Hukm ustidan apellyatsiya shikoyatini berish muddati qisqartirildi

Prezident tomonidan imzolangan Qonun (OʻRQ–869, 27.09.2023-y.) bilan Jinoyat-protsessual kodeksiga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritildi.
Unga koʻra, Kodeks quyidagi boblar bilan toʻldirildi:
— Hukmlarning, ajrimlarning, qarorlarning qonuniyligi, asosliligi va adolatliligini tekshirishning umumiy shartlari (55-bob);
— Sudning hukmi, ajrimi ustidan taftish tartibida shikoyat (protest) berish (56-2-bob).
Shunga muvofiq:
— Sud hukmlari, ajrimlari, qarorlarining qonuniyligi, asosliligi va adolatliligi apellyatsiya, kassatsiya va taftish tartibida tekshirilishi mumkin.
— Jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida koʻrishda prokuror ishtirok etadi.
— Sud jinoyat ishini apellyatsiya, kassatsiya, taftish tartibida koʻrishda shikoyat yoki protest vajlari bilan chegaralanmaydi va ishni barcha mahkumlarga, shu jumladan tegishli shikoyatni bermagan shaxslarga yoki oʻziga nisbatan shikoyat (protest) berilmagan mahkumlarga nisbatan ham toʻla hajmda tekshiradi.
— Mahkum, uning himoyachisi, qonuniy vakili, jabrlanuvchi, uning vakili birinchi instansiya sudining apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish tartibida koʻrib chiqilgan hukmlari, ajrimlari, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya, tegishli taftish instansiyasi sudlarining hukmlari, ajrimlari ustidan taftish tartibida shikoyat berishga haqlidir.
— Agar shikoyatda yoki protestda ogʻirroq jinoyat toʻgʻrisidagi qonunni qoʻllash zarurligi haqidagi, jazoni kuchaytirish toʻgʻrisidagi yoki mahkumning ahvoli yomonlashishiga olib keladigan boshqa oʻzgarishlar haqidagi masala qoʻyilgan boʻlsa, sudning ayblov hukmini yoxud ajrimini taftish tartibida qayta koʻrib chiqishga, shuningdek sudning oqlov hukmini yoki ishni tugatish toʻgʻrisidagi ajrimini taftish tartibida qayta koʻrib chiqishga faqat u qonuniy kuchga kirganidan keyin 1 yil ichida yoʻl qoʻyiladi.
— Hukm chiqargan sud jinoyat ishi taftish instansiyasi sudiga yuborilganligi toʻgʻrisida tegishli shaxslarni 3 sutka ichida xabardor qiladi.
Qonun bilan shuningdek, hukm ustidan apellyatsiya shikoyatlarini (protestlarini) berish muddatlari 20 sutkadan 10 sutkaga qisqartirildi.
Shuningdek, sud hukmi, ajrimini va qarorini ijro etish chogʻida yuzaga kelgan masalalarni hal qilish toʻgʻrisidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat berish va xususiy protest bildirish tartibi belgilandi.
Qonun 2024-yil 1-yanvardan eʼtiboran kuchga kiradi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring