Har tomonlama samarali va konstruktiv maydon

Shu yilning 27-28-oktyabr kunlari Samarqand shahrida Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlar Parlamentlararo Assambleyasi (MDH PA)ning navbatdagi yigʻilishi boʻlib oʻtadi. Shu munosabat bilan mazkur organ qanday tashkilot ekanligi, uning asosiy funksiyalari va oʻtgan davr mobaynida qanday ijobiy natijalarga erishganligi koʻpchilikda qiziqish uygʻotishi tabiiy.
Parlamentlararo Assambleya milliy parlamentlar tomonidan tayinlanadigan yoki saylanadigan aʼzo davlatlarning parlament delegatsiyalaridan tashkil topgan boʻlib, davlatlararo organ hisoblanadi. Bugungi kunda ushbu Assambleya aʼzolari — Armaniston, Belarus, Moldova, Ozarbayjon, Rossiya, Tojikiston, Ukraina, Qirgʻizston, Qozogʻiston va Oʻzbekiston parlamentlari hisoblanadi.
MDH PA ishchi organi Parlamentlararo Assambleya Kengashi hisoblanadi, u doimiy asosda Assambleyaning ishini tashkil etadi. Parlamentlararo Assambleya Kengashi qoida tariqasida yilda ikki marta yigʻiladi va yalpi majlislarni oʻtkazadi.
Yalpi majlislarda Parlament delegatsiyalaridan tashqari MDHning boshqa organlari, kuzatuvchilar va xalqaro hamkor tashkilotlar vakillari hamda ekspertlar ishtirok etadi.
MDH bilan bir vaqtning oʻzida paydo boʻlgan Parlamentlararo Assambleya faoliyatining ilk kunlaridanoq yangi siyosiy va iqtisodiy sharoitlarda parlamentlarning hamkorligi uchun muhim maydonga aylangan. Mustaqillikka erishgan mamlakatlar huquqiy tizimlarni tubdan isloh qilishlari lozim edi, shuning uchun Parlamentlararo Assambleya doirasida amalga oshirilgan birgalikdagi faoliyat natijasida mazkur islohotlar roʻyobga chiqarildi. Natijada mamlakatlarning milliy qonunchiligini MDH doirasida uygʻunlashtirishga harakat qilinmoqda.
Hamdoʻstlikka aʼzo davlatlarning huquqiy tizimlarini yaqinlashtirish va qabul qilinayotgan model (namunaviy) qonunlar va tavsiyalar asosida MDH doirasida har tomonlama integratsiya uchun sharoitlar yaratish Parlamentlararo Assambleyaning asosiy vazifasi sifatida qaralmoqda.
Parlamentlararo Assambleyaning boshqa muhim yoʻnalishlari sirasida MDH umumiy iqtisodiy makonining huquqiy asoslarini shakllantirish, saylovlar va referendumlar ustidan kuzatuv oʻtkazish, tinchlikni saqlash, xalqaro hamkorlik, parlamentarizm tarixini oʻrganish va ommalashtirish kabi faoliyatini koʻrsatsak boʻladi.
MDHga aʼzo davlatlar qonunchiligini yaqinlashtirish maqsadida parlament delegatsiyalari tarkibidan 10 ta doimiy komissiya tuzilgan. Ular faoliyatining asosiy maqsadi — model qonunchilik hujjatlarini ishlab chiqish hisoblanadi. Parlamentlararo Assambleya tomonidan qabul qilingan va tavsiyaviy xarakterga ega boʻlgan model qonunlar MDHga aʼzo davlatlar parlamentlari uchun milliy qonunchilikni rivojlantirish va yaqinlashtirish uchun qonun ijodkorligi faoliyatida namuna sifatida tavsiya etiladi.
Hozirgi kunda Parlamentlararo Assambleya 600 ga yaqin model qonunlarni va boshqa shunga oʻxshash hujjatlarni qabul qilgan. Parlamentlararo Assambleya qabul qilgan ayrim hujjatlar xalqaro shartnomalarning asosini tashkil etadi. Ular qatoriga Terrorizmga qarshi kurash sohasida MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlik shartnomasi, Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish sohasida MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlikning asosiy yoʻnalishlari haqidagi kelishuv, Narkotik moddalar, psixotrop vositalar va ularning prekursorlarining noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish sohasida MDHga aʼzo davlatlar oʻrtasida hamkorlik haqidagi kelishuv, Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligida lizing faoliyatini kengaytirish uchun qulay huquqiy, iqtisodiy va tashkiliy sharoitlarni tashkil etish haqidagi kelishuv, Jinoiy daromadlarni legallashtirish (yuvish) va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish haqida MDHga aʼzo davlatlar shartnomasi, Birgalikdagi milliy teletibbiyot tizimlarini tashkil etish va kelgusida ularni rivojlantirish va foydalanishda MDHga aʼzo davlatlarning oʻzaro hamkorligi haqidagi kelishuvni kiritish mumkin.
MDHga aʼzo davlatlarning huquqiy tizimlarida Parlamentlararo Assambleyaning hujjatlariga ehtiyoj mavjudligini model qonunlardagi normalar milliy qonun hujjatlariga implementatsiya qilinayotganligi ham tasdiqlamoqda.
Yuqorida qayd etilganidek, Parlamentlararo Assambleya faoliyatida umumiy iqtisodiy makonning huquqiy asoslarini — model qonunchiligiga kiruvchi model qonunlar, tavsiyalar va boshqa hujjatlarni ishlab chiqishga asosiy eʼtibor qaratilmoqda. Chunonchi, Parlamentlararo Assambleya iqtisodiy sohadagi model qonun ijodkorligi bozor iqtisodiyotining huquqiy asoslarini, MDH umumiy iqtisodiy makonini shakllantirishga, jumladan, MDH va Bojxona ittifoqiga aʼzo mamlakatlarda erkin savdo zonasini huquqiy taʼminlashga, fuqarolik va iqtisodiy aylanmasini, byudjet va fiskal siyosatining munosabatlarini oʻzaro kelishilgan holda tartibga solishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Insonning asosiy huquq va erkinliklarini himoya qilish Parlamentlararo Assambleya faoliyatida asosiy ustuvorlik hisoblanadi. Mazkur sohada Parlamentlararo Assambleya ijtimoiy siyosat va insonning asosiy huquq va erkinliklarini taʼminlashdagi muammolarni yechishda gumanitar va madaniy hamkorlikni rivojlantirishga yoʻnaltirilgan yagona yondashuvlarni ishlab chiqmoqda.
Xalqaro Qizil Xoch qoʻmitasi va Qizil Xoch va Qizil Yarim Oy jamiyatlarining xalqaro federatsiyasi bilan birgalikda xalqaro gumanitar huquqni MDHga aʼzo davlatlarning milliy qonunchiligiga implementatsiya qilish Parlamentlararo Assambleya faoliyatining muhim yoʻnalishiga aylandi.
Bundan tashqari, Parlamentlararo Assambleya Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti bilan birgalikda aholini tibbiy xizmatlar bilan butunlay qamrab olishni ragʻbatlantirishga koʻmaklashishga hamda atrof-muhitni himoya qilish sohasida integratsiya hamkorligini rivojlantirish uchun sharoitlarni yaratishga, MDH doirasida jinoyatchilik va korrupsiyaga qarshi kurashish uchun oʻzaro kelishilgan qonunchilik bazasini ishlab chiqishga alohida eʼtibor qaratmoqda.
Parlamentlararo Assambleyaning bugungi kun tartibida xavfsizlikning yangi xavf-xatarlari va tahdidlari alohida oʻrinni egallamoqda. Mazkur masalada Parlamentlararo Assambleya tomonidan qabul qilinayotgan qarorlar dunyoda xavfsizlikni mustahkamlash maqsadini koʻzlayapti.
MDHga aʼzo davlatlarning kelishilgan qonunchilik yondashuvlari terrorizm va ekstremizm, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasi, transchegaraviy jinoyatchilik, korrupsiyaga qarshi birgalikdagi urinishlarni yanada kuchaytirish uchun sharoitlarni taʼminlayotir. Mudofaa va xavfsizlik, yangi xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashish sohasidagi model qonunchilikning aksariyat normalari MDHga aʼzo davlatlarning qonunshunoslari tomonidan milliy qonunlarni tayyorlashda inobatga olingan. Parlamentlararo Assambleya tomonidan chegaraviy va axborot xavfsizligini, odam savdosi va noqonuniy migratsiyani bartaraf etishni huquqiy taʼminlashga qaratilgan hujjatlar ishlab chiqilmoqda va qabul qilinmoqda.
MDH Parlamentlararo Assambleyasi xavfsizlikni mustahkamlash va xavf-xatarlar va tahdidlarga qarshi kurashish boʻyicha yangi xalqaro hamkorlik shakllarini faol joriy qilmoqda. 2004-yilda MDH PA Kengashi tashabbusi bilan Hamdoʻstlik mamlakatlarining terrorizm, jinoyatchilik va narkobiznesga qarshi kurashish sohasida qonunchiligini uygʻunlashtirish boʻyicha Assambleya qoshida Birlashtirilgan komissiya tashkil etildi. Mazkur komissiya MDH organlari, BMT, OBSE va boshqa xalqaro tashkilotlarning ixtisoslashgan tuzilmalari oʻrtasida tizimli va yaqin tarmoqlararo hamkorlikning samarali shakliga aylandi.
Saylovlar va referendumlar ustidan kuzatuv orqali amalga oshirilayotgan demokratiya rivojlanishi va saylov huquqlariga rioya qilinishi monitoringi Parlamentlararo Assambleyaning alohida faoliyat yoʻnalishi sifatida eʼtirof etilmoqda. MDHga aʼzo davlatlar parlament aʼzolari xalqaro kuzatuvchilar maqomida MDHga aʼzo va boshqa davlatlarda elektoral jarayonlar ustidan monitoringni amalga oshirmoqdalar. Kuzatuvchilar va ekspertlar saylov qonunchiligini tahlil qilmoqdalar, elektorat faoliyati sohasida erishilgan yutuqlarni va kamchiliklarni eʼtirof etmoqdalar.
Saylovlar ustidan nazorat faoliyatini Parlamentlararo Assambleya Demokratiyani rivojlantirish, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya qilish xalqaro monitoring instituti muvofiqlashtirmoqda. Hozirgi vaqtda Parlamentlararo Assambleyaning kuzatuvchilari MDHga aʼzo va boshqa davlatlarda 130 ga yaqin saylov kampaniyalari va referendumlari ustidan monitoring ishlarini olib borgan.
Saylovlar ustidan oʻtkazilgan kuzatuvlar tajribasi Parlamentlararo Assambleya tomonidan demokratik saylovlarning yagona mezonlarini oʻz ichiga olgan Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligiga aʼzo davlatlarda demokratik saylovlar, saylov huquqlari va erkinliklari mezonlari (standartlari) haqidagi Konvensiyada oʻz ifodasini topdi.
Assambleya tomonidan olib borilayotgan ilmiy-vakillik funksiyasi alohida eʼtiborga molik. PAning 20 yillik faoliyati davomida 362 ta xalqaro ilmiy-vakillik tadbirlari oʻtkazildi, bunda 7 mingdan ziyod siyosat va jamoat arboblari, yetuk olimlar va mutaxassislar ishtirok etdi.
PA xalqaro gumanitar hamkorlikni mustahkamlash borasida jiddiy rol oʻynamoqda. Assambleya madaniyat, mashhur tarixiy voqealar, masalan, Somoniylar davlati tashkil topishining 1100-yilligiga bagʻishlangan bir qator yirik gumanitar aksiyalarning tashabbuskori hisoblanadi.
Parlamentlararo Assambleya faoliyatida xalqaro hamkorlik katta oʻrin egallaydi. MDH PA bir qator yetakchi xalqaro tashkilotlar, jumladan, BMT hamda aksariyat parlamentlararo birlashmalar — Parlamentlararo kengash, Yevropa Ittifoqining Parlament assambleyasi, OBSE Parlament assambleyasi va boshqa nufuzli xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlik haqidagi kelishuvlarni imzolagan.
Soʻnggi yillarda Oʻzbekiston parlamenti MDH PA model qonunchiligida faol ishtirok etmoqda. Parlament amaliyotida ilk bor “Organik qishloq xoʻjaligi toʻgʻrisida”gi model qonun loyihasini ishlab chiqish tashabbusi ilgari surilgan. Bu jarayonda Oliy Majlis huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti ilmiy xodimlari ham faol ishtirok etmoqda. Oxirgi ikki yil mobaynida 100 dan ortiq model qonun loyihalari boʻyicha 300 dan ortiq takliflar kiritilgan, ularning aksariyati qonun loyihalarini maromiga yetkazishda inobatga olingan. Masalan, “Saylovlar va referendumlar ustidan xalqaro kuzatuv toʻgʻrisida”gi, “Asalarichilik toʻgʻrisida”gi, “Ilmiy va ilmiy-texnik ekspertiza toʻgʻrisida”gi, “Maʼmuriy tartib-taomillar toʻgʻrisida”gi, “Davlat va munitsipal (kommunal) mulkni xususiylashtirish toʻgʻrisida”gi model qonun loyihalariga bildirilgan takliflar toʻlaligicha qabul qilindi.
Umuman olganda, Parlamentlararo Assambleya, ayniqsa, oxirgi yillarda haqiqatan ham, parlament diplomatiyasi, parlamentlararo hamkorlik, shu jumladan, Oʻzbekiston parlament aʼzolari uchun samarali va konstruktiv maydon sifatida oʻzini namoyon etmoqda.
Foziljon OTAXONOV,
Oliy Majlis huzuridagi
Qonunchilik muammolari va parlament
tadqiqotlari instituti direktori.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring