Hokimlar yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yoʻlga qoʻyadi

Foto: Prezident matbuot kotibi
Respublika boʻyicha 15 mingga yaqin oʻquv va 7,5 mingta kasbga tayyorlash markazlari mavjud. Soʻnggi yillarda ularga 100 dan ortiq imtiyoz va yengilliklar berildi. Bu haqda Prezident Shavkat Mirziyoyevning yoshlar bilan uchrashuvida qayd etildi.
Fursatdan foydalanib, davlat rahbari ushbu markazlarga ham murojaat qilib, hozirgi koʻrsatkichlar bilan cheklanib qolmaslikka, kengayishga, zamonaviy kasblar va xorijiy tillarni oʻrganayotgan yoshlarni koʻpaytirishga chaqirdi, buning uchun har qanday sharoit yaratishga tayyorligini bildirdi.
Viloyat, tuman hokimlari har bir bolaga oʻz farzandidek qarab, sogʻligi, oʻqishi, yurish-turishi, qiziqish va orzulari, muammolaridan doim xabardor boʻlishi zarurligi koʻrsatib oʻtildi.
Ular yoshlar bilan doimiy muloqot platformasini yoʻlga qoʻyib, maktab, oliygoh, oʻquv va kasb markazlari, tadbirkorlarni boshini qovushtirib, yoshlarga koʻmaklashadigan tizim qilsa, albatta natija boʻlishi taʼkidlandi.
“Bu ishlar “kampaniyabozlik” boʻlmasligi, oʻzgarishlarni har bir mahalladagi har bir yosh har kuni chuqur his qilishi zarur.
Ana shunda Yangi Oʻzbekistonda taʼlim olmagan, ishsiz, kasb egallamagan, bir soʻz bilan aytganda, uyushmagan yoshlar degan tushunchalarning oʻzi qolmaydi!” dedi Prezident.
Joriy yil fevral oyida oʻtgan uchrashuvda yoshlar uchun 40 dan ziyod yangi tashabbuslar eʼlon qilinib, qariyb 500 million dollar ajratildi.
Bu yil 35 milliard dollarlik 8 ming 300 ta loyiha ishga tushirilib, 292 mingta ish oʻrni yaratiladi. Yana 500 mingta ish oʻrni yaratadigan 83 milliard dollarlik loyihalar rejalashtirilgan.
Masalan, energetikada 20 milliard, neft-gaz va kimyoda 11 milliard, togʻ-konda 7 milliard, elektrotexnika va avtomobilsozlikda 4,5 milliard dollarlik minglab korxonalar ishga tushadi.
Ishlar boshlanishi bilan “yashil” iqtisodiyot, “yashil” energiya, raqamli geologiya, texnologik minerallar, bio-injeneriya yoʻnalishlarida minglab mutaxassislarga talab paydo boʻladi.
“Yangi texnologiyalar asrida kim yutadi? Faqat kreativ fikrlaydigan, zamonaviy bilim va kasblarni egallagan mutaxassislar.
Shijoatingizdan koʻrib turibman, albatta siz, yoshlar bu korxonalarni boshqarib, katta-katta kashfiyotlar qilasizlar, ularga innovatsiyalarni olib kirasizlar!
Shu bois, hozirdanoq bunday loyihalarga kadrlar tayyorlashni boshlaymiz”, dedi Prezident.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda dollar kursi pastladi
- “Bunyodkor” murabbiyi Sergey Arslanov vafot etdi
- Qondagi glyukozani pasaytirish uchun kechki ovqatlanishning ideal vaqti maʼlum boʻldi
- Sardobaning siri nimada?
- Kamchatka sohillaridagi kuchli zilziladan soʻng Oʻzbekiston Konsulligi vatandoshlarimizga murojaat qildi
- Buxorolik doktorant nimaning evaziga Prezident sovgʻasi – avtomobilga ega boʻldi?
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring