“Har kungi moʻjiza” — u tizimli islohotlarga muhtoj

09:39 31 Mart 2022 Jamiyat
1576 0

Arxiv surat

“Ommaviy axborot vositalarini «toʻrtinchi hokimiyat”ga aylantirish, davlat idoralarining jamiyat oldidagi hisobdorligini oshirish borasida sezilarli natijalarga erishilmoqda. Bu boradagi eng muhim yutugʻimiz shuki — biz jamiyatimizda “yopiqlik muhiti”dan qutulib, Yangi Oʻzbekiston poydevorini aynan erkinlik va adolat tamoyillari asosida barpo etmoqdamiz».

Prezident Shavkat Mirziyoyevning birinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumining ochilish marosimida aytgan ushbu soʻzlari mamlakatimiz ochiqlikka yuz tutgani, bunga ommaviy axborot vositalari vakillarining kasbiy mahorati va qatʼiyati yordamida erishilayotganini aniq koʻrsatib turibdi.

Keyingi besh-olti yil Oʻzbekistonning media sohasi uchun jadal sifat oʻzgarishlari davri boʻldi. Jurnalistlar uchun taqiqlangan mavzular qolmadi, fikrlar va qarashlar turlicha koʻrinish oldi. Soʻz erkinligi real tushunchaga aylandi, berilgan imkoniyatlardan foydalanish uchun maʼmuriy toʻsiqlar olib tashlandi. Jurnalistlarning oʻz pozitsiyasini bildirishi uchun qoʻshimcha imkoniyatlar yaratishga qaratilgan huquqiy islohotlar oʻtkazildi. Bunda axborot va ijodiy faoliyat erkinligiga boʻlgan huquq mustahkamlandi, ushbu meʼyorlarni buzuvchilarga nisbatan esa javobgarlik kuchaytirildi.

Ushbu jarayonning mantiqiy davomi sifatida mamlakatimizda jadal surʼatlar bilan shaffof, axborotlashgan jamiyat shakllana boshladi. U esa, tabiiyki, zamonaviy sharoitlarda “yangicha” deb ataluvchi OAV — saytlar, ijtimoiy tarmoq va messenjerlardagi maydonchalar, videoxosting-platformalar uchun qulay muhit yaratdi.

Shu bilan bir qatorda, raqamli media-mahsulotning jadal oʻsishi sharoitida avvalgi, anʼanaviy ommaviy axborot vositalarining kelajagi faol muhokama qilina boshladi. Hatto internet va ijtimoiy tarmoqlar keng rivojlanayotganidan kelib chiqib, matbuot, yaʼni bosma nashrlarga ehtiyoj bormi, degan fikrlar ham aytilyapti.

Bunday qarash mashhur “Moskva koʻz yoshlarga ishonmaydi” filmida teleoperator boʻlib ishlaydigan yigitning “Televideniye rivojlansa, kinozallar va teatrlarga hojat qolmaydi” degan fikrini eslatadi. Vaholanki, u xato oʻylaganini biz koʻrib turibmiz. Toʻgʻri, kinozallar va teatrlar avvalgidek gavjum emasdir, biroq ularga hamon ehtiyoj bor.

Shu nuqtayi nazardan matbuotdan, yaʼni bosma nashrdan uzilish kabi his-tuygʻularga berilish mantiqqa sira toʻgʻri kelmaydi. Avvalo, u hali oʻz funksiyalarini bajarishga — jamiyatdagi muammolarni koʻtarib chiqish, odamlarning ijtimoiy va siyosiy ongini yuksaltirish, faollashtirish, fikrlash, tanqid va tahlil qilish salohiyatini oshirishga xizmat qilish kuchiga ega. Qolaversa, matbuot jamiyatning yuzi, oynasi demakdir. Internet bugun qanchalik ommalashmasin, hali hamma ham undan toʻlaqonli foydalanish imkoniga ega emas. Jamiyatda axborotni anʼanaviy OAVdan olishni maʼqul koʻruvchi insonlar koʻpchilikni tashkil etadi. Buning ustiga, elektron OAV va veb-saytlar, messenjerlar xabarlarni tez tarqatsada, matbuot voqealar rivojini, mazmunini, mohiyatini sharhlab beradi. Bu bilan aholining ijtimoiy-siyosiy savodxonligini oshirishda katta rol oʻynaydi.

Mutaxassislar fikricha, insonning miya faoliyati maʼlumotni elektron doska va monitorlarga qaraganda qogʻoz vositalari, xususan, gazeta, jurnal va kitoblardan oʻqiganda koʻproq hamda samaraliroq qabul qiladi. Nur taratmagani bois gazeta va jurnal yoki kitob sahifalariga uzoq vaqt qarash, ularni sinchiklab oʻqish, saqlab qoʻyish va kerak boʻlganda yana koʻz tashlash qulay.

Qolaversa, har qanday matbuot nashri tarixning bir boʻlagiga aylanadi. Yillar oʻtib, kelajak avlod maʼlum bir davr haqida maʼlumot olmoqchi boʻlsa, shubhasiz, oʻsha paytda chop etilgan gazetalarga murojaat qiladi. Shu orqali zamon nafasini, haroratini his etadi.

Bas, shunday ekan, mushtariylarning diqqatini jalb qilishda matbuotning rolini aniqlash, yaʼni bugungi sharoitda u qanday strategiyani egallagani, oʻz oldiga qanday maqsad qoʻygani va qaysi yoʻlni maqsadga muvofiq, deb hisoblashi oʻta muhim.

“Bosma nashrlar uchun oltin asr boshlanmoqda”

Buyuk Britaniyaning “Daily Mail” gazetasi jurnalisti Syu Pirtning quyidagi oʻxshatishiga eʼtibor bering: “Men uchun yangi gazetani oʻqishga tutingan paytim xuddi teatrda hali parda ochilmay turib, orkestr kuy chala boshlagan lahzalarni eslatadi. Ichkarida, sahnada seni nima kutayotganini bilmaysan, lekin miyangni sen hech qachon oʻylamagan koʻplab gʻoya va fikrlar zabt etishiga ishonasan”.

Tashbeh juda aniq, shunday emasmi? Jurnalist fikricha, matbuot oʻquvchini oʻzidan — oʻz fikrlari, oʻy-xayollari va muammolaridan chalgʻitishga qodir. “Shuni sezdimki, deb yozadi u, raqamli format bilan «oʻzini ovuntirib yurgan” odamlar sekin-asta gazeta va jurnallarga qaytishadi».

Taassuflar boʻlsinki, bizning jamiyatimizda shunday holat yuzaga keldiki, tobora kuchayib borayotgan axborot “shovqini” orasida raqamli muhitda kundan-kun urchiyotgan tinib-tinchimas “baqiroqlar”ning ovozi eshitilyapti, xolos. Ular, rivojlangan va rivojlanayotgan mamlakatlarda yuz berayotgan voqealarni mensimay, barcha bosma mahsulotlar — gazeta, jurnallar va hatto kitoblar kerakmi, degan shoshqaloq xulosalar chiqarishga shoshilmoqdalar.

Bunday qarashlarning bemaʼniligi, haqiqiy hayotdan juda uzoqligi haqida koʻp toʻxtalib oʻtishga hojat yoʻq. Balki bu gap-soʻzlarni aytayotganlar tabiiy landshafti turli-tuman boʻlgan Vatanimizning eng olis qishloqlarida ham internetdan aʼlo darajada foydalanish imkoni mavjud, deb oʻylashar. Lekin boshqalarda, hatto poytaxt Toshkent markazida ham internet tezligini megabit/sekundlarda emas, megabit/soatlarda oʻlchashga toʻgʻri kelishi mumkin. Bundan tashqari, smartfon va kompyuterlardan foydalanmaydigan kishilar qatlami ham mavjudligini unutmaslik lozim.

Ayni shu paytda biz rivojlangan, deb hisoblaydigan mamlakatlarda (ularning koʻpchiligi oʻz fuqarolarining savodxonligi, bilimi tufayli rivojlangan!) matbuot oʻzining tiklanish davrini kechirmoqda. Britaniyalik media ekspert va qator nashriyotlar asoschisi Jeremi Lesli boʻlsa, bosma nashrlar — gazeta va jurnallar uchun oltin asr boshlanmoqda, deb hisoblaydi. Yevropa va Amerikada bosma nashrlarning adadi sekin-asta koʻpaymoqda, Osiyoda esa — nihoyatda ortib ketdi. Texnologiyalar va taraqqiyot darajasi eng yuqori hisoblanuvchi Yaponiyada odamlar bir nechta bosma nashrlarga obuna boʻlishadi. U yerda gazetalar millionlab nusxada chop etiladi.

AQSHda 2020-yili kundalik gazetalar adadi ish kunlarida 24,3 million nusxani, yakshanba kunlari esa 25,8 million nusxani tashkil etgan. Shubhasiz, bu nashrlarning raqamli auditoriyasi ham ortib bormoqda. Amerikaning 50 ta yetakchi gazetasi saytlariga bir oyda oʻrtacha 13,9 million kishi tashrif buyuradi. Vaholanki, bu saytlardan maʼlumot olish tekin emas.

Xoʻsh, bizdachi? Oʻzbekiston Davlat statistika qoʻmitasi maʼlumotlariga koʻra, 2011-yilda mamlakatimizda 637 ta gazeta chiqqan. 2021-yil 1-yanvariga kelib, ulardan 366 tasi qolgan. Chop etilayotgan gazetalarning soni deyarli 2 baravar kamaygan. Bu hali “adad” deb yuritiladigan boshqa bir muhim koʻrsatkich emas, u rasmiy statistikada keltirilmagan. Bu raqamlar boʻyicha esa yoʻqotish juda katta...

Bozor relslarining asosi mustahkammi?

Oʻtgan haftadagi eng yorqin voqea — Toshkent xalqaro investitsiya forumi boʻldi. Undagi voqealar rivojini kuzatgan har bir kishi, bir oz boʻlsada, iqtisodchiga aylandi, desam, xato qilmayman. Chunki anjumanda mamlakatimiz uchun juda muhim mavzular muhokama qilindi.

Bizning mamlakatda biznes yuritishni xohlovchi investorlarni koʻproq infratuzilma va unga bogʻliq omillar qiziqtirdi: xom ashyoni qayerdan olish kerak, uni va tayyor mahsulotni yetkazib berish qanday boʻladi, davlat halol raqobatni kafolatlaydimi, soliq va bojxona imtiyozlarichi?

Sarmoyadorlar shuni yaxshi bilishadiki, har qanday ishni tashkil qilish uchun muayyan shart-sharoitlar mavjud boʻlishi lozim. Ayni zamonda bosma ommaviy axborot vositalari duch kelgan qiyinchiliklar muhokama qilinar ekan, “ekspertlar” va shu masalaga masʼul amaldorlar tomonidan bittagina umumiy taklif berildi, yaʼni “bozor relsiga oʻtish”. Biroq bu rels nimaning ustiga qoʻyiladi, degan savol ochiq qolib ketdi. Qanaqa asos haqida soʻz boryapti, deysizmi? Gazetani obunachilarga yetkazib berish xizmati hech qanaqa talabga javob bermaydi, gazeta sotiladigan kioskalar soni esa kamayib ketdi. Qogʻoz narxlari, soliq va bojxona toʻlovlari esa alohida mavzu.

Soha rivoji haqida gap ketganda, birinchi navbatda, tahririyatlarning moddiy-iqtisodiy imkoniyatlarini yanada oshirish, ularning raqobatbardoshligini taʼminlash masalasini oʻylash kerak. Zero, ezgu gʻoyalar targʻiboti, maʼnaviyat, inson ongi va qalbi uchun kurash jabhalariga ayrimlar ogʻiz koʻpirtirib yoqlayotgan shafqatsiz bozor mexanizmlarini toʻgʻridan-toʻgʻri joriy etib boʻlmaydi.

Ayniqsa, bugungi internet asrida har qanday axborotga bir zumda deyarli tekinga ega boʻlayotgan insonlar oldi-qochdi gap-soʻzlardan holi, jamiyat ravnaqiga xizmat qiladigan gʻoyalar, tahlillar aks etgan nashrlarni choʻntagidan pul sarflab, sotib olib oʻqishi amrimahol boʻlib qoldi. Shu bois gazeta-jurnallarni chop etish, ularni tarqatish va oʻquvchilarga oʻz vaqtida yetkazib berish tizimini qayta isloh etish — zamon talabidir!

Bundan tashqari, intilishlarimiz, yaʼni mamlakat miqyosidagi, umummilliy va global darajadagi maqsadlarimiz haqida chuqur oʻylash vaqti keldi. Xoʻsh, eng oʻqimishli mamlakat boʻla olamizmi? Yo bizga shundayi ham “boʻlaveradimi”? Oʻzimizni eng bilimga intiluvchi mamlakat, deb tanishtira olamizmi? Umuman, biz juda faxrlanadigan ota-bobolarimizga munosib boʻlish, hech yoʻqsa, ular ortidan ergashish qoʻlimizdan keladimi?

Mamlakatimizda va butun dunyo boʻylab oʻrnatilgan buyuk mutafakkirlarimizning haykallariga bir eʼtibor beringa. Dunyo tamadduniga beqiyos hissa qoʻshgan bu ulugʻ zotlar qoʻlida kitob yoki qogʻoz oʻrami bilan tasvirlangan. Negaki, ular nafaqat ushbu shaxslarga qoʻyilgan haykal, balki chuqur ilmiy va falsafiy merosdan, aynan qogʻozda aks etgan SOʻZ QUDRATIdan darak beruvchi yodgorliklardir.

Bugungi kunda butun dunyoda eng dolzarb boʻlib turgan masala — maʼrifat masalasi. Dunyodagi borki talatoʻplar zamirida ham aynan maʼrifatsizlik turibdi. Maʼrifat — ilm degani, maʼrifat — maʼnaviyat degani. Maʼrifat, avvalo, mutolaadan boshlanadi. Hatto eng rivojlangan davlatlar ham bugun maʼrifatga qaytadan murojaat qilayotgani bejiz emas. Buni, masalan, Fransiyada ham yaxshi anglashadi. U yerda yosh avlodni maʼrifatli qilish ustida ish olib boriladi. Mamlakatda gazeta va jurnallarni chop etish, tarqatish borasida davlat subsidiyalari belgilangan. 2009-yildan boshlab esa davlat tashabbusi bilan yoshlarni kundalik gazetalarni oʻqishga jalb etish boʻyicha maxsus dastur amalga oshirildi. Ushbu aksiya noshirlar bilan hamkorlikda olib borildi va 14 yoshdan 18 yoshgacha boʻlgan oʻsmirlar uchun gazetalarga yillik bepul obuna taqdim etish yoʻlga qoʻyildi.

Uch yildan soʻng hayratlanarli natija kuzatildi. Yaʼni loyihada ishtirok etgan — uylariga yetkazib berilgan bepul gazeta va jurnallarni oʻqib ulgʻaygan yoshlar orasida keng dunyoqarashga ega, ilm-fanning barcha sohasiga qiziquvchi, qobiliyatli yigit-qizlar safi sezilarli darajada kengaydi. Demak, Fransiya hukumati katta mablagʻlar sarflab boʻlsada, ezgu maqsadga erisha oldi.

Yaqinda bir gazetada Germaniyadagi aeroportlardan biri, chamasi Kyoln shahridagi aeroport haqidagi maqolaga koʻzim tushdi. Unda sayohatchining taassurotlari hikoya qilingan. Muallif unga eng hayajonli daqiqalarni aeroportdagi gazeta sotiladigan doʻkon taqdim etganini bayon etgan. Butun inshoot boʻyicha eng ajoyib boʻlim — megakioskaning uzunligi 20 metr boʻlib, unda turli yoʻnalishlarga tegishli yuzlab davriy nashrlar sotilar ekan. Xoʻsh, biz ham nemislar kabi koʻp oʻqiydigan xalq ekanimizni aeroportdanoq namoyish eta olamizmi?..

Amerika Qoʻshma Shtatlarida gazetalar nafaqat aeroport, balki mehmonxona, restoran, universitet, hatto koʻchalarda tarqatiladi. Turkiyada gazetalar katta-kichik savdo nuqtalarida koʻrinarli joylarga sotish uchun qoʻyilgan. Yevropaning Praga, Varshava shaharlarida har 400 — 500 kishiga oʻrtacha bitta gazeta doʻkonchasi toʻgʻri kelar ekan. Xoʻsh, Toshkentdachi? Poytaxtimiz fast-fudlar sotib olish mumkin boʻlgan doʻkonchalar soni boʻyicha bu shaharlar bilan tenglasha olar, balki. Ming afsuski, kioskalar soni boʻyicha emas...

Maʼno-mazmunga toʻla qogʻoz

Matbuot oʻzining toʻrt asrlik tarixi davomida yuksalish va tanazzul bosqichlarini bosib oʻtgan. XX asrga kelib, u oʻzining yangiliklar “monopolisti” sifatidagi maqomini yoʻqotdi. Lekin oʻzgarishlarga moslasha olishi tufayli koʻplab insonlar uchun axborot manbai va hamsuhbat boʻlib qoldi.

Oʻzbekiston matbuoti ham ayni paytda transformatsiya jarayonini boshidan kechirmoqda. Auditoriyaning diqqatini jalb qilish boʻyicha raqobatning kuchayishi tahririyatlar faoliyatida katta oʻzgarishlarga olib keldi. Gazeta sahifalarida voqealar haqidagi tezkor xabarlarga kamroq oʻrin ajratilib, tanqidiy-tahliliy maqolalar va sharhlarga, reportaj va suhbatlarga alohida eʼtibor berilmoqda. Ularda eksklyuziv materiallar, kuzatuvlar natijasi va masalani oʻrganish boʻyicha materiallar chop etilyapti.

Mana, keyingi yillarda gazetalar shaʼniga goʻyoki “tanqidiy maqolalar kam”, degan ayblovlarni qoʻyish davom etib kelyapti, lekin bu — inersiya xolos. Hozir mamlakatimizda chiqadigan har qaysi gazetani varaqlab koʻring: unda eng dolzarb muammolar ham dadil yoritilayotganiga guvoh boʻlasiz. Farqi shundaki, bu obyektiv nuqtayi nazardan qilinadi, aslo “xayp” uchun emas. Gazetalardagi maqolalar respublika va mahalliy darajadagi rahbarlar eʼtiborini u yoki bu masalaga qaratib, odamlarga adolatni tiklashda yordam bergani toʻgʻrisida juda koʻp va xoʻp misollar keltirish mumkin.

Prezidentimiz yangi Oʻzbekistonning yangicha islohotlari asosiy yoʻnalishlarini hayotiy misollar va dalil-isbotlar bilan asoslab, tahlil qilib, izohlab berar ekan, inson huquqlari va erkinliklarini, soʻz erkinligi va matbuot erkinligini hamda oshkoralikni eng muhim ustuvor yoʻnalish sifatida alohida taʼkidlab oʻtadi. Shu nuqtayi nazardan, bugun oʻzbek matbuoti hadik va loqaydlikni ortda qoldirib, faol pozitsiyani egallayotganini ishonch bilan ayta olamiz. Ayrim gazetalar bu yoʻldan ildam bormoqda. Buni koʻrmaslik, sezmaslik mumkin emas. Erkin va teran fikrlaydigan, hayotni haqqoniy va xolisona yoritayotgan gazetalar va jurnalistlar safi tobora kengayib boryapti.

Matbuot axborotning sifati, keltirilgan dalillar haqqoniyligi, fikrlar puxta oʻylanganligi kabi ijobiy imkoniyatlarini ishga solib kelyapti.

Haqiqat muzeydagi eksponat singari noyob narsaga aylangan bir davrda gazetalar, agar oʻzining anʼanalariga sodiq qolsa, yolgʻondan charchagan auditoriya koʻzi oʻngida media industriyani reabilitatsiya qilishga qodir. Butunjahon gazeta va yangiliklar assotsiatsiyasi (WAN-IFRA) maʼlumotiga koʻra, sayyoramizdagi katta yoshli aholining 40 foizi har kuni aynan gazeta oʻqishni davom ettirmoqda.

Axborotni aynan qogʻoz koʻrinishidagi manbadan olish, ayniqsa, oʻqimishli, mulohazakor qatlam, ziyolilarning qismatidir. “The New York Time” kolumnisti Nelli Boulzning fikricha, raqamli muloqot oʻz ahamiyatini yoʻqotmoqda. Odamlarning bevosita uchrashuvi, suhbati hamma intiladigan jarayonga aylanmoqda. Ana shu anʼanalar oʻz vaqtida “Rospechat” kompaniyasining sohaviy maʼruzasida qayd etilgan. Unda keltirilishicha, gazetaning qogʻoz versiyasi har qanday mamlakatda sifatli bosma nashr hisoblanib, elita mahsulot sifatida eng ilgʻor qatlamga moʻljallangan va imkoni boricha uzoq vaqt, ideal sharoitda esa — hamisha chiqib turishi lozim.

Shubhasiz, matbuotning koʻp asrlik anʼanalari va zamonaviy qadriyatlari yangi Oʻzbekiston uchun muhim va zarur. Negaki, mamlakatimizda ochiqlik kursi eʼlon qilindi, maʼrifat esa eng asosiy qadriyatlardan biri, deya belgilandi. Biroq bu sohaga munosabatni oʻzgartirish, oʻzaro hamkorlik mexanizmlarini isloh qilish, huquqiy asoslarini takomillashtirish va infratuzilmani tubdan yangilash talab etiladi.

Bunga sarflanadigan xarajatlar, albatta, oʻzini oqlaydi, chunki ular amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyati haqida xabardor qilish, bu yoʻldagi qiyinchiliklarni hal etish va fuqarolik jamiyatini shakllantirishga, maʼrifatga yoʻnaltirilgan.

Muammolar va yechimlar

Taniqli jurnalistlardan biri gazetani “har kungi moʻjiza” deb atagan ekan. Qoʻshimcha qilib aytish mumkinki, ana shu “moʻjiza” katta jamoaning mashaqqatli mehnati bilan yaratiladi. Maqolani tayyorlash, tahrir qilishning oʻzi yetarli emas. Bosqichma-bosqich bu matn sahifaga joylashtiriladi, qayta oʻqiladi. Gazetaning navbatdagi soni yarim tunda chop etish uchun ruxsat berilib, imzolanadi. Bosmaxonada boʻyoq beriladi, tayyor mahsulotga aylanadi. Shunday qilib, kun panoramasini oʻzida jamlagan gazetaning yangi soni oʻquvchi qoʻliga yetib boradi. Bosma mahsulotda voqea-hodisalar lenta kabi aylantirilmaydi, koʻz oʻngimizda reklama bilan qorishib ketgan holda klip singari oʻtib ketmaydi. Unda mamlakatimiz hayotining yilnomasi qayd etiladi. Bosilib chiqqan faktlarga har doim qayta murojaat qilish, ular boʻyicha yana mulohaza yuritish mumkin. Bunda his-tuygʻular tagʻin jonlanadi va yodda qoladi. Gazeta shunisi bilan ham “moʻjiza”dir.

Shu nuqtayi nazardan, gazeta va jurnallar mazmunini yanada boyitish eng muhim ishlardan biridir. Albatta, jurnalistika keng tafakkurni, zahmatli mehnatni talab etadigan kasb. Bu kasbning nonini yeyishga qaror qilgan inson shunchaki bexato yozishni oʻrganib olishi yetarli emas. U hamisha odamlar tashvishi bilan yashashi, jamiyatdagi muammolarni xuddi oʻzinikidek qabul qilishi kerak. Ularga nisbatan faol pozitsiyada boʻlishi lozim. Bunday kadrni tayyorlash esa oson boʻlmaydi. Shu jihatdan mamlakatimizda Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetining tashkil etilgani ayni muddao boʻldi. Endi bu oliy oʻquv yurtida tahsil olayotgan talabalarni tahririyatlarga yaqinlashtirishimiz, “Ustoz — shogird” anʼanalarini yoʻlga qoʻyib, ularning amaliy koʻnikmalarini boyitishimiz kerak. Buning uchun, avvalo, jurnalist kadrlar tayyorlash ishida yangi tizim joriy etish zarur. Xoʻsh, bu qanday boʻladi?

Maʼlumki, hozirgi kunda yosh jurnalistlarimizda ixtisoslashuv masalasi koʻngildagidek emas. Masalan, iqtisodiyot mavzusini yoritadigan jurnalist iqtisodiyotni, madaniyat mavzusini yoritadigan jurnalist madaniyat sohasini yaxshi bilmaydigan holatlar koʻp uchrayapti. Shu bois jurnalistika sohasiga nafaqat shu kasbga oʻqigan yoshlarni, balki boshqa yoʻnalishlarda oʻqiyotgan, biroq jurnalistikaga iqtidori boʻlgan oliy oʻquv yurti talabalarini ham jalb etish mumkin. Ular oʻzlari oʻqigan yoʻnalish boʻyicha yetarli bilimga ega boʻladi. Oʻsha sohani tahlil qila oladi. Maqola yozish koʻnikmalarini shakllantirishga esa tahririyatlarning oʻzi yordam berishi mumkin. Buning uchun tahririyatda bepul oʻquv kurslari tashkil etish yetarli boʻladi.

Misol tariqasida “Xalq soʻzi” va “Narodnoye slovo” gazetalari tahririyatida oʻzbek, rus va ingliz tili kurslari, turli oliy oʻquv muassasalarida tahsil olayotgan yoshlar uchun “Jurnalistik mahorat maktabi” tashkil etilganini keltirib oʻtish mumkin. Xodimlarning bilimlarini oshirish, sohaga yosh avlod kadrlarini tayyorlashda bu ishlar yaxshi samara koʻrsatdi. Bunday mahorat maktablari nafaqat bizning tahririyatimizda, balki boshqa tahririyatlarda ham tashkil etilgan va oʻzining ijobiy samarasini bergani bor gap.

Oliy taʼlim muassasasida talaba nazariy bilimlarni oladi, lekin amaliyotni faqatgina kundalik gazeta tahririyatida oʻtaydi, u yerda yozishni oʻrganadi. Qolaversa, jurnalist uchun zarur boʻlgan kasbiy sezgi, intervyu olish mahorati, dalillarni tahlil qila olish kabi koʻnikmalar shakllanadi. Eng asosiysi, faktlarni tekshirish, tanlab olish va oʻquvchiga ishonchli maʼlumotni taqdim etish, masʼuliyatli boʻlish — ana shu xislatlar oʻzlashtiriladi. Tahririyatlar ana shu anʼanalarni davom ettirishi uchun qoʻshimcha ragʻbat yaratilishi kerak.

Yurtimizda nomdor gazetalardan tortib, prokuratura va sud, mahalliy hokimlik organlari, turli vazirlik va qoʻmitalar, siyosiy partiyalaru turli uyushmalar, nodavlat-notijorat tashkilotlar va hokazolar muassisligidagi gazeta-jurnallar uzoq yillardan beri nashr etiladi. Ammo soʻnggi yillarda muassislar oʻz nashrlariga yetarli eʼtibor bermay qoʻygani ham ayni haqiqat. Taʼkidlash kerakki, avvalo, har bir nashr — muassisining minbari. Buni muassislar juda yaxshi anglaydilar va bu minbardan istagancha foydalanadi. Moddiy va maʼnaviy koʻmakka kelganda esa panja orasidan qaraydilar. Aksi boʻlganida, yuz minglab aʼzolariga ega boʻlgan siyosiy partiyalarning nashrlari va boshqa yirik muassislari boʻlgan gazetalar kam nusxalarda chop etilmasdi.

Ochigʻi, gazetalarimizning adadini keskin koʻpaytirmasak, koʻzlagan maqsadga yetishish qiyin boʻladi.

Binobarin, matbuot jamiyatning yuzi ekan, sohaning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zaruratdir. Birinchidan, matbuot bugungi Oʻzbekiston uchun har qachongidan ham muhim. Shu bois unga boʻlgan munosabat, matbuot bilan ishlash shakllari va mexanizmlari tubdan isloh qilinishi shart. Nashrlar oʻz muassisining targʻibot vositasi hisoblanadi. Qolaversa, gazeta chop etish xarajatlari muassisni juda qiyin ahvolga ham solib qoʻymaydi. Buning uchun byudjetdan alohida mablagʻ ajratilsa, vaqti kelib bu mablagʻlar nafaqat oʻzini oqlaydi, balki iqtisodiy jihatdan foyda keltirishni ham boshlaydi. Chunki gazetaga reklama beruvchilar koʻpayadi.

Ikkinchidan, davlatimiz rahbari tomonidan maʼnaviyat, maʼrifat masalasiga eʼtibor kuchaygan bir sharoitda mutasaddilar odamlarning ehtiyojini oʻrganishi shart. Aholini qanday gazetalar, qaysi mavzular qiziqtirishi, xalqni matbuotga qaytarish yoʻllari haqida fikr yuritish vaqti keldi.

Uchinchidan, gazetalar tannarxini kamaytirish masalasi ham oʻta muhim. Har qanday nashrda asosiy mablagʻ uchta narsaga sarflanadi: xorijdan qogʻoz import qilish, gazetani bosmaxonada chop etish va uni obunachiga yetkazib berish. Demak, bosma ommaviy axborot vositalarini qoʻllab-quvvatlashda shu uchta yoʻnalishga eʼtibor qaratish kerak. Masalan, qogʻoz importida bojxona imtiyozlarini belgilash, bosmaxonalarga gazetalar chop etish xarajatlarini byudjet qoʻshimcha daromadlari hisobidan qisman qoplab berish, gazetalarni sotish va yetkazib berish mexanizmlari, usul va koʻrinishlarini takomillashtirish zaruratini hayot taqozo etib turibdi.

Gazetalar chiqqan kuniyoq oʻquvchilar qoʻliga toʻliq yetib bormasa, barcha urinishlar bekor. Axborot tez tarqalayotgan bir kezda gazetalar baʼzi hollarda haftada bir marta yetkazib berilyapti, baʼzida esa oʻz oʻquvchilari qoʻliga umuman yetib bormayapti. Natijada aholi oʻrtasida gazetaga obuna boʻlishga qiziqish yoʻqolmoqda. Buning ustiga gazeta kiosklari tarmogʻi ham keskin qisqarib boryapti.

Buning oldini olish uchun pochta tizimini tahlil qilib chiqish va oʻtgan yillarda yoʻqotilgan matbuot tarqatish tizimini qayta tiklash, yetkazib berilmagan gazetalar uchun pochta xodimlarining javobgarligini belgilash, gazeta kiosklari tarmogʻini kengaytirish kerak. Matbuot targʻiboti qoʻllab-quvvatlanishi, tizimda imtiyozlar joriy etilishi zarur. Hozirgi kunda gazetalar obunachilarga oʻz vaqtida yetkazib berilmayotgan boʻlsada, pochta xizmati uchun katta mablagʻ talab etilmoqda. Bu esa obuna narxining oʻsishiga sabab boʻlyapti. Aslida pochta boʻlimlari obuna mavsumida gazetalar targʻiboti bilan jiddiy shugʻullanishi, obunachilar sonining oshishi hisobiga rentabellikni taʼminlashi lozim.

Mazkur muammo yechimida yana bir yoʻl shuki, gazetalarga davlat subsidiyalari ajratilsa, tahririyatlar rivojlangan davlatlardagi kabi gazetasini tarqatish uchun oʻz transport vositasiga ega boʻladi. Bu, avvalo, uzoq qishloq va shaharlarda gazeta hamda jurnallarning obunachilar qoʻliga oʻz vaqtida tezkorlik bilan yetkazib berishga xizmat qilgan boʻlardi.

Toʻrtinchidan, gazetalarning moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, jurnalistlarni ragʻbatlantirish masalalarida ham oʻzaro bogʻliq boʻlgan koʻplab muammolar mavjud. Masalan, qoʻshimcha qiymat soligʻining joriy etilishi tahririyatlarning moddiy ahvoliga jiddiy taʼsir qildi. Bu borada ommaviy axborot vositalari uchun imtiyozlar belgilansa, maqsadga muvofiq boʻlardi. Shuningdek, gazetalar chop etish salohiyatiga ega boʻlgan bosmaxonalar tarmogʻida raqobat muhitini yaratish lozim.

Matbuotning roli haqida soʻz yuritilar ekan, bu oʻrinda gap qandaydir targʻibot-tashviqot haqida emas, balki odamlarning dunyoqarashini shakllantirish, ularning ongida mustaqil fikr uygʻotish haqida bormoqda. Chunki hozirgi davrda, xalqaro maydonda turli siyosiy manfaatlar toʻqnashayotgan murakkab bir sharoitda faqat oʻz fikri, oʻz hayotiy pozitsiyasiga ega boʻlgan xalq va jamiyat yengilmas kuchga aylanib, kelajagini oʻz qoʻli va aql-zakovati bilan qurishga qodir boʻladi. Shu nuqtayi nazardan, milliy matbuot yurtdoshlarimizni davlat qurilishi, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohadagi islohotlar, mamlakatni demokratik jihatdan yangilash jarayonlaridan xabardor qilish bilan birga Oʻzbekiston manfaati har birimiz uchun birlamchi ekanini doimo anglatib turuvchi asosiy vositadir.

Oʻzbek matbuoti shonli tarixga ega. Soʻnggi bir yuz ellik yildan ortiqroq vaqt davomida mamlakatimiz hududida yuz bergan barcha muhim voqea va hodisalar gazetalar sahifalarida muhrlangan. Millatimiz ziyolilari xalqimizni aynan gazetalar orqali taraqqiyotga yetaklagan. Modomiki shunday boʻlgach, biz mana shunday kuchli axborot vositasini qadrlashimiz, uning yanada rivojlanishiga yoʻl ochib berishimiz kerak. Balki shunda yana yurtdoshlarimiz, kattayu kichik rahbarlarimiz har kunini gazeta oʻqishdan boshlaydigan, yoshlarimiz qoʻlida faqat gadjetlar emas, gazeta-jurnallar, kitoblar ham koʻtarib yuradigan bhlishar...

Davlatimiz rahbari tomonidan ilm-fan, maʼrifat va maʼnaviyatga katta eʼtibor qaratilib, uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida qatʼiy saʼy-harakatlar olib borilayotgan yangi Oʻzbekistonda bu orzularning ham amalga oshishi muqarrar.

Oʻtkir RAHMAT

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер