Hujjatda 20 yil oʻgʻil bola boʻlib kelgan qizga oʻz ismi yozilgan guvohnoma berildi
Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanining togʻli Duob va Terakli qishloqlari aholisi uchun tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi tomonidan oʻtkazilgan sayyor qabulda 20 yildan buyon “Shafoatov Olim” deya qayd etilgan guvohnoma bilan yashab yurgan qiz murojaat qildi.
Haqiqatan, bu qiz tugʻilganida unga yanglishib, “Shafoatov Olim” deb yozilgan guvohnoma berib yuborilgan. Avvalo, ota-onaning bequntligi, qolaversa, togʻli qishloqning tuman markazidan 180 kilometr uzoqda joylashgani va markazga borish qiyin boʻlgani sababli bu qizning oʻgʻil bola ismi va familiyasi qayd etilgan tugʻilganlik toʻgʻrisidagi guvohnomasi oʻzgartirilmay qolib ketgan.
— Kech boʻlsada bu xato toʻgʻrilandi, — deydi Dehqonobod tumani fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish boʻlimi mudirasi Ozoda Ashurova. — Biz sayyor qabuldan soʻng “Shafoatov Olim” guvohnomasi bilan yurgan qizga “Shafoatova Muqaddam Ravshan qizi” deb qayd etilgan guvohnomani topshirdik. Endilikda bu togʻ qishloqlarida yiliga ikki marta sayyor qabul oʻtkazishni moʻljallayapmiz.
Sayyor qabulda turmush qurganiga 4 yil boʻlgan, sharʼiy nikoh orqali yashab kelayotgan kelin-kuyovga qonuniy nikohdan oʻtganligi toʻgʻrisidagi, 17 nafar bolaga tugʻilganligi, 8 oilaga esa nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalar topshirildi. Koʻplab fuqarolarga huquqiy maslahatlar berildi.
Faxriddin Bozorov, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sogʻliqni saqlash vazirligi “Elektron retsept” tizimi boʻyicha rasmiy bayonot berdi
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- “Insoniyat sivilizatsiyasiga asos boʻlgan yutuqlar shu zamindan kelib chiqqan” — Paragvay Prezidenti
- Dual taʼlim — yetuk mutaxassis tayyorlash kafolati
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring