Hozir dunyo boʻyicha COVID-19 ning dominant versiyasi yoʻq — JSST eksperti
Shu yil avgust oyida Hindiston va Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi mutatsiyasi — EG.5 subvarianti tarqalayotgani haqida xabar berilgandi. Koʻp oʻtmay Eris deb nomlangan mazkur versiya AQSH, Xitoy, Janubiy Koreya va Yaponiya kabi jami 51 davlatda roʻyxatga olingani maʼlum qilindi.
Shundan soʻng JSST rahbari Tedros Gebreyesus yangi mutatsiya hozircha Yer yuzi aholisi salomatligi uchun global darajada xavf tugʻdirmayotgan boʻlsa-da, uning dunyo boʻylab keng tarqalishi kasallanishlar soni keskin oʻsishiga olib kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Kuni kecha tashkilotining COVID-19 boʻyicha texnik rahbari Mariya Van Kerxove ushbu yangi variantlar bilan bogʻliq dunyodagi epidemiologik vaziyat haqida axborot berdi.
Uning taʼkidlashicha, Eris oʻtgan vaqt ichida jiddiy holatlarni keltirib chiqargani yoʻq. Qolaversa, u avval prognoz qilingani kabi SARS-CoV-2 ning dominant versiyasiga ham aylanmadi.
Shunga qaramay, mavjud mutatsiyalar bemorlarda maʼlum darajada ogʻir oʻtayotgan holatlar yщы emas. Soʻnggi oylarda ayrim mamlakatlarda kasallanish va shifoxonaga yotqizish koʻrsatkichlari ortib borayotgani ham fakt.
Van Kerxove bu oʻrinda bir muncha xavotirli deb hisoblangan “omikron”ning uchta — XBB.1.5, XBB.1.16 va EG.5 deb ataluvchi subvariantlari haqida toʻxtaldi.
Maʼlum qilinishicha, hozir EG.5 versiyasi dunyo boʻylab tarqalishda davom etmoqda. Bu esa XBB.1.5 va XBB.1.16 mutatsiyalarini yuqtirish holatlari pasayishiga xizmat qiladi. Biroq bugungi kunda Yer yuzida dominant variant yoʻq.
Mutaxassis xulosasiga koʻra, COVID-19 ga qarshi kurash boʻyicha sinovdan oʻtgan tajriba hamon oʻzini oqlamoqda. Shaxsiy gigiyena qoidalariga amal qilish, jamoat joylarida tibbiy niqob taqib yurish, bino va inshootlarda havo aylanish tizimini yaxshilash va eng muhimi, oʻz vaqtida emlanish ogʻir holatlarning oldini olishga xizmat qilyapti.
Eslatib oʻtamiz, shu kunlarda baʼzi mintaqalarda COVID-19 ning “Pirola” deb nomlangan yangi BA.2.86 shtammi ham tarqalmoqda. U hozirgacha Isroil, Kanada, Daniya, Buyuk Britaniya, Janubiy Afrika, Shvetsiya, Norvegiya, Shveysariya, Tailand va AQSH kabi qator mamlakatlarda roʻyxatga olingan.
Shu kungacha yangi mutatsiya bilan bogʻliq ogʻir holatlar kelib chiqmagan boʻlsa-da, JSST uni oʻz kuzatuvi ostiga oldi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda Kasbiy taʼlim agentligi tashkil etiladi
- Roʻziqul Berdiyevning matbuot anjumanidagi fikrlari yuzasidan surishtiruv oʻtkaziladi
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- Oʻzbekistonning yangi trayektoriyasi: Asosiy xorijiy transferlar xaritasi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring