Harbiylik – bolalik orzum
Bolalikning shoʻx-shodon onlari tengdoshlarim bilan mahallada oʻtkazilgan turli qiziqarli oʻyinlar, sport musobaqalari bilan yodimda qolgan. Biroq qalbimda harbiylikka boʻlgan mehr va havas alohida oʻrin tutardi. Ayniqsa, bobom va buvimni koʻrgani borganimizda togʻam Gʻayratjon Usmonovning harbiy liboslarini soatlab zavq bilan tomosha qilishdan charchamasdim. Harbiy bosh kiyimni kiyib, harbiycha yurish-turishni taqlid qilish eng sevimli mashgʻulotim edi.
Keyinchalik akam Jafarbek Ernazarov Vatan himoyachisi boʻlishdek sharafli kasbni tanladi. U ishdan qaytgan zahotiyoq uning harbiy liboslarini kiyib, kattalarni quvontirishga oshiqardim. Bugun orqaga nazar tashlasam, aynan shu onlar kelajagimni, kasb tanlashdagi taqdirimni belgilab bergan hayotiy maqsadlar boʻlgan ekan. Bugun qarindosh-urugʻlar jamul-jam boʻlgan davralarda ushbu shirin xotiralar alohida iliqlik bilan esga olinadi.
Maktabda aʼlochi oʻquvchi sifatida yozgan inshoolarimda ham “Kelajakda kim boʻlaman?” degan savolga hech ikkilanmay, faxr va gʻurur bilan harbiylik kasbini tanlardim. Oila aʼzolarim, ustozlarim va sinfdoshlarim bu tanlovimga hech qachon shubha bilan qarashmagan. 2010–2011-yillarda Jizzax viloyatida muddatli harbiy xizmatni oʻtash jarayonida bu ahdim yanada mustahkamlandi. 2011–2015-yillarda Toshkent oliy umumqoʻshin qoʻmondonligi bilim yurtida tahsil oldim. Chinakam harbiylik saboqlarini oʻzlashtirganimdan soʻng chegara qoʻshinlarida xizmatni boshlab, yurt tinchligi va osoyishtaligini taʼminlash yoʻlida astoydil kamarbasta boʻldim.
Dastlab Toshkent viloyatida, keyinchalik Fargʻona vodiysida mamlakatimiz chegaralari daxlsizligini qoʻriqlash sharafiga muyassar boʻldim. Chegarachi uchun eng muhim fazilatlar — sergaklik va hushyorlik ekanini xizmat davomida yanada chuqur angladim. Ayni paytda harbiy qismda maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha masʼullik vazifasini ham sidqidildan bajarib kelmoqdaman. Eng ulugʻ orzularimdan biri — harbiylar sulolasining munosib vorislarini tarbiyalash. Bu sharafli yoʻlda maktabgacha taʼlim tashkilotida tarbiyachi sifatida faoliyat yuritayotgan turmush oʻrtogʻim Mohinur Ismatova menga yaqin hamfikr va ishonchli koʻmakdoshdir. Bolalikdan Jaloliddin Manguberdining jasorati va mardligiga mahliyo boʻlib ulgʻayganim sababli toʻngʻich oʻgʻlimga Jaloliddin deb ism qoʻydim. U joriy yilda 7 yoshga toʻlib, birinchi sinfga qadam qoʻymoqda. Ikkinchi oʻgʻlim Jamoliddin esa 4 yoshda boʻlsa-da, epchilligi va harakatchanligi bilan akasidan qolishmaydi.
Oilamiz davrasida suhbat mavzusi koʻpincha harbiylikka borib taqaladi. Chunki harbiylik hayotimizning ajralmas qismiga aylangan. Boʻsh vaqtlarimizda birgalikda harbiylar hayoti haqidagi filmlarni tomosha qilamiz, ertak va badiiy kitoblar mutolaa qilamiz. Ishdan qaytganimda oʻgʻillarim yangi yod olgan sheʼrlarini iftixor bilan oʻqib berishadi. Mukofot sifatida harbiy liboslarimni kiyishga ruxsat berishimni yoki dam olish kunlari harbiy qismga olib borishimni iltimos qilishadi. Vatan himoyachilari kuni oilamizda alohida shukuh bilan nishonlanadi. Bayram munosabati bilan yaqinlarimiz xonadonimizga tashrif buyurib, uyimiz fayzu barakaga toʻladi.
Javohir AHMADOV,
Oʻzbekiston Respublikasi DXX Chegara qoʻshinlari
harbiy xizmatchisi, mayor.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekiston Prezidenti va xalqiga Yangi yil bayrami munosabati bilan samimiy qutlovlar kelmoqda
- Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oʻzbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi
- Oʻzbekistonning Gʻazodagi vaziyatga nisbatan hozirgi aniq pozitsiyasi qandayligi aytildi
- Erkinjon Turdimov: “Muammo binoda emas, muammo rahbar va uning ish uslubida”
- Oʻzbekistonga nechta davlatdan turistlar kelayotgani ochiqlandi
- Prezident prokuratura organlari xodimlari va faxriylariga tabrik yoʻlladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring