Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi

19:40 13 Fevral 2024 Jamiyat
572 0

Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari yoʻnalishida 2023-yilda amalga oshirilgan ishlar va vazirlik tashabbusi “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi ijrosi boʻyicha matbuot anjumani tashkil qilindi.

Tadbirda Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari yoʻnalishida amalga oshirilgan ishlar va “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi haqida batafsil maʼlumot berildi.

Birgina davlat xizmatlari markazlari yoʻnalishida aytadigan boʻlsak, oʻtgan yilda markazlar orqali 77 turdagi yangi xizmatlarni koʻrsatish joriy etilib, jami 335 taga yetkazildi. 2022-yilda markazlar orqali 258 turdagi xizmatlari koʻrsatilgan. 2024-yilda esa ularning sonini 400 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Hisobot davrida markazlar orqali 13,2 млн.дан ortiq davlat xizmatlari koʻrsatildi, shundan 9,3 млн.дан ortigʻi (70,8 %) markazlar orqali, 3,8 млн.дан ortigʻi (29,2 %) onlayn tarzda koʻrsatildi. Oʻrtacha xizmat koʻrsatish vaqti 1 daqiqadan 10 daqiqagacha, oʻrtacha kutish vaqti 20 daqiqani tashkil etdi.

Eng koʻp koʻrsatilgan 29 ta xizmatlar (9 млн.дан ortiq) «3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirilib, soʻraladigan maʼlumotlar 225 tadan 99 taga, ariza yuborish uchun sarflanadigan vaqt 76 daqiqadan 22 daqiqaga qisqartirildi. 2024-yilda barcha xizmatlarni «3 qadam” tamoyili asosida soddalashtirish rejalashtirilgan. 48 ta davlat xizmatlarini koʻrsatish jarayonlari soddalashtirildi (BPR). Joriy yilda yana 100 ta davlat xizmatini koʻrsatish jarayonlarini soddalashtiriladi.

Shu bilan birga, DXM binolarini aholiga qulay maskanga aylantirish borasida ham salmoqli natijalarga erishildi. Jumladan, oʻtgan yilda Toshkent shahri, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va viloyat markazlarida xizmatlarni “oson”, “oʻrta” va “murakkab” toifalarga ajratgan holda koʻrsatish yoʻlga qoʻyildi. Bu yilda esa yana 40 ta markazlarda ixtisoslashtirish joriy etiladi.

Matbuot anjumanida taʼkidlanganidek, vazirlik tashabbusi bilan joylarda “Hech bir shaxs hujjatsiz qolmaydi” huquqiy aksiyasi oʻtkazilmoqda.

Vazirlik va uning tizimidagi tashkilotlar tomonidan oʻtkazilayotgan sayyor qabullar hamda kelib tushayotgan murojaatlar tahlil qilinganda, ayrim fuqarolarning tugʻilishi qayd etilmaganligi natijasida shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarga ega emasligi koʻplab muammolarga sabab boʻlayotganligi aniqlangan.

Fuqarolarda oʻzining shaxsiga doir hujjatlarining mavjud emasligi ularning jamiyatda toʻlaqonli munosabatga kirisha olmasligiga, oʻzining qonun bilan belgilangan huquq va erkinliklaridan toʻla darajada foydalanish imkoniyatining cheklanishiga sabab boʻlgan.

Huquqiy aksiyada tugʻilishi qayd etilmagan va fuqarolik pasporti yoki ID-kartasi mavjud boʻlmagan shaxslarga tugʻilganlik haqidagi guvohnoma va shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni rasmiylashtirish, huquqiy muammosi mavjud yoki huquqiy yordamga muhtoj aholiga amaliy yordam koʻrsatish, roʻyxatdan oʻtkazilmagan tadbirkorlik subyektlarini yoki davlat roʻyxatidan oʻtkazilmagan koʻchmas mulklarini roʻyxatdan oʻtkazishga koʻmaklashish va boshqa xizmatlarni koʻrsatish nazarda tutilgan.

Huquqiy aksiya doirasida dastlabki 20 kun davomida 19 872 nafar shaxslar tegishli hujjatlarga ega emasligi holatlari aniqlandi. Ulardan, 16144 nafar shaxslarga tegishli hujjatlar rasmiylashtirib berildi, Xususan, 609 nafarining tugʻilishi qayd etilib guvohnoma berilgan boʻlsa, 2 665 nafariga tugʻilganlik haqida takroriy guvohnoma rasmiylashtirildi, 1 232 nafar qonuniy nikohdan oʻtmasdan yashab kelayotgan fuqarolarning nikohi qonuniy ravishda qayd etib berildi.

Shuningdek, 249 124 nafar shaxsga elektron raqamli imzo berish, “Mobile-ID” dan roʻyxatdan oʻtkazish, kadastr pasportini shakllantirish va boshqa turdagi davlat xizmatlari sayyor shaklda koʻrsatilgani aytib oʻtildi.

Shahzoda ERGASHEVA,

OʻzDJTU Xalqaro jurnalistika fakulteti talabasi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?