy manbalarda Ayteke biy fidoyi vatanparvar inson sifatida qayd etiladi, — deydi oʻlkashunos olim Ramazon Egamov. — Oʻn yettinchi asrdayoq oʻzbek va qozoq xonliklarini mustamlakalik qismatidan ogohlantirib, qozoq juzlarini tashqi tahdidlarga qarshi birlashishga daʼvat etgan. Vatanparvarlikni uning “oʻz xalqini baxtga eltmasdan haqiqiy oʻgʻlon baxtga erisha olmaydi, oʻz fidoyi farzandini voyaga yetkazmagan xalq ham haqiqiy baxtga erisha olmaydi”, degan soʻzlarida kuzatish mumkin.
Ayteke biy tavalludining 380-yilligiga bagʻishlangan xalqaro madaniy tadbir doirasida Navoiy shahridagi “Sport saroyi”da sportning voleybol, shaxmat turlari boʻyicha musobaqalar, ikki qardosh xalqning milliy hunarmandchilik sanʼati namunalarining koʻrgazmalari tashkil etildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston milliy terma jamoasi uchun Jahon chempionati qurʼasi omadli oʻtdimi?
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- Ўзбекистон терма жамосининг Жаҳон чемпионатидаги ўйин саналари эълон қилинди
- AQSH Yevropadan NATO majburiyatlarining asosiy qismini oʻz zimmasiga olishni talab qildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Reuters: Asadning Moskvadagi tarafdorlari Suriyada qoʻzgʻolon rejalashtirmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring