Hokimning maorif boʻyicha maslahatchisi taʼlimga nima bera oladi?

15:40 05 Noyabr 2020 Siyosat
393 0

Soʻnggi kunlarda taʼlim tizimida yaqin yillarda amalga oshirilishi kutilayotgan islohotlar keng jamoatchilik, ota-onalar, pedagoglar va farzandlari kelajagiga befarq boʻlmagan barcha insonlarning diqqat markazida turibdi. Prezidentning tegishli farmoni loyihasiga taklif berib, natijasini kutayotganlar ham oz emas. Mana, bitta hujjat loyihasi muhokamasi mamlakatda oʻziga xos yangi maʼrifiy muhit yaratdi.

Taʼlim sohasini tubdan isloh qilish boʻyicha juda katta ahamiyatga ega takliflar ilgari surildi. Mening fikrimcha, avvalo, ularni amalga oshiruvchi kadrlar, xalq vakillari, keng jamoatchilik tasdiqlanishi kutilayotgan “Mamlakatimiz taʼlim-tarbiya tizimini yana-da takomillashtirish, ilm-fan sohasi rivojini jadallashtirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonning mazmun-mohiyatini chuqur tushunib, tushuntirishimiz kerak boʻladi.

Farmon loyihasida nazarda tutilgan tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirlariga hokimning maorif boʻyicha maslahatchisi maqomi berilishi masalasi qanday mexanizm asosida amalga oshirilishini har tomonlama oʻylab, bunga puxta yondashish zarur.

Hokimning maorif boʻyicha maslahatchisi tashkil etuvchi, bajaruvchi va ayni vaqtda nazoratchi boʻlishi talab etiladi. Maslahatchi maqomidan taʼlim sifatini oshirish imkoniyati sifatida ham foydalanish zarur. Agar muvozanat toʻgʻi oʻrnatilmasa, bu yangilik tizim samaradorligiga salbiy taʼsir etishi mumkinligini ham eʼtibordan qochirmaslik kerak.

Keling, maslahatchi maqomi berilishining taʼlim tizimini rivojlantirishga yaratadigan imkoniyatlarini tahlil qilsak.

Birinchidan, hozirda tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudirlari hokimning yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosarlari bilan hamkorlikda ish olib boradi.

Tuman xalq taʼlimini moliyalashtirish boʻyicha duch kelayotgan muammolari, byudjet tasdiqlanishi yoki ularni ijrosi boʻyicha masalalari tuman hokimining moliya-iqtisod va kambagʻallikni qisqartirish masalalari boʻyicha birinchi oʻrinbosari tomonidan nazorat olib boriladigan iqtisodiy tarmoqlar orqali boshqariladi. Bu maqom berilishi tuman moliya boʻlimi, banklar va boshqa iqtisodiy idoralardagi paydo boʻlayotgan sunʼiy toʻsiqlarni tarmoq rahbarlari orqali emas, tezkorlik bilan toʻgʻridan-toʻgʻri iqtisodiy idoralar rahbarlari bilan bartaraf etish imkonini yaratiladi.

Ikkinchidan, turli hamkor tashkilotlar – Yoshlar ittifoqi, mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlari, madaniyat boʻlimi, sogʻliqni saqlash tizimi bilan oʻzaro hamkorlikdagi vazifalarning ijrosini taʼminlash boʻyicha imkoniyat kengayadi. Ijrosi sababsiz kechiktirilayotgan masalalar yuzasidan tuman hokimi orqali taʼsir choralarini koʻrish hamda oʻz vaqtida muammolarni bartaraf etish imkoni paydo boʻladi.

Uchinchidan, taʼlim muassasalarida turli noqonuniy tekshiruvlarning oldini olishda tezkorlik oshadi.

Toʻrtinchidan, mahalliy byudjetdan orttirilgan mablagʻlar hisobidan taʼlim sohasini rivojlantirish uchun ajratiladigan mablagʻlar hajmini koʻpaytirishga erishish imkoniyati yaxshilanadi.

Beshinchidan, tumandagi toʻrtta sektor rahbarlari bilan oʻzaro hamkorlikda ish tashkil etish hamda muammolarni hal qilish mumkin boʻladi.

Oltinchidan, Uchinchi Renessansning beshinchi ustuni boʻlgan ota-onalarning taʼlim bilan bogʻliq murojaatlarini koʻrib chiqish, farzand tarbiyasida ota-onalarning masʼuliyatini oshirishda boshqa tuzilmalar bilan hamkorlik qilish tizimi yaratiladi.

Yettinchidan, maktablardan kundalik xabardor boʻlib turish muhim, ammo tuman xalq taʼlimi boʻlim mudirlarining aksariyati xizmat mashinalari bilan taʼminlanmagan. Bu har xil salbiy holatlar kelib chiqishiga sabab boʻlib kelyapti. Maorif boʻyicha maslahatchining tuman hokimi oʻrinbosari darajasida mavqega ega boʻlishi bu kabi noqulayliklarning oldi olinishiga sharoit yaratishi kerak.

Endi bu masalada taklifim bor. Tuman xalq taʼlimi boʻlimlarining mutaxassislarining ijro intizomiga rioya etishi yuzasidan nazorat avvalo mudir oʻrinbosari zimmasida boʻlishi maqsadga muvofiq. Ayrim tumanlarda oʻquvchilar sonidan kelib chiqqan holda, tuman xalq taʼlimi boʻlimi mudiri oʻrinbosari lavozimi joriy etilmagan. Bu notoʻgʻri, deb oʻylayman. Xalq taʼlimi vazirligiga tuman xalq taʼlimi boʻlimining shtatlar jadvalini qayta koʻrib chiqishni, barcha tumanlarda mudir oʻrinbosari shtat birligini joriy etishni taklif etaman.

Shohista TURGʻUNOVA,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?