Ichki ishlar va adliya organlari xodimlaridan iborat maxsus shtablar tashkil etiladi

20:42 22 May 2022 Jamiyat
573 0

Fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini yuksaltirish, jinoyatchilik va huquqbuzarlikni oldini olish, bu borada profilaktik tadbirlarni kuchaytirish, hududlarda fuqarolar duch keladigan muammolarga huquqiy yechim berish va bu boradagi ishlar samaradorligini tizimli yoʻlga qoʻyish boʻyicha Adliya va Ichki ishlar vazirligi rahbariyati uchrashuv oʻtkazdi.

Uchrashuvda oʻzaro hamkorlikda qilinishi kerak boʻlgan ishlar muhokama qilindi. Xususan:

— huquqbuzarlikning oldini olish boʻyicha targʻibot ishlarini toʻgʻri tashkil etish va maʼlumotlarni oʻz vaqtida almashish maqsadida ichki ishlar va adliya organlari xodimlaridan iborat Respublika, viloyat va tuman shtablari tashkil etiladi;

— endilikda viloyat darajasidagi adliya va ichki ishlar organlari tomonidan har bir tuman (shahar) uchun 1 nafardan masʼul xodim biriktiriladi va jinoyatlarni oldini olishga qaratilgan huquqiy targʻibot tadbirlarini samarali tashkil etishga manzilli koʻmaklashadi;

— tuman (shahar) ichki ishlar boʻlinmalari mahallalarda sodir etilgan jinoyatlarning turi, soni, shaxslar toifasi, yosh kategoriyasi koʻrsatilgan maʼlumotlarni tuman (shahar) adliya boʻlimlariga yuboradi va hamkorlikda “mahallabay” kompleks targʻibot tadbirlari amalga oshiriladi;

— jinoyatlar soni oshgan mahallalarda jinoyat sodir etilishi sabablari, bunga imkon bergan sharoitlarini aniqlash va bartaraf etish maqsadida aholi oʻrtasida turli soʻrovnomalar oʻtkaziladi;

— bu borada mahalla aholisining jinoyatchilikni kamaytirish boʻyicha takliflari oʻrganiladi;

— joylarda tegishli idoralar vakillari ishtirokida sayyor qabullar oʻtkazish orqali aholi muammolari oʻrganiladi va ularga huquqiy tushuntirishlar beriladi;

— jazoni ijro etish muassasalaridan qaytgan, shuningdek profilaktik hisobda turgan voyaga yetmaganlar bilan manzilli ishlaydi;

— notinch va nosogʻlom oilalar, shuningdek, maishiy
va boshqa masalalar boʻyicha uzoq muddatdan buyon nizolashib kelayotgan fuqarolar oʻrtasida uchrashuvlar tashkil etiladi;

— firibgarlik, tovlamachilik, kiberxavfsizlik, korrupsiyaga qarshi kurashishga oid tizimli targʻibot tadbirlarini olib borish;

— “Mahallabay” jinoyatchilikni oldini olish, unga qarshi kurashish va boshqa profilaktik tadbirlar boʻyicha olib borilayotgan ishlar tahlil qilinadi va jinoyatchilikni kamaytirish yuzasidan tegishli idoralar keng jalb qilinadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?