Hovlimizda quyosh ertaroq chiqadi

15:03 21 Iyun 2024 Jamiyat
198 0

Istam IBROHIMOV/“Xalq soʻzi”. Vobkent tumani Latifsobungar qishlogʻida istiqomat qiluvchi Fayziyevlar xonadonida boʻlgan kishining bahri dili ochiladi. Bu yerdagi ozodalik, saranjom-sarishtalik, tomorqaga boʻlgan eʼtibor havasingizni keltiradi.

— Hovlimizda besh sotixli issiqxona barpo etganmiz. Pomidor, bodring, bulgʻor qalampiri, qizil lavlagi yetishtirib kam boʻlayotganimiz yoʻq, — deydi xonadon sohibi Abdulla Fayziyev. — Tomorqadan olti oyda salkam 50 million soʻm qoʻshimcha daromad oldik. Yil oxiriga borib tomorqadan olingan foydani 100 million soʻmga yetkazmoqchimiz.

Xonadon aʼzolari pomidor koʻchati yetishtirish hadisini olishgan. Ular erta bahorda oʻnlab mahalladoshlariga nisbatan arzon narxlarda koʻchat sotishdi. Ikki sotixdan iborat moʻjaz bogʻdagi oʻrik va olmadan turli sharbat-u murabbolar tayyorlaydi. Ogʻilda sogʻin sigir, novvos boqilayotganini koʻrish mumkin. Plyonka ostiga ekilgan oshqovoq, ochiq yerda yetishtirilayotgan pomidor ham bozorga chiqariladi.

Tomorqaning bir qarichini ham boʻsh qoʻyishga odatlanmagan oila aʼzolari baʼzan qoʻni-qoʻshni bilan suhbatda: “Bizning hovlimizda quyosh ertaroq chiqib, kechroq botadi”, deya ozgina mubolagʻa ham qilib qoʻyishadi.

Sirasini aytganda, erta turganga nima yetsin? Qolaversa, yaxshi yashash koʻp jihatdan oiladagi ahillikka bogʻliq. Xonadon sohibiga turmush oʻrtogʻi Umriya opa, oʻgʻli Anvar yelkadosh. Nevaralarni aytmaysizmi? Yozuv-chizuvdan boʻsh mahal ular ham ekinlar parvarishiga baholi qudrat koʻmak berishadi. Abdulla aka shu boisdan ham tomorqani qishloq yoshlarini mehnatsevarlikka oʻrgatadigan darsxonaga oʻxshatadi. Bu darsxonada saboq olib ulgʻayganlar biror narsaga zoriqib qolmaydi.

Sir emas, oramizda bir parcha yerni qarovsiz qoldirgan, tomorqasi boʻla turib kartoshka, piyoz, pomidor sotib olgani kunora bozorga tushadigan kishilar ham uchrab turadi. Shundaylarga Fayziyevlar xonadonini ibrat qilib koʻrsatsa arziydi. Zero, yurtimizda hovlisiga quyosh ertaroq chiqadigan oilalar safi koʻpaysin.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер