“Har bir dasturxonga xonbaliq yetkazib bermoqchimiz”

14:00 07 Aprel 2025 Jamiyat
75 0

Qudratilla Najmiddinov/“Xalq soʻzi”. Namangan tabiati baliq yetishtirish uchun juda mos. Ayniqsa, Norin tumani baliqchilikda katta tajriba toʻplagan. Goʻshtining mazali va toʻyimliligi jihatidan forel, xalq tili bilan aytganda, xonbaliq noyob baliqlar turiga kiradi. Uning parvarishi uchun oʻziga xos iqlim, uncha baland boʻlmagan haroratdagi suv va boshqa qator shart-sharoitlar kerak. Norin daryosining imkoniyatlari inobatga olinib, yaqinda ishlab chiqilgan rejaga muvofiq 84 ta tik quduqda davlat-xususiy sheriklik asosida intensiv usulda yiliga 8 ming 500 tonna goʻsht beradigan forel yetishtirish rejalashtirilgan. Birinchilar qatorida Xoʻjaqoʻrgʻoncha mahallasida xonbaliqni intensiv usulda yetishtirishga kirishildi.

— Forelni bekorga noyob baliqlar qatoriga qoʻshishmaydi, — deydi xoʻjaqoʻrgʻonchalik Nurillo Mahmudov. — Uning goʻshti quvvati yuqori boʻlgan foydali organik moddalar — fosfor, omega-3, omega-6 kabi yogʻ kislotalariga boy. Isteʼmol qilinganda xotira susayishi, qon-tomir va asab kasalliklarining oldini oladi. Talab yuqori, oʻz navbatida eksportga ham tortadigan baliqni hovlimda intensiv usulda parvarishlash orqali oilaviy biznesimni yoʻlga qoʻyishga qaror qildim. Har bir dasturxonga xonbaliq yetkazib bermoqchimiz.

Forelni parvarishlash usullarini obdon oʻrgangan tadbirkor ishni uyi tomiga 5 kVtli quyosh paneli oʻrnatishdan boshladi. Keyin tik qudugʻiga motor oʻrnatib, “bochka” usulida hovuz qurdi. Boshlanishiga tashlangan 1100 ta chavoq baliqchalarga aylanmoqda. Biznes rejaga koʻra, uch oyda har bir baliqning ogʻirligi bir kilogramman oʻtadi, toʻrt oyda 3,5 – 4,5 kilogrammgacha vazn oladi. Shu tariqa besh oyda 45 mln. soʻmlik xarajat sarflanib, 80-90 mln. soʻmdan koʻproq daromad olish koʻzda tutilgan. Sof foyda miqdori 40 million soʻmdan ortadi. Baliqning bu turi juda nozik. Unga maxsus ozuqa Eron, Turkiya, Polshadan import qilib olib kelinmoqda. N.Mahmudov endilikda yana qoʻshimcha ikkita hovuz qurishni rejalashtirib turibdi.

— Suvimizning mazkur noyob baliq parvarishiga mosligi bizga juda qoʻl keldi, — deydi Xoʻjaqoʻrgʻoncha MFY raisi Shohista Sultonova. — Ishni oldingilar qatorida boshlagan Nurillo Mahmudov, Saidgʻani Jalolovlardan oʻrnak olib, yana ellik nafar fuqaromiz hovlisida moʻjaz havza qurish va xonbaliq boqish harakatiga tushgan. Ularning biznes loyihasini viloyat tijorat banklari moliyaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlamoqda. Darvoqe, tumanda bundan tashqari bir nechta hovlida Afrika laqqasi parvarishini yoʻlga qoʻyish ham moʻljallangan.

Norindagi tajriba viloyatning boshqa hududlaridagi oilaviy tadbirkorlarga ham maʼqul tushdi. Uchqoʻrgʻon, Uychi va boshqa qator tumanlarda xonbaliq yetishtirish bilan shugʻullanish istagidagi fuqarolar soni koʻpayib bormoqda.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер