Hayotdan rozi boʻlib yashash sururi
Saminjon HUSANOV/“Xalq soʻzi”. Inson hayotdan minnatdor boʻlib yashashi uchun eng avvalo, turmush sharoitida kundalik zaruriy qulayliklar mavjud boʻlmogʻi kerak. Bu borada andijonliklarning faxrlansa arziydigan jihatlari koʻp. Ahamiyatlisi, viloyatning barcha hududlarida aholi turmush sharoitiga boʻlgan eʼtibor har doimgidan ortgan. Natijada hamyurtlarimizning uzoq yillik muammolari barham topib, manzillar obodligi taʼminlanmoqda.
Andijon viloyatida 109 milliard 300 million soʻm mablagʻ hisobiga shahar va tumanlardagi 47 ta ichki koʻchalarda 75 kmdan iborat yoʻlni taʼmirlash ishlari bajarildi. 23 ta mahallada ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash maqsadida 88 km masofaga quvur tortish hamda 23 ta suv inshootini qurish ishlari olib borildi. Shuningdek, 4 km tabiiy gaz quvuri ishga tushirilib, 1000 ta xonadonga suyultirilgan gaz ballonlari yetkazib berildi. Aholining elektr energiyasi bilan bogʻliq muammolarining ham ijobiy yechimi taʼminlandi. Bunday xayrli ishlar natijasida Asaka tumanidagi “Bahrin” mahallasi eng obod manzillardan biriga aylandi.
— Hududimizda 4 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi mahalla raisi Zafarbek Rahmonov. — Har yili kuz-qish mavsumida ularni elektr taʼminoti bilan bogʻliq muammolar tashvishga solardi. Hududlar infratuzilmasini yaxshilash maqsadiga yoʻnaltirilgan saʼy-harakatlar doirasida 1 km masofaga tarmoq tortilib, 1 ta transformator oʻrnatildi. Natijada 700 ta xoʻjalikning elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.
Tumandagi Mirzaobod, Xonaqa, Kamolot hamda Uch tosh MFYlarida ham mavjud muammolar barham topib, qulay sharoitlar yaratildi. Boʻston tumanidagi 3 ta mahalla aholi yashash uchun eng maqbul manzillar qatoridan joy oldi. Madaniyat mahallasidagi 450 ta xonadonning elektr energiyasi taʼminoti yaxshilandi.
— Har yili qish mavsumida mahallamizdagi transformatorda nosozlik yuzaga kelib, taʼminotda uzilishlar kuzatilardi, — deydi mehnat faxriysi Rasuljon Odilov. — Bu yil 337 mln soʻm mablagʻ hisobiga 160 kVt quvvatga ega boʻlgan 1 ta transformator oʻrnatilib, 3,4 km masofaga yangi tarmoq tortildi. 41 ta eski simyogʻochlar yangi temir beton tayanchlarga almashtirildi. Bugungi kunda taʼminotda uzilishlar kuzatilmayapti.
Tumanning Pillakor mahallasida aholini ichimlik suvi bilan bogʻliq muammolar qiynab kelardi. Ular uzoq yillar davomida suvni maʼlum masofadan tashib kelishiga toʻgʻri kelgan. 1 mlrd 800 mln soʻm mablagʻ hisobiga 1,8 km tarmoq tortish, 1 ta yangi suv qudugʻini ishga tushirish orqali 400 ta xonadonga suv kirib bordi.
— Hozirda har bir xonadonga suv joʻmraklari kirib bordi. Ularga zamonaviy suv hisoblash uskunalari oʻrnatildi, — deydi Pillakor mahallasida yashovchi Adolatxon Mirzaolimova. — Bunday sharoit nafaqat, xonadonlarda, balki hududimizdagi maktab va maktabgacha taʼlim tashkilotida ham yaratildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring