“Har qanday bitimni yomon deydi” — Trampning Rossiyaning yangi hududlari boʻyicha rejalari haqida nimalar maʼlum. Oq uy rahbari ularni tan oladimi?

17:34 15 Avgust 2025 Dunyo
210 0

Foto: Reuters

Goʻyoki AQSH Rossiya bilan Ukrainadagi mojaroni Isroilning Gʻarbiy Sohil ustidan nazorati modelida hal qilish taklifini muhokama qilgan. Bu haqda “The Times” gazetasi AQSH Milliy xavfsizlik kengashidagi manbaga tayanib xabar berdi.

“Bu Isroil Gʻarbiy Sohilni qanday nazorat qilayotganiga oʻxshash boʻladi. ...Ukraina bilan emas, Rossiya bilan iqtisodiy aloqalar bilan. Lekin u baribir Ukraina boʻladi, chunki... Ukraina hech qachon oʻz suverenitetidan voz kechmaydi. Lekin haqiqat shundaki, u bosib olingan hudud boʻladi va bu Falastinning namunasi boʻladi”, — deyiladi manbada.

Falastin modeli nima oʻzi?

Gʻarbiy Sohil 1967-yilda arab davlatlari bilan urush paytida Isroil qoʻshinlari tomonidan bosib olingan Iordaniyaning sobiq hududi. Ayni vaqtda bu hududda Falastin ozodlik tashkiloti kurashini davom ettirdi.

Bunga javoban 1970-yillardan boshlab Isroil Iordan daryosining Gʻarbiy sohilini joylashtirish va faol ravishda yahudiylar turar-joylarini qurish siyosatini boshladi. Shu fonda 1988-yilda Iordaniya nihoyat mintaqani boshqarish daʼvolaridan voz kechdi.

Garchi 1993-yilda Isroil va Falastin ozodlik tashkiloti Oslodagi muzokaralar davomida hududni boshqarish masalasida murosaga kelishgan boʻlsada, 1996-yilda hokimiyat tepasiga kelgan Bosh vazir Benyamin Netanyahu kelishuvlarni amalda bekor qildi — va shundan beri Gʻarbiy Sohil Tel-Avivning harbiy nazorati ostida qolmoqda.

Isroil siyosati fonida Falastin maʼmuriyati uning diplomatik tan olinishi uchun kurashni boshladi. Bugungi kunda BMTga aʼzo 193 ta davlatdan 147 tasi uni suveren davlat sifatida tan oladi. Avstraliya va Fransiya allaqachon tan olish rejalarini eʼlon qilishgan va Buyuk Britaniya va Kanada Gʻazo sektoridagi harbiy operatsiya toʻxtamasa, Isroilga ayni shu muddao bilan tahdid qilmoqda. Biroq Gʻarbiy Sohil Isroil tomonidan nazorat qilinishda davom etmoqda va 23-iyul kuni mamlakat parlamenti uni davlatning rasmiy qismi sifatida tan oldi.

Foto: Reuters

Bu taklifga koʻra, Rossiya “bosib olingan hududlar ustidan harbiy va iqtisodiy nazoratni amalga oshiradi”, biroq de-yure, Ukraina chegaralari oʻzgarmaydi, xuddi Isroilning Gʻarbiy Sohil ustidan nazorati ostida boʻlishiga qaramay, Falastin chegaralari oʻzgarishsiz qolayotgani kabi.

Manbada aytilishicha, bu fikrni AQSH prezidentining maxsus elchisi Stiv Uitkoff bir necha hafta oldin rossiyalik hamkasblari bilan muzokaralari chogʻida aytgan.

Bundan tashqari, nashrning xabar berishicha, Uitkoff Rossiyaning yangi hududlarni harbiy-siyosiy nazorat qilish gʻoyasini qoʻllab-quvvatlaygan. Xususan, u goʻyoki “Ukraina konstitutsiyasidagi “butun Ukraina” referendumini oʻtkazmasdan hududdan voz kechishga imkon beruvchi toʻsiqlarni chetlab oʻtishni” taklif qilgan.

 

Oq uy Uitkoff rejasini rad etdi

Shunga qaramay, Oq uy “The Times” gazetasining Qoʻshma Shtatlar Rossiya bilan Ukrainadagi mojaroni Isroilning Gʻarbiy Sohil ustidan nazorati ostida hal qilish taklifini muhokama qilgani haqidagi maʼlumotlarini rad etdi. Bu haqda Oq uy matbuot kotibi oʻrinbosari Anna Kelli X ijtimoiy tarmogʻida yozdi.

“Bu “The Times”ning mutlaqo yolgʻon va ehtiyotsiz hisoboti”, — deydi Kelli.

Trampning Rossiyaning yangi hududlari boʻyicha pozitsiyasi qanday?

Shu yilning 12-aprel kuni “Reuters” agentligi Rossiya vakili Kirill Dmitriyev bilan Vashingtonda boʻlib oʻtgan uchrashuvdan soʻng, Uitkoff Trampga toʻrt hududni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish Ukrainadagi mojaroga barham berishning eng tezkor yoʻli ekanini aytganini yozdi

“AQSHning maxsus vakili Oq uyda prezident Donald Tramp bilan oʻtirib, aniq xabar berdi. Uitkoffning soʻzlariga koʻra, Ukrainada oʻt ochishni toʻxtatishga erishishning eng tezkor yoʻli Rossiyaga Ukrainaning sharqiy toʻrtta viloyatiga egalik qilishini taʼminlovchi strategiyani qoʻllab-quvvatlashdir”, — deya agentlik manbalaridan iqtibos keltirdi.

Biroq Uitkoffning gʻoyasi Trampning Ukrainadagi maxsus vakili general Keyt Kellogning qarshiliklariga uchradi. Unga koʻra, Kiyev hech qachon bunday kelishuvlarga rozi boʻlmaydi

Foto: РИА Новости

Shu bilan birga, Donald Tramp 23-aprel kuni Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishni istamaslikda aybladi.

“Zelenskiy “The Wall Stree” Journal”ning birinchi sahifasida “Ukraina Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida qonuniy tan olmaydi, bu yerda muhokama qilinadigan hech narsa yoʻq”, deb maqtandi. Bu bayonot Rossiya bilan tinchlik muzokaralari uchun juda zararli, chunki Kiyev koʻp yillar oldin AQSHning sobiq prezidenti Barak Obama “shafyeligida” Qrimni boy bergan edi”, — deydi Tramp.

Bundan tashqari, 26-aprel kuni Oq uy rahbari “The New York Time” gazetasida Ukraina yoʻqotilgan hududlarini qaytarishga majbur boʻlgani haqidagi maqolani tanqid qildi. U bu gʻoyani kulgili, nashrning oʻzini esa qobiliyatsiz deb atadi.

“Rossiya va Ukraina bilan qanday bitim tuzsam ham, u qanchalik yaxshi boʻlmasin, hattoki eng yaxshi bitim boʻlsa ham, barbod boʻlgan “New York Times” bu haqda yomon gapiradi”, — deydi Tramp.

Tramp “hududlarni almashish”ga rozimi?

Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan Alyaskada boʻlajak uchrashuv fonida 7-avgust kuni yevropalik ittifoqchilar bilan suhbat chogʻida Tramp Rossiya Kiyev bilan “hududlarni almashishga tayyor”ligini tan oldi.

Suhbatdan xabardor Bloomberg manbalarining qayd etishicha, Amerika rahbari bu masalada Moskva va Kiyev oʻrtasida murosaga erishishga umid qilmoqda.

25-aprel kuni “The Telegraph” nashri Ukraina hukumati Rossiya bilan mojaroni hal qilishda mamlakat uchun xavfsizlik kafolatlari evaziga hududiy imtiyozlarga yoʻl qoʻyayotgani haqida xabar berdi.

Xususan, bahorda Kiyev Vashingtonga mojaroni hal qilish shartlariga doir besh banddan iborat hujjat topshirgan edi. Birinchi ikki nuqta Ukrainaning Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olishdan bosh tortishi, shuningdek, toʻrtta yangi mintaqa bilan bogʻliq. Shu bilan birga, Kiyev “vaqtinchalik imtiyozlar uchun kompensatsiya” sifatida mamlakat uchun xavfsizlik kafolatlarini ilgari surdi. Shu bilan birga, “The Wall Street Journal” Fransiya va Buyuk Britaniya Ukrainaning oʻz hududlarining bir qismi ustidan nazoratni yoʻqotganini tan olishga tayyorligini yozdi.

Foto: Reuters

Biroq, gazetaning taʼkidlashicha, Parij va London “Koreya urushini tugatgan” oʻt ochishni toʻxtatishga oʻxshab, Rossiyaning faqat de-fakto bosib olgan hududlari ustidan nazoratini tan oladigan kelishuvni afzal koʻradi.

Oldinroq, NBC telekanali oʻz manbalariga tayanib Tramp Putin bilan uchrashuvda hududlar masalasini muhokama qilmasligi haqida xabar tarqatgandi.

Telekanal maʼlumotlariga koʻra, Tramp bu haqda Yevropa Ittifoqi yetakchilari va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy bilan onlayn konferensiya davomida bayonot bergan. Qayd etilishicha, AQSH prezidenti soʻzsiz oʻt ochishni toʻxtatishga intilish niyatida va uning fikricha, Kiyev har qanday tinchlik muzokaralarida ishtirok etishi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?