Hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan parlament so‘rovi yuboriladi
Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”
Yalpi majlisda hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish masalasi ko‘rib chiqildi.
Qayd etish joizki, so‘nggi yillarda hududlarda aholiga qulaylik yaratish maqsadida infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, o‘tgan 7 yil davomida sohani tartibga solishga oid 150 ga yaqin normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingan.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 24 dekabrdagi PQ–454-sonli qarori bilan tasdiqlangan Ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish dasturi doirasida joriy yil yakuniga qadar 1,6 trln so‘mlik 145 ta ichimlik va oqova suv ob’yektida 803,4 km ichimlik va 242,8 km oqova suv tarmoqlarini, 71 ta ichimlik va 26 ta oqova suv inshootlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish belgilangan.

Shu bilan birga, senatorlar hududlar infratuzilmasini rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan bir qatorda, bosh reja va shaharsozlik hujjatlari loyihalarini ishlab chiqish bilan bog‘liq o‘z yechimini kutayotgan ayrim masalalarga ham e’tibor qaratdi.
Majlisda Senat a’zolari tomonidan ayrim hududlardagi infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solishda sohaga oid qonun hujjatlariga to‘la rioya qilinmasligi, noqonuniy, ayniqsa, ko‘p qavatli uylarga tutash hududlarda o‘zboshimchalik bilan amalga oshirilayotgan qurilishlar va umumiy foydalanish joylarini to‘sib olish kabi holatlarning oldini olishga qaratilgan chora-tadbirlar talab darajasida emasligi ta’kidlandi.

Bundan tashqari, texnik iqtisodiy asoslari ishlab chiqilmagan, aniq hisob-kitobi yo‘q loyihalarga tashqi manbalardan mablag‘ jalb qilish oqibatida xalqaro moliya institutlari mablag‘laridan bir yil va undan ortiq muddatdan beri foydalanilmasdan kelinayotgani ham alohida ta’kidlab o‘tildi.
Muhokama yakunida ushbu va boshqa bir qator masalalarga oydinlik kiritish maqsadida Senatning Vazirlar Mahkamasiga parlament so‘rovi yuborish to‘g‘risidagi qarori qabul qilindi.


Foto: Akmal Muhammadov, Davronbek Ernazarov / “Xalq so‘zi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- “Matonatli Maryam” filmi keng jamoatchilikka taqdim etildi
- FIDE jahon kubogi chempioni Javohir Sindarovni kutib olish marosimi boʻlib oʻtdi (+fotoreportaj)
- Oʻzbekistonda xotin-qizlarga nisbatan raqamli zoʻravonlikka barham berish boʻyicha 16 kunlik kampaniya boshlandi
- “Barselona” La Ligada navbatdagi gʻalabasini qoʻlga kiritdi
- Bugun 2026-yilgi Jahon chempionatiga qurʼa tashlanadi
- Prezident poytaxtda transport tizimini yangilashga doir muhim qarorni imzoladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring