IIO axborot tizimlari sunʼiy intellekt asosida yagona platformaga birlashtiriladi

11:10 06 May 2025 Hujjatlar
244 0

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning “Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Bu haqda “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Qarorga muvofiq, Ichki ishlar organlari tizimini raqamli transformatsiya qilish boʻyicha kompleks chora-tadbirlar tasdiqlandi. Unga koʻra, 2025–2027-yillarda ichki ishlar sohasini raqamlashtirish yoʻnalishlari belgilab berildi. Bu orqali jinoyatchilikka qarshi kurashish samaradorligini yanada oshirish koʻzda tutilgan.

Asosiy vazifalardan biri — ichki ishlar organlarining barcha axborot infratuzilmasini sunʼiy intellekt texnologiyalari asosida yagona tizimga birlashtirishdir. Bu orqali jinoyatlarni aniqlash va tahlil qilishda inson omilini kamaytirish, qarorlar qabul qilishda avtomatlashtirilgan algoritmlardan foydalanish mumkin boʻladi.

Shu bilan birga, raqamli texnologiyalarni joriy etish boʻyicha masʼul boʻlinmalarning faoliyati yagona boshqaruv tizimi va mexanizmi asosida muvofiqlashtiriladi. Mazkur boʻlinmalar tarkibida “raqamli jamoa” shakllantirilib, ularning barcha harakati yagona strategiya doirasida olib boriladi.

Qarorga asosan, jinoyatlar va maʼmuriy huquqbuzarliklar statistikasi inson omilisiz, yaʼni avtomatlashtirilgan raqamli usullarda yuritiladi. Bu esa maʼlumotlarning aniqligi va tezkorligiga xizmat qiladi. Shuningdek, Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika departamenti hamda uning hududiy boʻlinmalari tashkil etiladi.

Sinov tariqasida Toshkent shahri va Toshkent viloyatidagi ichki ishlar bosh boshqarmalari tuzilmalarida yangi lavozim — bosh boshqarma boshligʻi oʻrinbosari — Raqamli texnologiyalar va huquqiy statistika xizmati boshligʻi joriy etiladi. Ushbu tajriba orqali raqamli islohotlarning amaliyotdagi samaradorligi baholanadi va keyinchalik boshqa hududlarga tatbiq etilishi mumkin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер