Ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish zarurati va masʼuliyati

Illyustrativ foto
Mamlakat taraqqiyotining zamonaviy bosqichida keng koʻlamli islohotlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi davlat boshqaruvining mutlaqo yangi, samarali hamda sifatli faoliyat yurituvchi tizimini yaratish, davlat boshqaruvi organlari va mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining uygʻun faoliyatini tashkil etishni talab qiladi.
Shu maʼnoda, 2017 — 2021-yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi, 2022 — 2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasida ushbu jihat alohida eʼtiborga olinib, bu borada zarur chora-tadbirlar koʻrildi.
Davlatimiz rahbarining joriy yil 24-maydagi «Maʼmuriy islohotlar doirasida adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirish hamda ixcham boshqaruv tizimini shakllantirish toʻgʻrisida»gi Farmoni esa ayni shu yoʻnalishdagi ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, desak, mubolagʻa boʻlmaydi.
Farmonidagi asosiy yangiliklar shundan iboratki, Adliya vazirligining qoʻshimcha toʻrtta yangi faoliyat yoʻnalishlari belgilab berildi. Adliya boʻlimlariga oltita yangi vazifa — uyma-uy yurish va «Huquqiy koʻmak» aksiyalarini oʻtkazish orqali fuqarolarning kundalik hayotidagi huquqiy muammolarni bartaraf etish boʻyicha qonunchilikka takliflar ishlab chiqish, «Online-mahalla» platformasi orqali huquqiy masalalarga oid muammolarni hal etib borish, aholiga bepul birlamchi yuridik yordam koʻrsatilishini taʼminlash va ularga huquqiy tushuntirishlar berish, yoshlar, ayollar, ijtimoiy himoyaga muhtoj shaxslarni qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar haqida xabardor qilish, tuman (shahar) tashkilotlari hamda mahalla idoralariga yagona huquqni qoʻllash amaliyoti boʻyicha metodik yordam koʻrsatib borish yuklatildi.
Bu hali hammasi emas. Aholi muammolarini oʻrganish va hal etish uchun har oyda mahallalarda «Adliya kuni» tadbirlarini oʻtkazish ham koʻzda tutilgan. Bunda olis hududlardagi mahallalarda har oyda kamida ikki marotaba sayyor davlat xizmatlarini koʻrsatib boriladi.
Sir emas, bugun vazirlik mutasaddilari nafaqat markazlarda, balki chekka-chekka va olis mahallalarga borib, odamlar bilan yuzma-yuz uchrashib, muammolarini hal qilish choralari koʻrilyapti. Birgina misol, adliya vazirining Surxondaryo viloyatidagi xizmat safari davomida koʻplab fuqarolarning muammolariga yechim topildi.
Jumladan, Qumqoʻrgʻon tumani Jiydali mahallasida yashovchi fuqaro Р.Тиллабекованинг uzoq vaqtlardan buyon shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini olishda yuzaga kelgan muammolari joyida hal etildi. Ushbu fuqaroning shaxsini tasdiqlovchi hujjatini rasmiylashtirish davomida barmoq izlarini olish va tegishli tizimga saqlash bilan bogʻliq boʻlgan muammosi toʻliq bartaraf etilib, ID-karta taqdim etildi.
Tizimda yoʻlga qoʻyilgan loyihalar aholi muammolarini hal qilayotgani bilan ham gʻoyatda muhim ahamiyatga ega.
Bundan tashqari, Farmon bilan bosqichma-bosqich barcha tuman (shahar)da «Madad» NNTning huquqiy maslahat byurolari tashkil qilinishi belgilab qoʻyildi. Aholining huquqiy ongini oshirish, qonunchilik hujjatlarini ijrochilarga yetkazishni samarali tashkil qilish maqsadida davlat organlari va tashkilotlariga huquqiy axborotni yetkazish boʻyicha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi ishga tushiriladigan boʻldi.
«Mahalla huquqshunosi» loyihasi joriy qilinib, mahalla raislarining huquqiy bilim va koʻnikmalari oshiriladi. Mahallalarda haftaning har chorshanba kuni «Huquqiy targʻibot kuni» oʻtkaziladi, huquq fani oʻqituvchilarining uzluksiz kasbiy bilimlarini oshirish tizimi joriy qilinadi, maktablarda «Huquq olamiga sayohat» oʻquv dasturlari joriy etiladi, «Huquq bilimdoni» fan olimpiadasi, «Eng yaxshi huquq oʻqituvchisi» koʻrik-tanlovi oʻtkazib boriladi.
Aholiga dolzarb qonunchilik hujjatlari va boshqa huquqiy maʼlumotlar toʻgʻrisida ularning mobil qurilmalariga «SMS» xabarnomalar yuboriladi.
Hujjatdagi ushbu oʻzgarishlar haqida gap ketganda shuni ham aytib oʻtish joizki, joriy yilning 1-iyulidan barcha tuman va shaharlarda bosqichma-bosqich «Madad» nodavlat tashkilotining maslahat byurolari tashkil etiladi. Shuningdek, 1-iyundan davlat organlariga huquqiy axborotni yetkazish boʻyicha Yagona huquqiy axborot almashish tizimi ishga tushirildi.
Joriy yil yakuniga qadar davlat xizmatlarini koʻrsatishda shaxsni biometrik identifikatsiya qilish (Face-ID) usuli joriy qilinib, fuqarolar tomonidan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etish talab etilmaydi. Bu esa yuqorida qayd etilganidek, aholiga qoʻshimcha qulaylik yaratishga xizmat qiladi. Qolaversa, aholi gavjum joylar, mahallalar 24/7 rejimida onlayn davlat xizmatlarini koʻrsatadigan interaktiv kiosklar bilan bosqichma-bosqich taʼminlash ham ayni shu yoʻnalishdagi xayrli ishlardan biri, desak, ayni haqiqat.
Maʼlumotlarga koʻra, joriy yil yakuniga qadar DXMlar va Yagona portal orqali koʻrsatiladigan 13 ta yangi davlat xizmati joriy etiladi, 18 ta xizmat proaktiv va kompozit shakllariga oʻtkaziladi, 15 ta davlat xizmati yakka tartibdagi tadbirkor tomonidan agent sifatida koʻrsatilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Yana bir muhim yangilik, 2025-yil 1-yanvardan Oʻzbekiston fuqarolari, Oʻzbekistonda doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlari yagona elektron bazasi — Aholining yagona elektron reyestri joriy etiladi.
Bularning barchasi «Xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak» degan tamoyilning amaldagi hayotiy ifodasidir.
Farmonning yana bir muhim jihati borki, bu masalaga toʻxtalib oʻtmaslikni imkoni yoʻq. Bu — yuridik kadrlar tayyorlash tizimi bilan bevosita bogʻliq.
Hujjatda yuridik kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ham oʻrin oldiki, ushbu vazifalar ijrosi maʼmuriy islohotlar jarayonida muhim ahamiyat kasb etadi.
Taʼkidlash joizki, vazirlik va uning tarkibiga kiruvchi tashkilotlarning 4 ta malaka oshirish markazlari birlashtirilib, Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti faoliyati yoʻlga qoʻyilmoqda. TDYUU hamda Yuridik kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish institutida adliya faoliyati sohalarini ilmiy-metodik va konsultativ jihatdan taʼminlanadi. Huquqni qoʻllash sohasida ilmiy va innovatsion tadqiqotlar oʻtkazish hamda huquqiy muammolarni joyiga chiqqan holda ilmiy tadqiq qilish tizimi joriy etiladi. Shu bilan birga, Namangan va Samarqandda yuridik litseylar ochiladi.
Bu boradagi islohotlar kelgusida yuridik kadrlar tayyorlash bilan bogʻliq ishlarni sifat jihatdan mutlaqo yangi bosqichga chiqishini taʼminlashi, shubhasiz.
Darvoqe, vazirlikning «Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi» davlat muassasasi negizida Qonunchilikni tahlil qilish va tartibga solish taʼsirini baholash instituti ham tashkil etiladigan boʻldi. Xoʻsh, bunga nima zarurat bor edi, dersiz.
Taʼkidlash oʻrinliki, Adliya vazirligi huzuridagi Personallashtirish agentligi tomonidan Aholining yagona reyestri shakllantirilishi va yuritilishi belgilanmoqda. Reyestr Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari, Oʻzbekiston Respublikasida doimiy yashovchi chet el fuqarolari va fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning shaxsga doir maʼlumotlarining yagona elektron bazasi hisoblanadi.
Davlat organlarining axborot tizimlari bilan integratsiya qilinadi hamda fuqarolarga davlat xizmatlarini koʻrsatish, notarial harakatlarni rasmiylashtirish, bank, kommunal, sugʻurta va boshqa xizmatlarni koʻrsatishda shaxsga taalluqli maʼlumotlar ushbu reyestrdan olinadi. Jahon tajribasida oʻzini oqlagan bu mexanizm mazkur yoʻnalishdagi ishlarda samaradorlikni yanada oshirishga xizmat qiladi.
Bir soʻz bilan aytganda, Farmon Prezidentimizning 2023-yil 25-yanvardagi «Respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari faoliyatini samarali yoʻlga qoʻyishga doir birinchi navbatdagi tashkiliy chora-tadbirlar toʻgʻrisida»gi Farmoni ijrosini, shuningdek, fuqarolarning huquq va erkinliklariga soʻzsiz rioya etilishini taʼminlash, ularga koʻrsatilayotgan davlat va huquqiy xizmatlar koʻlamini kengaytirishda adliya organlari va muassasalarining masʼuliyatini yanada oshirishda muhim asos boʻlishi shubhasiz.
Dilafruz AZIMOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti Davlat boshqaruvi kafedrasi dotsenti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- “100 milliondan ortiq gullar, modalar haftaligi hamda turfa taomlar taqdimoti”: Namanganda oʻtkazilayotgan 64-Xalqaro gullar festivalidan video va fotoreportaj
- Oʻzbekiston tarixida ilk bor mundial yoʻllanmasini qoʻlga kiritgan milliy terma jamoamiz Toshkentga qaytib keldi — Fotoreportaj
- Oʻzbekiston Tashqi ishlar vazirligi Isroil–Eron mojarosi yuzasidan bayonot berdi
- “Air India” fojiasidagi tirik qolgan yagona yoʻlovchi hikoyasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring