Huquq va burch chambarchas bogʻliq

11:30 27 Noyabr 2024 Jamiyat
357 0

Ilm olish, biron kasbni egallash har bir insonning dunyoga kelganidan boshlab umr boʻyi davom etishi lozim boʻlgan jarayondir.

Asosiy qonunimizning 50-moddasida “Har kim taʼlim olish huquqiga ega”ligi koʻrsatilgan. Tengdoshlarim qatori men ham ushbu huquqimdan foydalanib, avvalo, maktabgacha taʼlim va tarbiyani oldim. Soʻngra umumiy oʻrta taʼlim maktabida toʻqqiz yil davomida tahsil olib, Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Qoraqalpoq akademik litseyida oʻqishni davom ettirdim.

Konstitutsiyaning 51-moddasidagi “Fuqarolar davlat taʼlim tashkilotlarida tanlov asosida davlat hisobidan oliy maʼlumot olishga haqli” normasining amaldagi koʻrinishi sifatida 2022-yili davlat granti asosida Qoraqalpoq davlat universitetining yuridika fakultetiga oʻqishga kirdim. Bunda taʼlim tashkilotiga oʻtkazilgan tanlovning Konstitutsiya asosida, haqqoniy tarzda olib borilganligi ham katta ahamiyatga egadir.

Men tahsil olayotgan oliy taʼlim muassasasi oʻzining akademik erkinlik, oʻzini oʻzi boshqarish, tadqiqotlar oʻtkazish, oʻqitish erkinligi huquqidan foydalanmoqda. Xususan, oʻz sohamizga oid boʻlgan bilimlarni kengaytirish maqsadida oʻtkazilayotgan tadqiqot jarayonida faol qatnashmoqdaman.

Jamiyat va davlatni rivojlantirish, sogʻlom, barkamol avlodni shakllantirish hamda tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash hamda boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilgan oʻqituvchining mehnati bizda alohida qadrlanadi.

Uzoq yillardan buyon biz kabi talabalarga ilm-bilim sirlarini oʻrgatib kelayotgan professor-ustozlarimizga shogird boʻlish men uchun faxrdir. Jumladan, Jinoyat huquqi fanidan Sapargul Utemuratova hamda Jinoyat protsessual huquq fani oʻqituvchisi Qurban Seytnazarovdan sohaga oid hamda tarbiyaviy bilimlarni olib kelmoqdamiz. Men ushbu ustozlarimizni oʻzim tanlab oʻqiyotgan va kelgusida ishlashim mumkin boʻlgan huquq sohasi boʻyicha yetuk mutaxassis boʻlishimda yoʻl koʻrsatuvchi insonlar deb bilaman.

Albatta, Bosh qomusimizda yashash, taʼlim olish, ijod qilish, qoʻyingki, bu hayotda barcha bilan teng huquqli yashash va muayyan burchlarga amal qilish uchun zarur normalar belgilangan. Masalan, Konstitutsiyamizning 53-moddasida “Har kimga ilmiy, texnikaviy va badiiy ijod erkinligi, madaniyat yutuqlaridan foydalanish huquqi kafolatlanadi”. Men oʻqish bilan birga huquqiy mavzularda ustozlarim koʻmagida ilmiy maqolalar yozishni oʻrganmoqdaman. Shuningdek, ushbu moddada belgilangan norma menga muayyan mavzular boʻyicha maqolalar yozib oʻz fikrlarimni erkin bildirishimga turtki boʻldi.

Konstitutsion huquqlar bilan birga belgilangan burchlarimni toʻlaqonli bajarishga harakat qilaman. Zero, huquq va burch chambarchas bogʻliqdir. Shu bois tengdoshlarim boʻlgan yoshlarni, jamiyatning har bir aʼzosini Konstitutsiyadan belgilangan huquqlarimizdan foydalanish bilan birga unda belgilangan burchlarimizni ham bajarib borishga chorlab qolaman.

Saida BAXTIYAROVA,

Qoraqalpoq davlat universiteti yuridika

fakulteti 3-bosqich talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?