Hokim nimadan dargʻazab?

19:40 11 Avgust 2025 Jamiyat
342 0

Bugungi internet va ommaviy kommunikatsiyalar rivojlangan bir davrda xalqimizning “El ogʻziga elak tutib boʻlmaydi” degan maqoli har qachongidan ham dolzarb. Chindanam, har qanday nooʻrin aytilgan gap yoki notoʻgʻri xatti-harakat darhol ijtimoiy tarmoq orqali keng tarqalyapti.

Bundan ayniqsa, hokimlar, turli darajadagi rahbarlar koʻproq “aziyat chekmoqda”. Shundan boʻlsa-da, kunda-kunora yuz berayotgan “qovun tushirish”larning oxiri koʻrinmayapti. Bir hokim tadbirkorni “koʻmib” yubormoqchi boʻlsa, boshqasi qoʻl ostidagilarni boʻralab soʻkayotganini eshitib qolamiz. Yana bir rahbar videoselektorda kotibasi bilan bir stulda oʻtirib ishtirok etsa, boshqasi xodimining ayollar bilan ishqiy munosabatini ochiq-oydin muhokama qiladi.

Eng qizigʻi — bunday holatlarda aybdorga nisbatan chora koʻrish masalasida yondashuvlar gʻalati. Agar xatoga yoʻl qoʻygan rahbarning darajasi yuqori boʻlsa, jazoni u emas, voqeani internetga tarqatgan odam yoki shunga yoʻl qoʻygan xodim oladi. Bunga Andijondagi maktabda roʻy bergan voqea yaqqol misol. Oxir-oqibat maktabni oʻz kuchi bilan taʼmirlashga buyruq bergan rahbarlar chetda qolib, direktor baloga qoldi. Vaholanki, u oʻqituvchilarni oʻz tomorqasiga olib borib ishlatgani yoʻq edi. Agar hokimlik oʻz vaqtida maktab taʼmiri uchun tender oʻtkazib, quruvchi tashkilot tayinlanganida, direktor bu ishlarni oʻqituvchilarga qildirishga majbur boʻlmasdi.

Muhokamaga chiqqan kamchiliklarga munosabatning yana bir gʻalati jihati shundaki, endi viloyat hokimlari va respublika darajasidagi rahbarlar yoʻl qoʻyilgan xatoga eʼtibor qaratmasdan, koʻproq u haqda ommaviy axborot vositasida gapirilganidan dargʻazab boʻlishyapti. Ularning nazdida, kamchilik boʻlsa boʻlaversin, faqat ijtimoiy tarmoqqa yoki gazetaga chiqib ketmasa, asosiysi, bundan yanada yuqoriroq turuvchi rahbarlar xabar topmasa boʻlgani...

Yaqinda ijtimoiy tarmoqda tarqalgan bir videoda viloyat hokimi qoʻl ostidagilarga “ijtimoiy tarmoqlar bilan hamkorlik qilmaganning kelajagi yoʻq”ligini uqtirganiga koʻzimiz tushdi. Aslida, jurnalist yoki bloger tanqidiy material tayyorlayotganda kimnidir izza qilishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻymaydi. Maqsad — kamchilikni bartaraf etish. Shunday ekan, ijtimoiy tarmoq faollari bilan hamkorlik qilish emas, kamchiliklarga yoʻl qoʻymaslik kerak. Shunda maqsadga erishiladi.

Jamoliddin TOʻXTASHEV,

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер