Haqiqat egiladi, bukiladi, ammo...

16:26 27 Yanvar 2025 Jamiyat
177 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Hech kimning taqdiri azaliga kambagʻallik qismati bitilmaydi. Binobarin sendan harakat mendan barokat, degan hikmatda ham har bir insonni oʻz hayotini goʻzallashtirish, turmushini farovon qilishga daʼvat mujassam. Albatta, bunda jamiyatning kambagʻallikka munosabati, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan fuqarolarni ijtimoiy-iqtisodiy tanglikdan olib chiqishga boʻlgan ragʻbati ham alohida oʻringa ega.

Shu jihatdan soʻnggi yillarda mamlakatimizda kambagʻallikni qisqartirish Yurtboshimiz tomonidan milliy taraqqiyotimizning ustuvor yoʻnalishlaridan biri sifatida tanlanib, turli ijtimoiy tadbirlari bilan bir qatorda jamiyatda oʻzi istasa-da farovon yashashini taʼminlay olmaydigan kishilarga koʻmaklashish zarurligi kechiktirib boʻlmas vazifa sifatida belgilandi. Zotan, jamiyatda kambagʻallik muammosi mavjud ekan, davlatning strategik maqsadlarga erishishi mushkulligicha qolaveradi. Boisi kambagʻallik mamlakatda byudjet taqchilligi, taʼlim va tibbiy xizmat sifati pastligi, jamiyatda boqimandalik kayfiyatining ortishi bilan asoratlidir.

Boshqa hududlarni bilmadi-ku Navoiy shahri va Karmana tumanida koʻpchilik kishilar kambagʻallikdan chiqishning yagona yoʻli “Qizilqumsement”, “NKMK”, “Navoiy azot” AJlari kabi yirik sanoat korxonalariga ishga joylashishda deb oʻylashadi. Toʻgʻri, iqtisodiy jihatdan barqaror ushbu ishlab chiqarish quvvatlarida ish haqi yuqori, kuchli ijtimoiy himoya yoʻlga qoʻyilgan. Biroq mazkur korxonalarda ham ish oʻrinlari chegaralangan. Boʻsh ish oʻrni boʻlsa ham kasb-hunarga ega, malakali mutaxassislarga ehtiyoj mavjud. Shunga ega boʻlmaganlarni oʻz oʻquv markazlarida oʻqitib, “qoʻlini toʻgʻrilaydi”.

Bugun hikoya qilmoqchi boʻlganimiz Navoiy shahrilik Sharofat Obidova (ism-sharifi oʻzgartirilgan) ham Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ga yozgan murojaatida farzandini mazkur korxonalardan biriga ishga joylashtirish uchun koʻp sarson boʻlganligi, biror natijaga erisha olmagach, oʻgʻli va kelini Rossiyaga ishga ketganligini bayon etadi. U oʻz murojaatida farzandlari Rossiyada “Yandeks” yetkazib berish xizmatida ishlab yurgan paytida qamalgani, oʻzining esa ishi yurishmay bugun ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgani, moddiy yordam soʻrab bergan arizasiga MFY tomonidan rad javob olganligini taʼkidlagan.

Mazkur arizani atroflicha oʻrganish maqsadida joriy yilning 14-yanvar kuni Respublika Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili Shuhrat Joʻrayev boshchiligida Navoiy shahri hokimi oʻrinbosari, xalq deputatlari viloyat va shahar Kengashi deputatlari, Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi rahbari hamda mahalla yettiligi vakillaridan iborat ishchi guruh tuzilib, Sharofat Obidovaning xonadonida boʻldik.

Navoiy shahridagi Hayot MFY “mahalla yettiligi”ning ijtimoiy xodimi Madina Mamatova ushbu xonadonda roʻyxatdan oʻtgan begona shaxs va uning nomida avtomashina borligi, oila aʼzolariga daromad taqsimoti belgilangan mezondan yuqoriligi sababli rad etilganini xizmat planshetidan koʻrsatdi.

Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, moddiy va ijtimoiy yordamlar koʻrsatilishida inson omili deyarli cheklangan boʻlib, Madina Mamatova astoydil istagan taqdirda ham yordam koʻrsatish yoki koʻrsatmasligining imkoniyati chegaralangan. Muammoni yuzaga chiqarib, gazak oldirgan omil esa shundaki, xonadonda roʻyxatdan oʻtgan avtomashinali shaxsning Sh. Obidova kenja farzandiga qishki kiyim uchun moddiy yordam olishiga monelik qilgan.

Tabiiyki, Sh. Obidova xonadonida roʻyxatdan oʻtgan shaxsni mutlaqo tanimasligini bildirib, oilasiga undan bir soʻm daromad kelmayotganligini bayon etdi.

Masala Respublika Oliy Majlisining Inson huquqlari boʻyicha vakili(ombudsman)ning Navoiy viloyatidagi mintaqaviy vakili hamda Navoiy shahar “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi nazoratida oʻrganilib, begona shaxs Sh. Obidovaning xonadoni roʻyxatidan chiqarildi. Oradan bir kun oʻtib, 15-yanvar kuni fuqaroning arizasi qayta kiritilganida “ijtimoiy xodim kuzatuvi va skoring natijalariga koʻra fuqaro birlamchi ehtiyojlarni qoplash uchun muhtoj, deb topildi”. Shu asosda Sh. Obidovaga “Saxovat va koʻmak” jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan “Kiyim-kechak va zaruriy tovarlar” uchun 1 million sakkiz yuz ming soʻm ajratish tavsiya etildi.

Mavzuga shu yerda nuqta qoʻysak. Biroq oddiygina shu muammo nega sansolarlik, fuqaroning tizimdan noroziligini keltirib chiqardi, degan savollar javobsiz qolib ketayotganligi sabab, oʻz mulohazalarimizni davom ettiramiz.

Gap shundaki, fuqaro murojaatiga “mahalla yettiligi”ning ijtimoiy xodimi yuzaki yondashib, rad javobning sabablarini murojaatchiga tushuntirmagan. Shunday boʻlganida murojaatchining oʻzi ham begona shaxsni xonadoni roʻyxatidan chiqarib, muammoni bartaraf etgan boʻlar, turli norozilik va eʼtirozlarga oʻrin qolmasdi.

Kezi kelganda taʼkidlash joiz, Sh. Obidova mazkur yordam bilan ogʻir ijtimoiy ahvoldan toʻliq chiqib keta olmaydi. Qolaversa, oʻzaro muloqotdan fuqaro nimadandir iymanib, asl muddaoni yuzaga chiqara olmayotganligi ham ayon boʻldi. Yaʼni xorijda qamoqqa tushib qolgan farzandlari janggohlarga jalb etilishi ehtimolidan xavotirda ekanligini bayon etib, ularni yurtimizga qaytarishda amaliy yordam soʻradi.

Mazkur masala maxsus idoralar vakolatida boʻlib, tabiiyki fuqaroga ushbu holat boʻyicha tushuntirish berildi. Biz asosiy mavzumiz kambagʻallik va ogʻir ijtimoiy ahvol hamda undan chiqish omillari xususida maqolamiz avvalidagi fikrlarimizga qaytsak.

Avvalboshdanoq taʼkidlash joiz, choʻkayotgan kishining oʻzi ham harakat qilmasa, qutqaruvchini ham suv ostiga tortib ketishi ehtimoldan xoli emas. Shunga “Baraka non Navoiy” MCHJ rahbari Shahnoza Karimovaning taqdiri misol sifatida keltirish mumkin.

— Oʻn yil avval men tadbirkorlikni boshlaganimda oilamiz bilan ijarada yashardik, — deydi Sh. Karimova. — Ikki nafar farzandim yosh, xoʻjayinim ham ishsiz edi. Tirikchilik uchun har kuni besh-olti kilogramm undan xamir qorib, non pishirar, kechga yaqin uyma-uy sotib, puliga yana un olardik

Shu tariqa ikki yil oʻtdi. Pulimiz biroz koʻpaygach, turli pishiriqlar, chuchvara tayyorlash, doʻkonlarga topshirishni yoʻlga qoʻydik. Biznesimiz esa kengayaverdi.

Bugun korxonamizda har kuni olti tonna undan 360 turdagi mahsulot tayyorlab bozorga chiqaramiz. Navbahor tumanining oʻzida 200 nafar ayolni ish bilan taʼminlaganman. Bugun Toshkentning oʻzida ikkita uyimiz, ikkita eng zamonaviy mashinamiz bor. Turmush tashvishlari bilan boʻlib oʻqiy olmay qoldim, deb oʻksinardim. Mana endi qirq yoshga kirib joriy yil qoʻlimga oliy maʼlumotlilik diplomini olaman.

Chindanam kambagʻallik va farovonlik orasi bir qadam. Oʻsha qadamni bosish uchun kishi oʻzida jurʼat va qanoat topishi kerak. Hayotning esa turli sinovlari borki, ularga taʼrif berarkan adib, “Baxtli oilalarning hammasi bir-biriga oʻxshaydi, baxtsiz oilalarning esa har biri oʻzicha baxtsizdir“, deya yozgan edi. Albatta, baxtlilarga qoʻshilish uchun harakat kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?