Husanov jamoasidan ishonchli, “Barselona”dan qiyin gʻalaba, “Qayrat” esa omadsiz debyut qildi

11:17 19 Sentyabr 2025 Sport
113 0

Kecha, 18-sentyabr kuni UEFA Chempionlar Ligasida 1-turning soʻnggi oʻyinlari boʻlib oʻtdi. Quyida ushbu oʻyinlardagi asosiy voqealar bilan tanishtirib oʻtamiz.

“Barselona”dan qiyin gʻalaba

Kunning markaziy oʻyini Angliyada joylashgan “Sent Jeyms Park” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda “Barselona” maydon egasi “Nyukasl” mehmoni boʻldi.

Uchrashuvning birinchi boʻlimi durang natija bilan yakunlandi. Har ikki jamoada gol kiritish uchun bir qator yaxshi imkoniyatlar boʻldi. Biroq yakun ijobiy boʻlmadi. Bunda ayniqsa, “kataloniyaliklar” posboni Xuan Garsiyaning hissasi katta boʻldi.

Ikkinchi taymda esa “Barselona”ga kelishi koʻp nashrlar tomonidan tanqid ostiga olingan Markus Reshford oʻyin taqdirini hal etdi.

Angliyalik futbolchi 58 va 67-daqiqalarda 2 ta gol kiritishga erishdi. Bu Markusning “Barselona” safidagi rasmiy oʻyinlardagi debyut gollari edi.

90-daqiqada “Nyukasl”ning angliyalik futbolchisi Entoni Gordon hisobni bittaga qisqartirishga muvaffaq boʻldi. Shu tariqa oʻyin 2:1 hisobi bilan Xans Flik jamoasining gʻalabasi bilan yakunlandi.

UYEFA Chempionlar Ligasida bu tur ingliz futbolchilari ingliz klublarini magʻlub etilishiga asosiy sababchi boʻldi. Yaʼni Londonning “Chelsi” klubiga qarshi bahsda “Bavariya”ning angliyalik futbolchisi Harri Keyn 2 ta gol urib, ingliz klubining magʻlubiyatiga sababchi boʻlgan edi. Kecha esa ingliz klubining magʻlubiyatiga yana bir angliyalik futbolchi Markus Reshford sababchi boʻldi.

Oʻyindan soʻng, “Sofascore” portali Markus Reshford va Xuan Garsiyaning harakatlarini 8,8 balldan baholadi. “Nyukasl”dan esa eng yuqori ballga jamoa posboni Nik Poup loyiq koʻrildi.

“Nyukasl” – “Barselona” 1:2

Gollar: Gordon (90) — Reshford (58, 67)

“Nyukasl” – Pope, Trippiyer (Botman, 76), Shar (Tia, 63), Born, Livramento, Gimarayesh, Tonali, Joyelinton (Uillok, 62), Elanga (Morfi, 63), Gordon, Barnes (Voltemad, 62).

“Barselona” – Garsiya, Kunde, Arauxo, Kubarsi (Ferran, 69), Martin (Garsiya, 81), De Yong, Pedri, Rafinya, Lopes (Kasado, 90), Reshford (Olmo, 82), Levandovski (Kristensen, 70).

Ogohlantirishlar: Joyelinton (28), Born (47) — Martin (45), Lopes (75), De Yong (82), Kasado (90+7).

Husanov jamoasidan ishonchli gʻalaba

Turning yana bir qiziqarli oʻyini Manchester shahrida joylashgan “Etixad” stadionida boʻlib oʻtdi. Unda maydon egasi “Manchester Siti” Italiyaning “Napoli” klubini qabul qildi.

“Manchester Siti” birinchi boʻlimni oʻzidayoq total ustunlikka ega boʻldi. Taym davomida “shaharliklar” Vanya Milinkovich-Savich qoʻriqlayotgan darvoza tomon 17 ta zarba berishni uddaladi. Ushbu zarbalardan soʻng, serbiyalik posbon 6 ta seyv amalga oshirdi.

Oʻyinga tub burilish yasagan nuqta 21-daqiqada yuz berdi. Darvozabon bilan birga-bir vaziyatga chiqib borishi mumkin boʻlgan Erling Holandni “Napoli” sardori Jovanni Di Lorenso qoʻpollik bilan toʻxtatib qoldi. Hakam VARʼda holatni koʻrgach, futbolchiga qizil kartochka koʻrsatdi. Juda “chuqur” himoyalanayotgan “Napoli” shundan soʻng 1 kishi kam boʻlib 70 daqiqadan koʻproq oʻynaydigan boʻldi.

Shunday boʻlsa-da, “Napoli” mudofaasi birinchi taymda “Siti” hujumlariga turib bera oldi. Ammo ikkinchi boʻlimning 56-daqiqasida Erling Holand hisobni ochdi. 65-daqiqada Jeremi Doku jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Va yakunda oʻyin aynan 2:0 hisobi bilan tugadi.

“Sofascore” portali oʻyindan soʻng “Manchester Siti”ning ikkinchi goli muallifi Jeremi Dokuning harakatlarini 8,4 ballga baholadi. Lekin uchrashuvdagi hisob yiriklashib ketmasligiga asosiy sababchi boʻlgan “Napoli” posboni Vanya Milinkovich-Savich oʻyin qahramoni deb topildi.

Ushbu oʻyinni oʻzbekistonlik futbolchi Abduqodir Husanov asosiy tarkibda boshladi va 90 daqiqa harakat qildi. Ammo “Sofascore” portali uning harakatlarini 6,9 ballga baholadi. Bu “Manchester Siti” futbolchilariga qoʻyilgan eng past baholardan biri edi.

“Manchester Siti” – “Napoli” 2:0

Gollar: Holand (56), Doku (65).

“Manchester Siti” – Donnarumma, Husanov, Diash, Gvardiol (Ake, 80), OʻRayli, Rodri (Gonsales, 60), Silva, Foden, Reynders (Lyuis, 80), Doku (Savinyo, 69), Holand (Bobb, 80).

“Napoli” – Milinkovich-Savich, Di Lorenso, Beukema, Buonjorno, Spinatsola, Lobotka (Gilmor, 72), Politano (Jezus, 55), Anguissa (Elmas, 71), De Bryuyne (Oliveyra, 26), Maktominay, Hoylund (Neres, 72).

Ogohlantirish: Politano (52).

Chetlatish: Di Lorenso (21).

“Qayrat”dan omadsiz debyut

Saralash bosqichidagi ajoyib oʻyinlari orqali UEFA Chempionlar Ligasi musobaqasining final bosqichiga yoʻl olgan “Qayrat” klubi kecha turnirdagi dastlabki oʻyinini oʻtkazdi. Ammo debyut omadsiz oʻtdi.

Birinchi boʻlimda “qozoqlar”ning 18 yoshli posboni Sherxon Qalmurza penaltini qaytarganini inobatga olmasak, ushbu oʻyinda “Qayrat”ni kuchli raqib oldida “yoʻqolib qoldi” deb baholash mumkin. Jamoa ushbu oʻyinda 4:1 hisobidagi magʻlubiyatni qabul qilib oldi.

Maʼlumot uchun, “Qayrat”ning Chempionlar Ligasidagi keyingi oʻyini 30-sentyabr kuni boʻlib oʻtadi. Oʻsha kuni jamoa oʻz maydonida musobaqaning 15 karra gʻolibi “Real Madrid”ni qabul qiladi.

“Sporting” – “Qayrat” 4:1

Gollar: Trinkau (44, 65), Santo (66), Kenda (68) — Edmilson (86).

“Sporting” – Virjiniya, Fresneda, Quarejma, Inakio, Arauxo (Reys, 66), Hyulmand (Debast, 70), Kochorashvili (Morita, 61), Kenda, Trinkau, Golsalves (Santos, 61), Suares (Ioannidis, 90).

“Qayrat” – Kalmurza, Tapalov (Stanoyev, 70), Martinovich, Sorokin, Mata (Kurgin, 80), Kasabulat (Sadibekov, 75), Ofri (Edmilson, 70), Mrinskiy (Rikardinyo, 81), Monteyro, Gromyko, Satpayev.

Ogohlantirishlar: Kochorashvili (4), Suares (31), Kenda (69) — Monteyro (39), Satpayev (90+2).

Turkiya chempionidan sharmandali magʻlubiyat

Turnir doirasidagi navbatdagi uchrashuv “Ayntraxt” va “Galatasaroy” oʻrtasida boʻlib oʻtdi. Ushbu oʻyin oldidan “Galatasaroy”ning imkoniyatlari ancha yuqori baholangandi. Ayniqsa, uchrashuvning 8-daqiqasida “turklar” aʼzosi Yunus Akgyun hisobni ochgani Okan Buruk shogirdlariga boʻlgan ishonchni yanada oshirdi. Ammo buyogʻiga qanday oʻynash kerakligini “Ayntraxt” koʻrsatib berdi.

Qizigʻi, statistika jihatdan oʻyinda “Galatasaroy” ustunlik qildi. Toʻp nazorati boʻyicha yakuniy koʻrsatkich Turkiya klubida 64 foizni tashkil etdi.

Aniq zarbalar boʻyicha statistikada har ikki jamoa raqibining darvoza sohasiga 5 tadan aniq zarba bergani qayd etildi. Farqi shundaki, “Ayntraxt” yoʻllagan aniq zarbalarning hammasi gol bilan yakunlandi.

Shu tariqa yirik gʻalabani qoʻlga kiritgan “frankfurtliklar” turnir jadvalida birinchi oʻringa koʻtarilib oldi. Sharmandali magʻlubiyat qabul qilib olgan “Galatasaroy” esa mos ravishda soʻnggi oʻringa joylashdi.

“Ayntraxt” – “Galatasaroy” 5:1

Gollar: Sanches (37), Uzun (45+2), Singo (45+4), Burkardt (66), Knauff (75) — Akgyun (8).

“Ayntraxt” — Zetterer, Kollins, Koch (Amendo, 80), Zeyt, Broun, Chaibi, Larsson (Skhiri, 80), Doan (Batshuayi, 84), Uzun (Bahoya, 72), Knauff, Burkardt (Vahi, 72).

“Galatasaroy” — Chaqir, Sallai, Singo, Sanches, Elmali (Yakobs, 67), Torreyra, Lemina (Ikardi, 55), Sane (Kutuchu, 67), Gyundogan (Sara, 67), Akgyun (Ayhan, 78), Yilmaz.

Ogohlantirish: Burkardt (5).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер