Havo sovumoqda: qishloq xoʻjaligida nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

15:16 23 Fevral 2021 Jamiyat
1003 0

Bir-ikki kun havo isib, dov-daraxtlar kurtaklab, gullab qolganiga barchamiz buyogʻiga endi bahor boshlandi, deb oʻylagan boʻlsak, ajab emas. Lekin tabiat kutilmagan hodisalarga boy. Har doim ham oʻylaganimiz amalga oshavermaydi. Erta-indin bahor fasli kirib kelsa-da, hali sovuqlik iliqlikka oʻrnini boʻshatib bergisi yoʻqday. “Oʻzgidromet” markazi maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning 23-26-fevral kunlari Oʻzbekiston Respublikasi hududiga Volga boʻyi orqali Rossiyaning (Moskva viloyati) Yevropa qismi hududlari ustida shakllangan sovuq va nam havo kirib kelishi prognoz qilingan.

Ob-havodagi bunday oʻzgarish mevali bogʻ va uzumzorlarga, ertaki kartoshka hamda sabzavot ekinlariga salbiy taʼsirini koʻrsatadi, albatta. Shular inobatga olinib, Oʻzbekiston Respublikasi Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan oʻziga xos tavsiyalar ishlab chiqilib, joylarga yetkazildi. Bu haqda vazirlik tomonidan tashkil etilgan brifingda aytib oʻtildi. Unga binoan, quyidagi tadbirlar zudlik bilan amalga oshirilishi lozim. Xususan, mevali bogʻ va uzumzorlarning qator oralaridan sugʻorish ariqlari olinib, iloji boricha kam miqdorda suv oqizish, mevali bogʻ va uzumzorlar qator oralariga goʻng aralash xashak, poxol, shox-shabbalar uyumlarini toʻplab, ularni tutatish, bunda daraxtlarning yoshi, qalin va siyrakligiga qarab har bir gektar maydonga 100-200 ta uyum hosil qilish zarur. Tutun bogʻ ichiga yaxshi yoyilishi uchun uyumlarni mevali bogʻ va uzumzorlarning shamol esadigan tomoniga qoʻyish hamda havo haroratini kuzatib borish lozim.

Havo ochiq boʻlib, harorat +1°S ga tushishi bilan uyumlarni tutatish talab etiladi. Bunda uyumlarni alangalatmay, tutab yonishiga alohida ahamiyat berish, sovuq takrorlanishini hisobga olib, uyumlarni oralatib tutatish darkor. Agar sovuq boʻlmasa uyumlardan oʻgʻit sifatida foydalanish mumkin.

Ertagi kartoshka nihollari yerdan unib chiqqan boʻlsa, sharoitga qarab, egat ustini polietilen plyonka bilan yopish yoki yopishning iloji boʻlmagan maydonlarda xuddi shunday kechki suv qoʻyish uyumlarni tutatish tavsiya etiladi.

Isitilmaydigan koʻchatxonalarda yetishtirilayotgan sabzavot va poliz ekinlari koʻchatlarini sovuqdan asrashning muhim usullari ham dugalar oʻrnatish, ustini polietilen plyonkasi bilan yopish, vaqtinchalik isitish moslamalaridan foydalanish uyumlarni tutatish hisoblanadi.

Pomidor, shirin qalampir, baqlajon kabi issiqsevar sabzavot ekinlari koʻchatlarini issiqxonada tayyorlashni hamda bodring va poliz ekinlari urugʻlarini ekishni vaqtinchalik toʻxtatib turish kerak.

Sovuqqa chidamli sabzi, piyoz, sarimsoqpiyoz, osh lavlagi, karam va koʻkat sabzavotlar kabi ekinlarga sovuq -2-3°S sezilarli taʼsir koʻrsatmaydi.

Vazirlik xabarnomasida yuqoridagi tadbirlarni amalga oshirish uchun aniq chora-tadbirlar belgilanib, tumanlarda maxsus Shtablar tashkil etish, har bir fermer xoʻjaligi kesimida grafiklar ishlab chiqilib, ushbu masala yuzasidan barcha mutasaddi rahbar, masʼul xodimlarning shaxsiy javobgarligi va masʼuliyatini oshirishni hamda ishlarni tizimli tashkil etish hamda bajarilgan ishlar toʻgʻrisida vazirlikning meva@agro.uz elektron manziliga maʼlumotlar taqdim etib borilishi soʻraladi.

D. ULUGʻMURODOV,

“Xalq soʻzi”

 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?