Ichki ishlar organlarining xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligi oshiriladi
Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Senatning qirq toʻqqizinchi yalpi majlisida “Oʻzbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksining 248-moddasiga qoʻshimchalar kiritish haqida”gi Qonun koʻrib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda ichki ishlar organlarida xotin-qizlar va bolalarning huquqlari, erkinliklari hamda qonuniy manfaatlarini taʼminlash, ularning hayoti va sogʻligʻini muhofaza qilish, shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning maʼnaviy hamda jismoniy rivojlanishiga koʻmaklashish borasida tizimli ishlar yoʻlga qoʻyildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining hamda Hukumatining tegishli qarorlari bilan ichki ishlar organlarining huquqbuzarliklar profilaktikasi boʻlinmalarida voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixolog va xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektor lavozimlari joriy etildi.
Tahlillar shuni koʻrsatdiki, ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlarida zarur vakolatlar mavjud emasligi voyaga yetmaganlar bilan bogʻliq huquqbuzarliklar profilaktikasi yuzasidan oʻz vaqtida chora-tadbirlar koʻrilishiga toʻsqinlik qilmoqda.

Shu bilan birga, tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarning davlat tomonidan himoya qilinishini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samaradorligini yanada oshirish maqsadida himoya orderi talablarining bajarilishini nazorat qilish yuzasidan ichki ishlar organlari xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlarining masʼuliyatini kuchaytirish talab etiladi.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 248-moddasiga bolalarni tarbiyalash va ularga taʼlim berish boʻyicha majburiyatlarni bajarmaganlikda, jamoat joylarida tamaki yoki alkogol mahsulotini isteʼmol qilganlikda, shuningdek, voyaga yetmagan shaxsni gʻayriijtimoiy xatti-harakatlarga jalb qilganlikda aybdor shaxslarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar masalalari boʻyicha inspektor-psixologlariga zarur vakolatlar berilishini nazarda tutuvchi qoʻshimchalar kiritilmoqda.

Bundan tashqari, ichki ishlar organlarining xotin-qizlar masalalari boʻyicha inspektorlariga tazyiq oʻtkazgan va (yoki) zoʻravonlik sodir etgan yoxud ularni sodir etishga moyil boʻlgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik kabi maʼmuriy huquqbuzarliklarni rasmiylashtirish vakolatlari berilmoqda.
Senatorlar fikricha, ushbu Qonun ichki ishlar organlarining voyaga yetmaganlar oʻrtasida huquqbuzarliklar profilaktikasiga, xotin-qizlar va bolalarning huquqlari hamda qonuniy manfaatlarini himoya qilishga doir faoliyati samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.



Foto: Akmal Muhammadov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring