Hamma narsa topiladi, bu kunlar topilmaydi...
23-dekabr – keyingi avlodlar tomonidan “Ustoz” deb ulugʻlangan taniqli adib, mohir tarjimon Asqad Muxtor tavallud topgan kun. Sana munosabati bilan eʼtiboringizga bir turkum sheʼrlaridan havola etamiz.
BOLALIK
Ilk tong nuri kiprigingga qoʻnar,
Koʻkdan yuvib ketar qora uyquni.
Qayerdadir soʻnggi yulduz soʻnar,
Shabnamlarda qolar uchquni.
Sen olamni ilk bor koʻrayotgandek
Tugʻilish chogʻiga boʻlasan guvoh.
Hayot endigina kurtak otgandek,
U hali bir goʻdak, sof va begunoh.
Lekin birpasdan soʻng bularning bari
Xuddi bolalikday qoladi ortda.
Bolalikda koʻrgan tushlar singari
Xotiralargina qolar hayotda.
Unga kirib kelar tutun va gʻuluv,
Terlatar tashvishlar, terlatar quyosh.
Olam yana oʻsha chalkash va ulugʻ,
U yana qadimiy, unga million yosh…
Orzu olgʻa undar, xotira—ortga,
Bular bir-biriga, albat, zid narsa.
Lekin, oh, qaniydi har tong hayotda
Chindan bolalikka bizni qaytarsa!
Hoy-hoy, keling,—deya,—oʻsha kunlarim!—
Yaxshi-yu yomonin birga toʻplardim.
Mushtlashgan, doʻstlashgan joʻralarning barin,
Tanish qushlarimni yoʻqlardim.
Changli soʻqmoqlarim tanib olar edim,
Chashmalar, oqshomlar, lolazorlarim,
Tanib olar edim gulingizning hidin,
Qirqkokil sinfdosh dilozorlarim.
Koʻrardim yoshgina onajonimning
Yuzlari ajinsiz, dilbar chogʻini.
Gʻamli, hayajonli har bir onimning
Yangilab dildagi yogʻdu, dogʻini.
U bilan chiqardim—dalalar gilam,—
Yana uzoqlarga bir koʻz tutardik.
Hamon jindakkina ilinj qoʻri bilan
Dadamizni jangdan kutardik…
Bolalik… umrning sehrli dami;
Kim biladi deysiz bu holning sirin:
Achchiq-boʻlsa hamki lablarda taʼmi,
Qalbda xotirasi shu qadar shirin!
ONANI KOYIMAYDILAR
Oramizda uzoq-uzoq yoʻllar;
Senga intilaman bogʻlar gullasa,
Ammo yoʻllar… yoʻllar mayli edi,
Oradagi yillar boʻlmasa.
Seni oʻylaganda oʻsha yillar goʻyo
Sekinlatar qalbim zarbini.
Ular meni behudaga chorlar,
Yaradek ogʻriydi har biri.
Lekin men ularni koyimam, chunki
Taqdir boʻlib qolgan zamona.
Orqamdan kuzatar meni, onamdek,
U meni tuqqandir, chindan ham Ona.
ADOLAT
(Yangi yilda chollar gurungi)
— Mana, umrimizdan yana bir yil ketdi.
Bandasi bilmay ham qoladi.
— Shu kunga yetkizdi, shukr qilaylik,
Egam oʻzi bergan, oʻzi oladi.
— Olib, nima, yeb ketarmidi?
Fahming yetmadimi yo shunga:
U umringdan olgan oʻsha bir yilni
Toʻkmay-sochmay qoʻshar yoshingga.
QALBIM NOZIKLASHDI
Yangi yilning yaqin oppoq tuni
Bolalar orziqib tunni kutadi.
Oʻtgan yili uchgan nafis qor uchquni
Yangi yil sarhadin buzib oʻtadi.
Bolalar hovliqib yangi yil kutadi,
Menga esa yil kuzatish — gʻam:
Qilt etib uzilgan bitta yaproq ham
Naq qalbimga tegib oʻtadi…
Hayot shunday moʻjizaki,
Qancha jabrin tortsang oz.
Oʻlim esa uning uchun
Arzimas bojdir, xolos.
TUN
Yuragimga yaqin odamlar…
Zulfiya
Oyni tishlab, chiqib kelar tun,
Har yulduz qalqqanda koʻksi teshilar…
Yaxshi tushlar koʻring, yaqin-yiroqdagi
Yuragimga yaqin kishilar.
Qandaydir oq, yumshoq, mehmondoʻst qish,
Barq-u yostiqlar-la bezaydi toʻrin.
Qaydadir yam-yashil bogʻlar… hammangiz,
Yaxshi tushlar koʻring.
Oq yoʻl sizga, tungi yoʻlovchilar,
Yangi manzillarda kutsin oftob.
Yaxshi tushlar koʻrgin horgʻin dunyo,
Ezgu orzularda oromingni top.
Xayrli tun, uygʻoq inson ruhi,
Muhabbat saflasin seni otashday.
Uchaver, jonajon yashil planetamiz,
Cheksizlik qaʼrida adashmay.
ESHIKLAR YOPILADI
Metro. Marmar koʻzgusida qandillar lopillaydi,
Imillamang. Hushyor boʻling, eshiklar yopiladi.
Hamma narsa topiladi,
Bu kunlar topilmaydi.
Shoshing, axir, u — betoqat favvoralar yonida,
Bir arazlab ketib qolsa, keyin baxt topilmaydi.
Toʻgʻri, yal-yal goʻzallar koʻp bu yoshlik zamonida,
Ammo yakka-yagonasi hamma vaqt topilmaydi.
Baʼzan poyezd umidining ketib qolishi xunuk.
Haa, taassuf, yoshlikda ham shundaylar topiladi.
Qarabsizki, harorat yoʻq, orzular yoʻq, his soʻnik,
Eshiklar yopiladi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring