IIV akademiyasida kursantlarning qasamyod qabul qilish marosimi boʻlib oʻtdi

21:27 03 Sentyabr 2022 Jamiyat
4883 0

2022-yilning 3-sentyabr kuni Ichki ishlar vazirligi akademiyasida kunduzgi taʼlim bakalavriat yoʻnalishi 1-oʻquv kursi kursantlarining qasamyod qabul qilish marosimiga bagʻishlangan tadbir boʻlib oʻtdi.

Tantanali tadbirda Ichki ishlar vazirligi rahbariyati, soha faxriylari, Akademiya professor-oʻqituvchilari, kursantlarning ota-onalari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Saf maydoniga orkestr sadolari ostida Akademiya jangovar bayrogʻi olib kirilgandan soʻng, taʼlim muassasasi boshligʻi, polkovnik Rustam Xatamov barchani ona Vatanimiz mustaqilligining oʻttiz bir yilligi bilan muborakbod etdi.

Maʼlumki, davlatimiz rahbarining 2021-yil 15-apreldagi “Ichki ishlar organlari uchun professional kadrlarni tayyorlashning sifat jihatidan yangi tizimini joriy etish boʻyicha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi PQ-5076-son qarori bilan Ichki ishlar vazirligi akademiyasida bakalavriat va magistraturadan iborat ikki bosqichli oliy taʼlim tizimi joriy etildi.

2022/2023 oʻquv yilida taʼlim muassasasining kunduzgi taʼlim bakalavriat yoʻnalishiga uch mingdan ziyod nomzod hujjat topshirdi. Nomzodlarning aksariyatini vazirlik akademik litseylari va harbiy akademik litseylar bitiruvchilari, ishlar organi xodimlari, profilaktika inspektori yordamchilari, shuningdek fuqarolik taʼlim muassasalarini tamomlagan yoshlar tashkil etdi. Maxsus kasbiy tanlov hamda yakka tartibdagi yakuniy suhbat natijalariga koʻra, kirish imtihonlaridan muvaffaqiyatli oʻtgan 701 nafar oʻgʻil-qiz oʻqishga qabul qilindi. Kursantlar Ichki ishlar vazirligi Oʻquv-dala markazida bir oylik boshlangʻich harbiy tayyorgarlikdan oʻtib, kasbiy va jangovar-jismoniy koʻnikmalarga ega boʻldilar.

Tantanali marosimda sharafli va masʼuliyatli kasbni tanlangan kursantlar ichki ishlar organi xodimining xizmat qasamyodini qabul qildilar.

Shundan soʻng, ichki ishlar vaziri, general-leytenant Poʻlat Bobojonov soʻzga chiqib, ichki ishlar organlarini xalqchil tuzilmaga aylantirish, soha uchun professional kadrlar tayyorlash, xodimlarning intellektual va kasbiy salohiyati, maʼnaviy-maʼrifiy saviyasi, jangovar-jismoniy hamda ruhiy tayyorgarligini oshirish borasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar haqida toʻxtaldi. Tantanali qasamyod qilgan kursantlarni muborakbod etib, zamonaviy bilimlarni mukammal egallashga, bildirilgan yuksak ishonchni oqlab, xalqimiz, ona Vatanimiz va Prezidentimizga sadoqat bilan xizmat qilishga daʼvat etdi.

Tadbirda ichki ishlar vaziri stipendiyasi hamda Jaloliddin Manguberdi nomidagi stipendiyaga sazovor boʻlgan bir guruh kursantlar ham taqdirlandi. Oʻquv yili davomida fanlarni aʼlo baholarga oʻzlashtirgan, ijobiy fazilatlari bilan tengdoshlariga namuna koʻrsatgan kursantlar vazirlik hamda Akademiya rahbariyatidan Faxriy yorliqlarni qabul qilib oldilar.

Ota-onalar va kursantlar soʻzga chiqib, davlatimiz tomonidan yoshlarning barkamol voyaga yetishishi hamda hayotda munosib oʻrin egallashi uchun yaratilgan ulkan imkoniyatlarni eʼtirof etishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?