Hech kim eʼtibordan chetda emas
Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi Fargʻona viloyat Kengashiga Quva tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimida ishlab kelgan Zilolaxon Nozimova mehnatga oid huquqlari buzilganligidan norozi boʻlib murojaat qildi.
Maʼlum boʻlishicha, u bilan tuzilgan mehnat shartnomasi Mehnat kodeksining 161-moddasi 2-qismi 2-bandiga koʻra bekor qilingan. Oʻrganishlar davomida ish beruvchi Quva tumani maktabgacha va maktab taʼlimi boʻlimi tomonidan xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishda qonun buzilishiga yoʻl qoʻyilgani aniqlandi. Natijada Fargʻona viloyat Kengashi Z.Nozimovaning manfaatini koʻzlab, uni ish joyiga tiklash toʻgʻrisida sudga daʼvo ariza kiritdi. Sudda daʼvo arizasi qanoatlantirilib, murojaatchini ish joyiga tiklash toʻgʻrisida qaror chiqarildi. Unga majburiy ishga kelmagan kunlari uchun 40 million soʻmdan ziyod ish haqi undirilishi belgilandi. Buni bugun yurtimizda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida olib borilayotgan ezgu tashabbuslarning amaldagi tantanasi deyish mumkin.
— Oʻtgan besh yilda faoliyatimiz sermahsul boʻldi, — deydi Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasining Fargʻona viloyati kengashi raisi Erkinjon Nuraliyev.— Qurultoydan qurultoygacha boʻlgan davrda aʼzolarning ishonchini oqlashga astoydil harakat qildik. 2022-yili Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan Soʻx tumanida 200 oʻrinli “Soʻx”, joriy yilda Fargʻona tumanida “Bilimdon” bolalar oromgohi bunyod etildi. Viloyat kengashi oʻz safiga 700 ming nafardan ziyod aʼzolarni birlashtirib, ularning mehnatga oid huquq va manfaatlarini taʼminlashda yaqindan yordam berib kelmoqda. Albatta, targʻibotda gap koʻp. Aytish kerakki, 2020-yili viloyatda boshlangʻich kasaba uyushma tashkilotlari soni 3 ming 43 tani tashkil etgan boʻlsa, endilikda 3 ming 501 taga yetdi. Bu borada asosiy eʼtibor quyi boʻgʻinga qaratilgan. Shu bois har haftaning seshanba va payshanbasi “Boshlangʻich kasaba uyushmalari tashkilotlari bilan ishlash” kuni sifatida belgilangan. Shu tariqa viloyat, tuman va shahar kasaba uyushmalari xodimlari tomonidan shu yillar davomida 2982 ta korxona va muassasaning boshlangʻich tashkilot yetakchisiga uslubiy hamda amaliy yordam koʻrsatildi. Korxona va tashkilotlarda mehnat qilayotganlardan kelib tushgan 64 ming 521 ta murojaatdan 48 ming 595 tasi ijobiy hal etilib, qolganlariga huquqiy maslahatlar berildi.

Xodimlarning huquq va manfaatlarini koʻzlab ish beruvchilarga 224 ta taqdimnoma kiritilib, ularning 196 tasi boʻyicha ish beruvchilar ishtirokida murojaatchilar huquqlari tiklangani ham eʼtiborga loyiq. Mehnat nizolarini qonunan hal qilish boʻyicha 332-marta sudlarga daʼvo arizalari kiritilib, 284 tasi ijobiy hal qilishga erishildi. Ayni paytda 2269 nafar xodimning huquq va manfaatlari tiklanib, ish haqi va boshqa toʻlovlar uchun 17 mlrd 794 mln soʻm mablagʻ undirib berildi. Har yili tashkilotlar, ish beruvchilar va kasaba uyushmalari faollari ishtirokida “Mehnat sohasidagi muhim ahamiyatga molik masalalar” mavzusida davra suhbatlari oʻtkazilib, ularda aʼzolar tomonidan koʻtarilgan, yechimi davlat idoralariga bogʻliq muammo va takliflar muhokama qilinishi yaxshi anʼanaga aylangan. Mazkur tadbirlarda hudud va tarmoqlar darajasida 200 ga yaqin masala joylardagi mutasaddi tashkilotlar, 10 dan ortigʻi respublika miqyosidagi tegishli vazirlik hamda idoralar vakillari hamkorligida oʻz yechimini topdi.
Xodimlarning mehnat huquqlarini taʼminlash maqsadida 2020-yili 8 ming 815 ta tashkilotda jamoa shartnomasi tuzilgan boʻlsa, oʻtgan yilga kelib ularning soni 12 ming 736 taga yetdi. “Oʻzbekiston boʻylab sayohat qil!” dasturi doirasida ichki turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish maqsadida tizimdagi kasaba uyushmalari tashkilotlari tomonidan qariyb 98 ming nafar, Oʻzbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan 7 ming nafar hamyurtlarimizning tarixiy shaharlar hamda oʻz hududlaridagi qadamjolarga sayohatlari uyushtirildi. Sanatoriylarda 35 mingdan ziyod ishchi-xodimlar yuborildi. Ulardan 12 ming 903 nafari imtiyozli, 1 ming 56 nafari bepul yoʻllanmalar asosida salomatliklarini tikladi. 42 ming 847 nafar bolajonlar soʻlim oromgohlarimizda sogʻlomlashtirildi. Kasaba uyushmalari nafaqat xodimlar manfaatlarini himoya qilmoqda, balki ularning turmush darajasini yanada yaxshilash, sogʻlomlashtirish hamda doimiy bandligini taʼminlashga qaratilgan xayrli tashabbuslarda ham faollik koʻrsatmoqda.
Botir MADIYOROV
(“Xalq soʻzi”).
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- AQSH Rossiyaga bosim oʻtkazishning muqobil usullarini oʻrganmoqda
- Tramp Koreya yarimorolidagi mojaroga yakun yasashga vaʼda berdi
- Hindistonda “Montta” sikloni sababli qariyb 90 ming kishi evakuatsiya qilindi
- AQSH va Britaniya Suriya muvaqqat prezidenti Axmad ash-Sharʼani “qora roʻyxat”dan chiqardi
- G20 sammitining Janubiy Afrikada oʻtkazilishi sharmandali holat – Tramp
- Isroil zarbalari oqibatida Gʻazoda 90 dan ortiq kishi halok boʻldi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring