Ichimlik suvi bormagan joylarga suv bordi

Suv – eng ulugʻ neʼmat, tirikligimiz manbai. Toza ichimlik suv bor joyda kasalliklar kamayadi, obodlik, farovonlik, taraqqiyot boʻladi. Uzoq yillardan beri Samarqand shahrining Mikrorayon, Soʻgʻdiyona va Sattepo kabi maskanlaridagi koʻp qavatli uy-joylarda yashovchilarning toza ichimlik suviga boʻlgan ehtiyoji yuqori edi. Faqat ertalab va kechqurun soatbay rejimda suv beriladigan hududlarda, ijtimoiy soha obyektlarida suv muammosi doim haqli eʼtirozlarga sabab boʻlardi.
Joriy yilda shahardagi shu hududlarni uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida eʼtirofga arzigulik ishlar amalga oshirildi. Qirq besh yildan buyon yuqori qavatlarga suv chiqmaslik holatlari bartaraf etilib, mavjud 20 ta mahalladagi 42 mingdan ortiq aholining ichimlik suv taʼminoti soatbay rejimidan 24 soatlik uzluksiz grafikka oʻtkazildi.
– Buyuk ipak yoʻli, Fayzulla Xoʻjayev koʻchalari kesishmasida D-500 mm boʻlgan suv tarmogʻini “Mikrorayon A va B” nasos stansiyasiga boradigan D-500 mm suv tarmogʻiga ulash hamda Sugʻdiyona nasos stansiyasidan chiqqan D-200 mm boʻlgan suv tarmogʻini D-500 mm magistral suv tarmogʻiga ulash ishlari yakunlandi. Sugʻdiyona nasos stansiyasida taʼmirlash, jihozlarni yangilash ishlari amalga oshirildi, – deydi “Samarqand suv taʼminoti” AJ rahbari Tolibjon Boboyev. – Endigi reja Farhod shaharchasidagi 2 ta mahallada joylashgan koʻp qavatli uy-joylarda istiqomat qiluvchi 1021 nafar aholining ichimlik suv taʼminotini uzluksiz rejimga oʻtkazishdan iborat.
Bugungi kunda Samarqanddagi mavjud jami 1126 ta MFYlarning 1021 tasi toʻliq va qisman ichimlik suvi bilan taʼminlandi. Ammo 105 tasiga ichimlik suvi muqobil tarzda yetkazib berilmoqda. Viloyat aholisining ichimlik suv taʼminotini yaxshilash maqsadida kuz-qish mavsumida tayyorgarlik ishlarida jami 28,3 kilometr ichimlik suv tarmoqlarini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan. Bugungi kunda bu ishlarning 90 foizdan ortigʻi bajarilganidan aholi ham minnatdor. Viloyatda kuz-qish mavsumini betalafot oʻtkazish shuningdek, ichimlik suv taʼminotida yuzaga keladigan nosozliklarni bartaraf etish maqsadida jami 24 ta avariya brigadalar tashkil etildi. 109 ta ishchi xodimlar hamda avariyani bartaraf etish uchun 35 ta maxsus texnikalar jalb qilindi.
– Uzoq yillardan buyon Sugʻdiyona maskanida yashaymiz. Hududdagi koʻp qavatli uylarda soatbay rejimida suv berilardi. Yuqori qavatlarga bosim pastligi sabab suv chiqmasdi, – deydi mahalla faoli Komila Omonova. – Aksariyat xonadon egalari suvni pastdan tortib oladigan nasoslar, uyida zaxira suv saqlaydigan moslamalar oʻrnatishga majbur boʻlishdi. Endilikda suv uzluksiz berilmoqda. Bu kunlarni qanchalar kutgandik, qariyb yarim asrlik muammolarimiz barham topganidan xursandmiz.
Yashirishdan na hojat, bugun mamlakatimizda sezilarli darajada suv tanqisligi yuzaga kelmoqda. Bu esa oqova suvlardan qayta ishlagan holda qishloq xoʻjaligida foydalanishni taqozo etadi. Samarqand shahridagi 2 ta oqova suv tozalash inshooti, 3 ta oqova suv nasos stansiyasi, 61 kilometr tarmoqlarda 2 bosqichda 50 million AQSH dollari mablagʻi evaziga qurish va rekonstruksiya qilish ishlari olib borildi.
– Samarqand shahar oqova suv tozalash inshooti oltmish yil oldin qurilgan. Bir sutkada oʻrtacha 60-70 ming metr kub oqova suv qayta tozalangan. Yangi loyihaning ishga tushishi natijasida kunlik 140-145 ming metr kub oqovani qayta ishlashga erishilmoqda, – deya davom etadi T.Boboyev. – Bu loyiha Samarqand shahrida kanalizatsiya tizimida uchrayotgan muammolarni bartaraf qilishga sabab boʻldi. Qayta tozalash inshootining afzalliklari shundaki, barcha qurilma va liniyalar kompyuterlashgan, pult orqali amalga oshiriladi. Inshootdagi havzalar markazlashgan boshqaruv xonasida kompyuterlar orqali nazorat qilib boriladi. Agar ushbu tarmoqlarda nosozliklar paydo boʻlsa, tarmoq avtomatik tartibda yangi qoʻshimcha liniyalarga oʻzgartiriladi.
Oqova suvlarni tozalash jarayonlari qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi sohasidagi hududiy nazorat qilish inspeksiyasi tomonidan muntazam ravishda monitoring qilib boriladi. Inshootga kelib tushadigan oqovalar birinchi galda mexanik tozalashdan oʻtgandan keyin laboratoriya xodimlari tomonidan namunalar olinadi. Kimyoviy zararsizlantirilib qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun yoʻnaltiriladigan suvlar ham laboratoriyada maxsus tekshiruvlardan oʻtkazilib daryo va kanallarga quyiladi.
Abdulaziz YOʻLDOSHEV
«Xalq soʻzi».
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Jahon olimlari nigohi yana Oʻzbekistonga qaratildi
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Ekrandagi qabohatning hayotdagi aksi yoki yengil-yelpi seriallar jamiyatga nima beryapti?
- Dollar kursi tushishda davom etmoqda
- Oʻzbekistonda dollar kursi oʻzgardi
- Oʻzbekistonda dollarning rasmiy kursi oʻzgardi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring