Hech bir murojaat eʼtibordan chetda qolmayapti

15:20 10 Yanvar 2025 Jamiyat
295 0

Har bir murojaat ortida qaysidir bir yurtdoshimizning taqdiri mujassam. Buni yaxshi anglagan “Hududgaz Andijon” gaz taʼminoti filiali va uning shahar-tuman boʻlimlari xodimlari murojaatchilar bilan uchrashib, yuzga kelgan muammoning yechimini topishga harakat qilmoqda.

— Oʻtgan yil davomida filialimizda jismoniy va yuridik shaxslardan 21 ming 191 ta murojaat kelib tushgan, — deydi ijro nazorati boʻlimi boshligʻi Salohiddin Qahhorov. — Ularning 18 ming 804 tasi yoki 89 foizi ijobiy hal etilgan boʻlib, 1 ming 774 nafar murojaatchiga huquqiy maslahat berildi. Qolganlari yuzasidan esa oʻrganish ishlari olib borilmoqda.

Tahlillar shuni koʻrsatmoqdaki, murojaatlarning asosiy qismi gaz taʼminoti, toʻlovlarni amalga oshirish va hududlarni gazlashtirish bilan bogʻliq masalalardan iborat.

— Gaz taʼminoti idorasi tomonidan tashkil etilgan sayyor qabul davomida suyultirilgan gaz ballonlarini almashtirishdagi muammolar yuzasidan murojaat qilgan edim, — deydi Qoʻrgʻontepa tumanidagi Ibn Sino nomli MFYda istiqomat qiluvchi Sayyoraxon Odilova. — Bu boradagi huquqlarim tushuntirilibgina qolmasdan, taʼminotdagi muammolar ham ijobiy yechim topdi. Bundan xursandman!

Andijon shahrining Abdurauf Fitrat nomli koʻchasidagi xonadonda yashovchi Solijon Xursandov esa yangi qurilgan uyini gazlashtirish masalasida murojaat yoʻllab, buning tartibi haqida maʼlumot olmoqchi boʻlgan.

— Murojaatim eʼtiborsiz qolmadi, — deydi fuqaro biz bilan suhbatda. — Masʼul xodimlar xonadonimga kelib, qurilish tufayli vaqtincha uzib qoʻyilgan gaz quvurlarini qayta ulash tartibi toʻgʻrisida maʼlumot berdi. Ularning koʻrsatmasi va amaliy yordami bilan hozirda tabiiy gazdan unumli foydalanib kelmoqdaman.

Qish mavsumida tabiiy gazga boʻlgan ehtiyoj yanada ortadi. Bu esa joylarda ayrim muammolarning kelib chiqishiga ham sabab boʻlmoqda. Natijada murojaatlar soni birmuncha ortyapti. Shu bois filial xodimlari ularning ijobiy yechimini taʼminlash bilan bir qatorda hududlarda tushuntirish va targʻibot ishlarini ham olib bormoqda.

Akmaljon HOLIQOV,

jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?